x

Nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayniqsa, doimiy parvarishga muhtoj bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimiga oid Prezident farmoni imzolandi.

Unga ko‘ra, joriy yil 1-apreldan boshlab mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi hamda ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda — 440 000 so‘mdan 622 000 so‘mga oshiriladi.

O‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning  parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga har oyda 500 000 so‘m miqdorida nafaqa to‘lovi (parvarishlash nafaqasi) joriy etiladi.

Bunda, 49 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun nafaqa 41 foizga oshadi. Mazkur chorani amalga oshirish uchun 2022-yilga qo‘shimcha 81 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdoridan past bo‘lgan nogironlik pensiyalari miqdori 622 ming so‘mgacha yetkaziladi. Nogironlik pensiyasini oluvchi 133 ming nafar shaxsning pensiya miqdori o‘rtacha 29 foizga oshadi. Mazkur chorani amalga oshirishga 2022-yilda qo‘shimcha 140 mlrd so‘m Pensiya jamg‘armasi hisobidan ajratiladi.

Doimiy parvarishga muhtoj 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarish qiluvchi ona(ota)larga minimal iste’mol xarajatlardan kam bo‘lmagan miqdorda (500 ming so‘m) nogiron bola parvarishi uchun yangi nafaqa tayinlanadi.

Endilikda nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan onalar kafolatlangan bazaviy daromad manbayi bilan ta’minlanadilar. Natijada, dastlabki hisob-kitoblarga asosan, 30 mingdan oshiq nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarish qiluvchi onalar uchun davlat byudjetidan 2022-yilda qo‘shimcha 157 mlrd so‘m ajratiladi.

To Top ↑
To Top ↑