“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi.
Qonunga koʻra, bola huquqlari boʻyicha vakil (Bolalar ombudsmani) mansabdor shaxs boʻlib, u davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, shuningdek korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan bola huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshiradi.
Vakil oʻz vakolatlarini mustaqil ravishda hamda davlat organlariga va ularning mansabdor shaxslariga tobe boʻlmagan tarzda amalga oshiradi hamda oʻz faoliyatida Oliy Majlis palatalariga hisobdordir.
Bola huquqlari boʻyicha vakil Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan 5 yil muddatga saylanadi.
Qonun bilan, bola huquqlari boʻyicha vakilning asosiy vazifalari, huquqlari va majburiyatlari belgilab qoʻyildi, jumladan:
- mansabdor shaxslarga bola huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilishiga yoʻl qoʻyilmasligi haqida ogohlantirishlar yuborish;
- davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning rahbarlariga bola huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishlari, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish haqida koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish;
- harakatlari yoki harakatsizligida bola huquqlari buzilganligi aniqlangan shaxslarni javobgarlikka tortish toʻgʻrisida tegishli organlarga iltimosnomalar kiritish huquqiga ega.
Vakil har yili, hisobot yilidan keyingi yilning 15-fevralidan kechiktirmay Oliy Majlis palatalariga bola huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilish holati haqida maʼruza taqdim etadi.
Vakil bolaga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish boʻyicha choralar koʻradi.
Bola huquqlari boʻyicha vakil oʻzining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi vakilini tayinlaydi.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.