Bola tug`ilganda bir yo`la beriladigan nafaqa (suyunchi puli) ishlayotgan ayollarga – ish joyidan; ta'lim olayotgan ayollarga – o`qish joyidan; o`qimaydigan va ishlamaydigan ayollarga – eri ishlaydigan yoki o`qiydigan joyidan; o`qimaydigan va ishlamaydigan ota-onalarga – Pensiya jamg`armasi tomonidan to`lanadi.
Mazkur nafaqa bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida berilishi belgilangan.
Davlat xizmatlari markazlari yoki O`zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bola tug`ilgan kundan boshlab 6 oy muddat ichida murojaat qilingan taqdirda O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasi tomonidan ko`rsatiladi va nafaqa puli nafaqa etkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot tomonidan to`lanadi.
Nafaqani olish uchun FHDYo bo`limi tomonidan berilgan bolaning tug`ilganlik haqidagi ma'lumotnomasini topshirishi lozim. Mazkur ma'lumotnoma FHDYo bo`limi tomonidan tug`ilganlik haqidagi guvohnoma bilan birga taqdim etiladi. Nafaqa olinishi uchun ma'lumotnoma nafaqani to`lovchi organga 6 oy ichida topshirilishi kerak. Ushbu muddat o`tgandan keyin nafaqa to`lanmaydi.
Agar ma'lumotnoma yo`qotib qo`yilsa, ish, o`qish joyidan nafaqa olinmaganligi to`g`risidagi ma'lumotnomaga asosan FHDYo bo`limidan takroran ma'lumotnoma olish lozim bo`ladi.
Ma'lumot o`rnida shuni ta'kidlash lozimki, o`lik bola tug`ilgan xollarda nafaqa to`lanmaydi.