x

Bola huquqlari to`g`risidagi Konventsiyada bola tarbiyasi va rivojlanishi uchun ota va ona ular birga yoki alohida yashashi yoki ular hozirda yoki o`tmishda qonuniy nikohdan o`tgan yoki o`tmaganligidan qat'i nazar, birgalikda javobgarlikni tan oladi. Ota-ona ajrashganda yoki alohida yashashni boshlaganida, BMTning Bola huquqlari bo`yicha qo`mitasi bolaning kim bilan yashashi haqidagi nizolarda ota-ona o`rtasida javobgarlikning teng taqsimlanishi faqat va faqat bola manfaatlariga xizmat qilishiga urg`u berib o`tgan.

Shuningdek, bolaning doimiy aloqani saqlab qolish huquqi nafaqat uning ota-onasi, balki, agarda bu bolaning manfaatlariga zid bo`lmasa, yaqin qarindoshlari (aka-uka va opa-singillari, buvi-bobolari, amma-xolalari va tog`a-amakilari, do`stlari va bola yaqin shaxsiy munosabatda bo`lgan boshqa shaxslar)ga nisbatan ham tatbiq etilishi belgilangan.

O`zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 75-moddasiga ko`ra, ota-onalik huquqi bolalar manfaatlariga zid tarzda amalga oshirilishi mumkin emas. Boisi bolalar manfaatlarini ta'minlash ota-ona g`amxo`rligining asosini tashkil qilishi lozim. Ota-ona alohida yashaganda bolalarning qayerda yashashi ota-onaning kelishuviga binoan belgilanadi. Ota-ona o`rtasida kelishuv bo`lmasa, nizo sud tomonidan bolalar manfaatlaridan kelib chiqib, ularning fikrini hisobga olgan holda hal etiladi.

Bunda sud, bolaning ota-onadan, aka-uka, opa-singillaridan qaysi biriga bog`lanib qolganligini, bolaning yoshini, ota-onasining axloqiy va boshqa shaxsiy fazilatlarini, ota-onaning har biri bilan bola o`rtasidagi munosabatlarni, bolani tarbiyalash va uning kamoloti uchun shart-sharoitlar (ota-onasining mashg`ulot turi, ish tartibi, moddiy hamda oilaviy ahvoli va boshqalar) yaratish imkoniyatini hisobga oladi.

 

To Top ↑
To Top ↑