x

Bola tajovuzlardan himoyalanish huquqiga egami? Bola huquqi qanday kafolatlanadi? Bolani qiynaganlik uchun javobgarlik bormi? Ushbu savollarga Toshkent Davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Muhriddin Shamsiddinov javob berdi.

– “Bola huquqlarining kafolatlari to`g`risida”gi qonunning 10-moddasiga binoan  har bir bola erkinlik, shaxsiy daxlsizlik, turar joy daxlsizligi va xat-xabarlarini sir tutish huquqiga ega. Har bir bola o`z sha'ni va qadr-qimmatiga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga g`ayriqonuniy aralashuvlardan himoyalanish huquqiga ega.

Bolaning qonunga asoslanmagan holda ushlab turilishi, hibsga, qamoqqa olinishi mumkin emas. Davlat bolaning shaxsi, uy-joyi daxlsizligini, xat-xabarlari sir tutilishini ta'minlaydi hamda bolani ekspluatatsiya va zo`ravonlikning barcha shakllaridan, shu jumladan, jismoniy, ruhiy va jinsiy zo`ravonlikdan, qiynoqlarga solishdan yoki shafqatsiz, qo`pol yoxud inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa shakldagi muomaladan, shahvoniy shilqimliklardan, huquqbuzarliklar va g`ayriijtimoiy harakatlar sodir etishga jalb etilishidan himoya qiladi.

Qonunning 11-moddasiga binoan har bir bolaga uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining, fuqarolar o`zini o`zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining qonunga xilof qarorlari, mansabdor shaxslarning g`ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.

Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uning ota-onasi, ota-onasining o`rnini bosuvchi shaxslar, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa vasiylik va homiylik organi, prokuror, sud tomonidan amalga oshiriladi.

Jinoyat kodeksining 110-moddasiga ko`ra, muttasil ravishda do`pposlash yoki boshqacha harakatlar bilan qiynash, agar ushbu Kodeksning 104, 105-moddalarida nazarda tutilgan oqibatlarni keltirib chiqarmagan bo`lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Agar yuqoridagi harakatlar voyaga etmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo`lsa, — uch yuz oltmish soatdan to`rt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

To Top ↑
To Top ↑