Biz ta'lim oladigan manzil yaqinida mehribonlik uyi bor. Har gal u erdan o`tganimda tushunarsiz xayollar bilan bolalarga qarab o`taman. Ularning ko`zlarida quvonchni ko`rishni xohlayman. Bir kuni tasodifan u erda yashovchi bolalardan biri bilan suhbatlashib qoldim. Unga bir qator savollar berganimda javob berish o`rniga faqat bir narsani so`rardi: “Oyim qachon keladi?” Bu savolga na javob berib bo`ladi, na uni chalg`itib bo`ladi.
Mehribonlik uyida yashovchi bolalar har gal “Kel bolam, bag`rimga kelgin!”-degan gapini eshitishni kutib termulayotgandek tuyulishadi. Ular ham albatta oila davrasida mehr ko`rishni istashadi. Ho`sh, ularni bugun o`z oilasiga a'zo, farzand qilish istagidagilar qanday hujjatlarga ega bo`lishlari kerak bo`ladi?
Savollarimizga Izboskan tuman adliya bo`limi bosh maslahatchisi Ahadjon G`ulomjonovdan javob oldik.
Farzandlikka olish va uning huquqiy asoslari qanday?
– Farzandlikka olish tartibi O`zbekiston Respublikasi Oila kodeksida belgilab qo`yilgan. 2013 yil 30 aprelda O`zbekiston Respublikasining mazkur kodeksining “Farzandlikka olish” deb nomlangan 20-bobiga qo`shimcha va o`zgartishlar kiritildi. Unga ko`ra, farzandlikka olishga faqat voyaga etmagan bolalarga nisbatan va faqat ularning manfaatlarini ko`zlab yo`l qo`yiladi. Farzandlikka olish bolani farzandlikka olishni istagan shaxslarning (shaxsning) arizasiga ko`ra, vasiylik, homiylik organlarining farzandlikka olishning asosliligi va farzandlikka olinayotgan bola manfaatlariga to`g`ri kelishi haqidagi xulosasi hisobga olingan holda sud tomonidan amalga oshiriladi. Voyaga etgan erkak yoki ayol fuqarolar farzandlikka oluvchilar bo`lishi mumkinligi, ota-onalik huquqidan mahrum qilingan yoki ota-onalik huquqi cheklanmaganlar, qonun bilan belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganlar, asab kasalliklari yoki narkologiya muassasalarida ro`yxatda turuvchilar, qasddan sodir qilgan jinoyatlari uchun ilgari hukm qilinganlar bundan mustasno.
2016 yil 23 sentyabrdagi “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonunga asosan Fuqarolik protsessual kodeksining 2853-moddasiga o`zgartirishlar kiritildi. Unga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining boshqa davlat fuqarosi bo`lgan bolani farzandlikka olishda respublika vakolatli organining roziligi, qonuniy vakil va bola qaysi davlat fuqarosi bo`lsa, o`sha davlat vakolatli organining roziligi, tug`ilganlik to`g`risidagi dalolatnomadan ko`chirma, tibbiy xulosa talab etiladi.
Agar bola o`n yoshga to`lgan bo`lsa, farzandlikka olish uchun uning roziligi talab qilinadi. Oila kodeksining 156-moddasida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
Sudning farzandlikka olish to`g`risidagi hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab o`n kun ichida fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlari farzandlikka olinayotganning tug`ilishi qayd etilgan daftarga zarur o`zgartishlar kiritishi lozim. Farzandlikka olishni rasmiylashtirish uchun FHDYo organiga sudning hal qiluv qarori, farzandlikka oluvchining tug`ilganlik haqidagi guvohnomasi, shuningdek, farzandlikka oluvchi(lar)ning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari taqdim etiladi.Farzandlikka olishni sir saqlash qonun bilan himoya qilinadi.
Qanday bolalarni asrab olish mumkin?
– Vazirlar Mahkamasining “O`zbekiston Respublikasining Oila kodeksini amalga oshirish uchun zarur bo`lgan me'yoriy hujjatlarni tasdiqlash to`g`risida”gi qarori (1999 yil 12 aprel') bilan tasdiqlangan “Voyaga etmagan bolalarni farzandlikka va bolalarni oilaga tarbiyaga olish (patronat) to`g`risida”gi nizomga muvofiq quyidagilar farzandlikka olinishi lozim bo`lgan bolalar sifatida hisobga olinadi:
– ota-onasi vafot etgan;
– ota-onasi ota-onalik huquqidan mahrum etilgan;
– ota-onasi sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan;
– ota-onasi bolalarni tarbiyalash yoki ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan bo`yin tovlagan;
– ota-onasi bir yildan ortiq muddat davomida bolalar muassasalari yoki tibbiy muassasalardagi bolasidan uzrli sabablarsiz xabar olmagan;
– ota-onasi tarbiyalash, davolash muassasalaridan, aholini ijtimoiy himoyalash muassasasidan va boshqa muassasalardan bolasini olishdan bosh tortgan;
– ota-onasi bedarak yo`qolgan yoki vafot etgan deb e'lon qilingan bolalar.
Bola asrab olish qanday amalga oshiriladi?
Birinchi navbatda, farzandlikka olishni xohlovchi shaxs yashash joyidagi vasiylik va homiylik organiga shu masalada ariza bilan murojaat qiladi. Ular arizaga ilova tarzida quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak bo`ladi:
- nikoh to`g`risidagi guvohnomaning nusxasi (agar nikohda bo`lsa);
- oila a'zolari ko`rsatilgan holda yashash joyidan ma'lumotnoma;
- ish joyidan ish haqi ko`rsatilgan ma'lumotnoma;
- ish joyidan yoki yashash joyidan tavsifnoma;
- farzandlikka olishni xohlovchi shaxsning sog`lig`i to`g`risida tibbiy maslahat komissiyasi xulosasi, psixiatriya va narkologiya muassasalari, teri-tanosil kasalliklari dispanseri ma'lumotnomalari;
- sanitariya qoidalari va normalariga muvofiq mulk huquqidagi, ijara shartlaridagi yoki boshqa asoslardagi uy-joy mavjudligini tasdiqlaydigan hujjat.
Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar 30 ish kuni davomida o`rganib chiqiladi va yakuniy xulosa qaror qabul qilingan kundan boshlab besh kun ichida ariza beruvchiga etkaziladi. Agar murojaat rad etilsa, ariza topshirish davomida taqdim etilgan hujjatlar qaytarib beriladi. Ariza beruvchi chiqarilgan qaror ustidan shikoyat qilish huquqiga ega. Tuman, shahar hokimining farzandlikka olish haqidagi qarori chiqarilgunga qadar farzandlikka oluvchilar o`z arizalarini qaytarib olishga haqli.
Farzandlikka olish qanday rasmiylashtiriladi?
Farzandlikka olingach, bolaga yangi tug`ilganlik haqida guvohnoma taqdim etiladi. Unda bolaning ota-onasi sifatida farzandlikka oluvchi qayd etiladi. Bolaning ismini, sharifini, agar farq bir yildan ortiqni tashkil qilmasa, tug`ilgan vaqtini ham o`zgartirish mumkin. Bola o`n yoshdan oshmagan bo`lsa, tug`ilgan eri ham o`zgartirilishiga ruxsat beriladi. Bola asrab oluvchi va bola o`rtasidagi yosh 15 yoshdan kam bo`lmasligi kerak. Bola o`n yoshdan katta bo`lsa, farzandlikka olishda uning ham roziligi olinadi. Farzandlikka olish jarayonida farzandlikka olinayotgan bola ota-onasining ham roziligi talab etiladi. Quyidagi holatlar bundan mustasno:
- ota-onaning kimligi noma'lum bo`lsa;
- ota-ona ota-onalik huquqidan mahrum qilingan bo`lsa;
- ota-ona muomalaga layoqatsiz, bedarak yo`qolgan deb topilgan yoki vafot etgan deb e'lon qilingan bo`lsa;
- ota-ona bir yildan ortiq muddat davomida bolalar yoki davolash muassasalaridagi bolasidan uzrli sabablarsiz xabar olmagan bo`lsa.
Farzandlikka olingan shaxs o`z ota-onasi va qarindoshlari bilan bog`liq mulkiy huquqlarini yo`qotadi. Masalan, asrab olingan bolaning ota-onasidan qolgan meros ortiq unga daxldor bo`lmaydi.
Farzandlikka olish sir tutilishi ta'minlanadi.
Bola qanday tanlanadi?
Arizasi ijobiy javob olgan fuqaroga u farzandga olishi mumkin bo`lgan bola to`g`risidagi ma'lumotlar taqdim etiladi va uni ko`rish uchun yo`llanma beriladi. Farzandlikka oluvchi bolani tanlay olmasa, u boshqa xalq ta'limi muassasalari faoliyatini metodik ta'minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo`limiga yoki Halq ta'limi vazirligiga murojaat etishi mumkin.
Farzandlikkaolinuvchihaqidaquyidagihujjatlarnitaqdimetadi:
- tug`ilganlik haqida guvohnoma;
- bola er-xotindan biri tomonidan farzandlikka olinayotgan bo`lsa, xotin yoki erning yozma roziligi (agar er-xotin oilaviy munosabatni tugatgan, bir yildan oshiq birgalikda yashamayotgan va er yoki xotinning turar joyi noma'lum bo`lsa, narigi tomonning yozma roziligi talab etilmaydi);
- farzandlikka olinuvchi ota-onasining notarial ravishda tasdiqlangan roziligi;
- ota-onasining vafot etgani haqida ma'lumotnoma yoki ota-onalik huquqidan mahrum etilgani to`g`risida, ota-onalar, muomalaga layoqatsiz yoki layoqati cheklangan, bedarak yo`qolgan yoki o`lgan deb topilgani to`g`risidagi sud qarori;
- ota-onaning bolani tarbiyasi va ta'minotidan voz kechgani to`g`risidagi arizasi, ota-onaga qidiruv e'lon qilingani haqidagi hujjatlar, ichki ishlar, tarbiyalash, davolash va boshqa muassasalarning bola tashlab ketilgani haqidagi dalolatnomasi va boshqa hujjatlar;
- davolash muassasasining bolaning jismoniy va ruhiy rivojlanishi to`g`risidagi xulosasi.
Shaxnoza Halikova suhbatlashdi.