x

Ismim Zafar, yoshim 27 da. Yozuvchiman. Asarlarim juda ko`p tillarga tarjima qilingan.Juda ko`p mamlakatlarda bo`lganman. Moliyaviy ahvolim ham yaxshi,faqat…  Nima desam ekan? Faqat kulmang! Yopiq qolgan eshiklardan qo`rqaman. Bir daqiqadan ortiq yopiq joyda qolsam,o`zimni qo`lga ololmayman. Avvalida yonimda kimdir bo`lsa, qo`rqmasdim. Bora-bora yonimda odam bo`lsa ham meni vahima bosadigan bo`la boshladi.

— Fobiya sizda qachon boshlangan? Sababini ayta olasizmi?-dedi psixolog.

— O`sha vaqtda 12 yoshlarda edim. Boshqa bolalar kabi o`yin-kulguni yoqtirardim, ammo ko`p vaqtimni telefon o`ynab, televizor ko`rib o`tkazardim. Akam do`stlari bilan qo`rqinchli kinolar ko`rardi, qo`rqinchli o`yinlar o`ynardi. Mening esa bu kino va o`yinlarga kundan kun qiziqishim ortardi. To`g`risi, bunday ahvolga tushaman deb o`ylamagandim. Hammasiga o`zim sababchiman. O`sha kuni ... Yo`q, yo`o`q!!!

— To`xtang, bu shunchaki fobiya. Hayajonlanmang, hammasi ong ostida sodir bo`ladi. Hech qanaqa maxluqlar ham, qo`rqinchli narsalar ham yo`q. Chuqur nafas olib, davom eting.

— O`sha payti film yozilgan disklar bo`lar edi, hozir ham bordir. Shunday to`g`ri kelganini qo`yib, ko`raverardim. Hammasi qiziqishdan boshlandi va odatga aylandi. Filmlarni ko`rayotgan vaqtda biroz qo`rqardim, ba'zi sahnalarida ko`zimni ham yumib olardim qo`rquvdan. Maxluqlar, sharpalar, arvohlar, odamxo`rlar... Bularning  oxiri yo`q edi. Boshida kechqurunlari tashqariga chiqishdan qo`rqa boshladim.  Buni uydagilar bolalardagi odatiy hol deya baholashdi. Men ham bu hammada uchraydi, o`tib ketadi, deb o`yladim. Afsuski, o`tib ketmadi. So`ng balandroq ovoz, shovqin meni salga cho`chib tushishga majbur eta boshladi. Shunda ham kunora qo`rqinchli o`yinlar o`ynab, filmlar ko`rishni davom etaverdim. Tushlarim ham vahimali tus olib, bosinqirash bilan tugardi. Bu holatimni onam sezib, “eskilik” dan deb o`yladi va o`qitib yubordi, ammo hech qanaqa “eskilik” dan emas, hamma-hammasi men ko`rgan qo`rqinchli filmlar-u, o`yinlar sabab sodir bo`layotganini anglashmasdi. Men esa sababini sezib turardim. O`zimga-o`zim ularni qayta ko`rmaslikka so`z berdim.

— Lekin kech bo`lgan edi, to`g`rimi?! — dedi psixolog.

— Ha, ancha kech. Hatto soyamdan ham qo`rqadigan odat chiqardim. Bu filmlarni uydagilar ishga ketganda maktabdan qaytib, uyda yolg`iz qolib ko`rardim. Ba'zida atay maktabdan erta qaytardim. Biroq endi, o`z xonamda ham yolg`iz qola olmaydigan darajaga etgandim. Ortimdan kimdir ta'qib etayotgandek tuyulardi. Qulog`im ostida g`alati ovozlar paydo bo`la boshladi. Maktabdan qaytganimda uyda hech kim bo`lmasa, uyga kirmay o`tirardim. Uydagilarga esa hech narsani ayta olmadim. Ayniqsa, akamga. Chunki u menga bu filmlarni ko`rishni qattiq taqiqlagandi. Agar ko`rganimni bilsa, adabimni berishi aniq edi. Lekin bir tomondan,aytishim kerakligini his qilardim. Negaki, men o`z qobig`imdan chiqib ketayotgandek edim go`yo.

O`shanda qish fasli edi. Akam tayyorlov kursiga, ayam bog`chaga (bog`chada tarbiyachi bo`lib ishlardi), dadam esa o`sha kunlari xizmat safariga ketgandi. Men maktabdan ertaroq qaytdim. Uyga kirishga yuragim dov bermay yarim soatcha ko`chada kutib turdim. Sovuq esa tanamni zirqiratib, qo`llarimni kalitni olib eshikni ochishga undayverardi. Axiyri sovuqqa chiday olmay eshikni ochdim. Chiroqlar yoniqligi sababli qo`rquvim biroz bosildi. Kiyimlarimni almashtirish uchun xonamga kirdim va to`satdan oynaga ko`zim tushdi. Oynada esa qop-qora maxluq menga qarab turardi. Baqirgancha oshxonaga yugurdim. Aqlan hech qanday maxluqlar yo`qligini, hammasi qo`rqinchli filmlar sababli sodir bo`layotganini idrok etardim, biroq ongimni boshqara olmayotgandim. Oshxonada biroz nafas rostladim va o`zimga-o`zim “hech qanday maxluq yo`q, hammasi xayolimda bo`lyapti” deya qayta-qayta takrorlardim. Shu payt birdan oshxonaning eshigi ochilib-yopilgandek bo`ldi. Peshonamdan sovuq ter chiqib, turgan joyimda qotib qoldim. O`sha maxluq yana paydo bo`ldi.

— Ko`rinishi qanaqa edi?

— So`nggi bora ko`rgan qo`rqinchli filmimdagi odamxo`r, qop-qora, jundor, xuddi bo`riga o`xshash,tillari uzun ulkan maxluq edi. U men tomon yaqinlashib kelardi. Eng qizig`i , “faqat ko`zimga ko`rinyapti, aslida hech narsa yo`q” deya so`zlaganimda u g`oyib bo`lib, yana maxluq haqida o`ylasam, u paydo bo`laverardi. Dahshatlisi esa, uni o`zim paydo qilayotgandim. U oshxona eshigi tomondan kelayotgani sababli qochib ketolmasdim. Undanam yomoni eshik yopiq edi.Shunda ham kuchimni jamlab, eshikni ochmoqchi bo`ldim, jur'atim etmadi. Baqirib “Oyi, oyi” deb yig`lay boshladim. Qochishim kerak edi, ammo qayoqqa? Oshxona derazasi tomon yura boshladim. Baxtga qarshi uyimiz oltinchi qavatda… Menda ikki yo`l bor: maxluqning qoziq tishlari orasida parchalanish, yo derazadan pastga sakrash. Ammo ikkalasi ham to`g`ri yo`l emas. Qo`rquvdan qanday qilib deraza raxiga chiqib ketganimni bilmayman. Maxluq yana ham vajohat bilan menga yaqinlashardi.  Pastga qarab boshim aylandi va shu lahzada men nimanidir tushunib etdim: “bu maxluqni men o`zim paydo qilmadimmi? Demak, yo`q qilish ham o`z qo`limda!” Unga qaradim va qat'iy ovozda: “Ket! Mening uyimdan, miyamdan ket! Sen yo`qsan, men esa sendan qo`rqmayman!!!” –dedim-u, ko`zlarimni bir muddat yumdim va sekin-asta ochdim. Heech narsa yo`q edi. Maxluq ham, vahimali ovozlar ham yo`qolgandi, faqat ko`chadan  mashinalarning ovozi va muzlatkichimizning g`o`ng`illagan ovozi  eshitilardi. Eshik esa ochiq edi…

Derazadan pastga tushdim va o`ksinib-o`ksinib yig`ladim.  Uydagilarni hech narsa bo`lmagandek kutib oldim. Hayotim iziga tushib ketdi, biroq menga fobiya deb atalmish ixtiyoriy qo`rquv hamroh bo`lib qoldi. Yopiq eshiklarni ko`rganimda hammasi ko`z oldimdan o`tib, go`yoki qayta boshlanayotgandek bo`laveradi.. O`zimni qo`lga olib, o`zimga-o`zim “bu fobiya” deyman va yana hammasi o`z holiga qaytadi.

— Sizga mening hech qanday yordamim kerak emas, aslida. Nega mening yonimga keldingiz?

— Shunchaki, bu voqeani kimgadir so`zlab engillashmoqchi edim. Birinchisi va oxirgisi bo`ldingiz! Ha, yana bir gap: o`sha kuni ongimni qo`lga ololmaganimda, balki hech qachon bu voqea haqida hech kim bilmasligi mumkin edi. Ammo bolalar bilishi kerak, to`g`rimi?

Charos RAHIMQULOVA

 

To Top ↑
To Top ↑