– Ertaga dam olish kuni, – o‘qituvchi bolalarga qarata dona-dona so‘zladi, – albatta ota-onangiz bilan biror madaniy maskanga borib, taassurotlaringizni insho tarzida yozib keling. Dushanba kuni tekshirib olaman!
Qo‘ng‘iroq chalingach 4 «B” sinfi o‘quvchilari papkalarini yelkalariga osdilarda, uylariga yo‘l oldilar. Anvar to liftdan ko‘tarilib uy qo‘ng‘irog‘ini chalguncha ham ertaga kim bilan qayerga borish mumkinligi haqda o‘y surardi.
– Ertaga aylangani chiqishimiz kerak ekan, – salomni ham ununib eshikni ochgan onasiga termuldi bola, – ustozimiz aytdi, agar insho yozib kelmasak ikki qo‘yarkan.
– Yaxshi, yaxshi, – oshxonaga chopdi Malohat, – tez kiyimlaringni almashtir, ovqatlanamiz.
Ishdan xorib kelgan Azizbekning bo‘yniga osilgan Anvar unga ham onasiga aytganlarini takrorladi. Buni eshitgan ota boshini qashlab, Malohatga imladi:
– Ana, oying bilan aylanib kelasizlar.
– Yana menmi? O‘tgan safar ham bormagandingiz...
– O‘zi bir kun dam olsam, juda charchaganman.
– Mening esa mazam yo‘q. Isitmam ham chiqdi, shamolladim, shekilli, – ayol boshiga tang‘ib olgan ro‘molga imo qildi, – boshim tars yorilay deyapti...
Azizbek ikkkisiga mo‘ltirab turgan o‘g‘liga qaradi:
– Xo‘p, mana, yonimizdagi boqqa chiqamiz birrovga, bo‘ptimi?
– Doim o‘sha yerga chiqamiz-ku, dada.... muzeyga boraylik.
– Hay mayli, faqat odobli bola bo‘lib borib kelasan, kelishdikmi?
– Xo‘p bo‘ladi! – suyunib ketgan Anvar darhol xonasiga chopdi: ertangi kun uchun kerakli buyum va kiyimlarini hozirladi.
Tong otishi bilan o‘rnidan turib sayohatga hozir bo‘lgan bolakay otasining uyg‘onishini ikki soatcha kutdi. So‘ng nonushta qilib yo‘lga tushishdi...
Tushlikdan so‘ng ularni kutib olgan Malohat o‘g‘lidan kun taassurotlarini so‘radi.
– Hoziroq insho yozishga kirishaman, ancha narsalarni o‘rgandim... – javob berdi o‘g‘li.
– Yasha! Boraqol xonangga...
Ertasiga birinchi soatda barcha daftarlarni yig‘ib olgan o‘qituvchi darsni boshladi. Tanaffus vaqtida insholarni birma bir tekshirar ekan, Anvarnikini o‘qib bir zum turib qoldi. Biroz muddat o‘yga cho‘mdi. So‘ng Anvarning oyisiga qo‘ng‘iroq qilib, bo‘sh vaqtida kelib ketishini so‘radi. Malohat esa o‘g‘li maktabda birovni urib-netib qo‘yganmikin, degan havotirda o‘g‘lini kutmay darhol yo‘lga tushdi.
– Anvar aʼlochi bola, – gap boshladi o‘qituvchi Malohatni bo‘sh xonaga boshlab, – ayniqsa, o‘qish darsini yaxshi ko‘radi, ajoyib insholar yozadi... Kecha ham bir insho yozgan ekan.
– Ha, dadasi muzeyga olib bordi! – ustozi o‘g‘lini maqtash uchun chaqirtirganini payqagan Malohat faxrlandi, – keliboq inshosini yozdi.
– O‘zingiz o‘qib ko‘rdingizmi?
– Ulgurmapmanda, – o‘ng‘aysizlandi ayol.
– Unday bo‘lsa, albatta o‘qing. Bolalar biz kattalar ko‘ra olmagan ayrim haqiqatlarni teran ko‘radi, o‘rganadi, o‘zlashtiradi... Kerak bo‘lsa, biz kattalarga saboq berishadi.
O‘ziga tutqazilgan daftarni qo‘liga olgan Malohat hayron bo‘lgancha uni ochdi.
“Muzeydagi taassurotlarim
Kecha men dadam bilan muzeyga bordim. Kichik sayohatimiz mobaynida men ko‘p narsalarni o‘rgandim. Masalan, aldashni. Oyim dugonalari bilan qo‘ng‘iroqlashib dam olish kuni uchrashishga kelishib olgandi. Dadam kelishi bilan esa boshiga ro‘mol o‘rab «kasalman”, deb aldadi. Dadam bo‘lsa meni muzeyga olib boraman, deb vaʼda bergandi. Ha, biz muzeyning yonida turib uni tashqaridan ancha tomosha qildik. Keyin esa kinoga tushdik. Chiptachi xotin yoshim nechadaligini so‘ragandi, dadam 9 deb aytdi. Aslida 10 yoshmanku, deb aytmoqchi edim, dadam «jim” ishorasini qildi. Keyin ko‘zim ro‘paramda ilib qo‘yilgan yozuvga tushdi. U yerda «10 yoshdan katta bolalarga bilet olinishi shart”, deb katta qilib yozib qo‘yilgan ekan. Biz bitta chipta oldik. Urush-urush kino ekan, dadam miriqib tomosha qildi. Men esa yarmida uxlab qolibman. Dadam uyg‘otib, muzqaymoq olib berdi va oyimga «muzeyga bordik”, deb aytishimni so‘radi. Men ham xo‘p, dedim va oyimni aldadim. Avtobusga chiqqach men dadamga o‘g‘il emas, jiyan ekanimni bilib oldim. Biz chiroyli xolaning yoniga o‘tirdik. Xola menga konfet berdi. Dadam esa “jiyanim juda aqlli-da”, deb meni maqtadi. Uyda bizni kutib olgan oyim tuzalib qolgan ekan. Oyim dadamdan «maktabda yig‘ishayapti ekan”, deb pul oldi. Ammo uni menga bermadi. Men esa xonamga kirib kiyimlarimni almashtirdim va dars tayyorlashga kirishdim. Mening bugungi kundan taaasurotlarim shular edi”.
Inshoni o‘qib bo‘lgan Malohat ko‘zlarini yashirdi. Buni sezgan o‘qituvchi ham uni xoli qoldirdi...
Nodirabegim Ibrohimova