x

Turkiyadan uchib kelgan  samolyotda  ogʻir  bemor  bor.  Shu  sababdan  aeroportdagilar besaramjon.  Xizmatchilar  har  qayerda  yugurgilab  yurishibdi.  Styuardessalar  juda  bezovta.  Shu  toʻpolonda  aeroportning  uchoqlar  toʻxtash  joyida  bir  qizcha  paydo  boʻldi. U  samalyotlardan  biriga  chiqib, kabinaga  kirdi.  Shturval  oldida  barzangi  bir  erkak  oʻtirardi.
—  Kechirasiz, amaki, bu  samolyot  jannatga  uchadimi?  —  soʻradi  qizcha.  Uchuvchi  javob  berish  oʻrniga  mikrofonli  quloqchinni  taqib :  “Samolyotda  6-7  yoshli  qizcha”, — deb  xabar  berdi.  Qizaloq  uchuvchining  koʻzlariga  qovogʻini  uygancha  qarab  turdi, soʻng: “Men  sakkiz  yoshdaman”, — dedi  jahl  bilan.  Zum  oʻtmay  harbiy  yigit  qizchani  koʻtargancha  samolyotdan  olib  chiqdi.  U  harbiyning  qoʻllaridan  chiqib  ketishga  urinar, tipirchilar, hadeb “Men  oyimni  oldiga  borishim  kerak!”  deb qichqirardi.  Biroz  yurishgach  qizchani  styuardessaga topshirdi va u qizchaning qoʻlidan  mahkam  ushlab  oldi.  Endi  qizcha  bir  oʻgʻiz  ham  soʻz  aytmay, jim  borardi.  
— Oying  qayerda? — soʻradi. 
— Jannatda, — javob  qildi. — Jannat  esa  juda  balandda.  Buni  muallim  oyim  aytgan.  
— …Jannatda  yaxshi  oyilar  yashaydi. 
— Nega  unda  yaxshi  oyilar  bolalarini  tashlab  ketishdi?  
— ... 
— Xudo  yaxshi, — dedi  qizcha. —  Lekin   nega  u  bolalarning  yaxshi  oyisini  olib  qoʻyadi,  bolalar  esa  ularni  sogʻinib  yigʻlashadi.  Nega? 
   Styuardessa  bu  savollar  oldida  ojizdek  qizchaning  koʻzlariga  termuldi.
— Siz koʻp  uchasizmi? — yana  soʻradi. 
 Ayol javob  oʻrnida  bosh  irgʻab  qoʻydi.
— Jannatgachi,  jannatga  uchganmisiz?
— Yoʻq… Ammo qachondir  uchishni  hohlardim, — dedi.
   Qizcha  toʻxtab  qoldi. Qoʻllarini uning  qoʻllaridan  boʻshatdiyu, “Men hozir  uchishni  hohlayman”,  deya  oʻzini  olomon  ichiga  otdi.  Ayol chaqqonlik  qilib, uning  bilaklaridan  mahkam  tutib  qoldi.
  Mehribonlik  uyi  darvozasi  oldida  politsiya  mashinasi  turibdi. Qizcha  ichkariga  kirishi  bilan  tarbiyachisi  yugurib  kelib, uni  bagʻriga  bosdi. Qayerda eding, deb  soʻroqladi. Bola  esa  jim.  Ularning  atrofiga  ayvonchada  oʻtirgan  bolalar  ham  kelib   toʻplandi.
— Muallim  oyi, men  jannatga  uchadigan  samalyotni  topolmadim… —  dedi  qizcha  koʻzlaridan  duv-duv  yosh  oqizib.  Tarbiyachi  yana uning  yuzlaridan  oʻpib, asta shivirladi: “Qaniydi  shunday  samolyot  boʻlganida, hammanggizga  oʻzim  chipta  olib  berardim…”


Jalol MIRZOZODA

To Top ↑
To Top ↑