x

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi oʻqishda konseptual jihatdan qabul qilindi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar qildi.

Qonun loyihasi bilan bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilish faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar, ularning vakolatlari aniq belgilab berilmoqda. Bunda bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilish faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar Bolalar masalalari boʻyicha milliy komissiya tomonidan muvofiqlashtirilishi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi komissiyaning ishchi organi, qolaversa, qonun ijrosini taʼminlash boʻyicha vakolatli organ etib belgilanishi taklif etilmoqda.

Qonun loyihasida bolalarga nisbatan zoʻravonlik shakllariga taʼrif berilib, ularni sodir etishni taqiqlash, qonunga binoan taʼqib qilishning huquqiy asoslarini mustahkamlash koʻzda tutilmoqda. Bolalarga nisbatan zoʻravonlik shakllari amaldagi uchtadan (jismoniy, jinsiy, ruhiy) oltitaga (gʻamxoʻrlik koʻrsatmaslik, ekspluatatsiya, bulling) oshirilmoqda.

Bulling — bolaning boshqa bolaga maqsadli ravishda zarar yetkazishidir. Bu muntazam ravishda takrorlanadigan va jabrlanuvchida unga nisbatan zoʻravonlikni toʻxtatishiga toʻsqinlik qiladigan kuchning nomutanosibligidagi harakat. Bulling har qanday joyda va istalgan vaqtda sodir boʻlishi mumkin: bolaning kundalik hayotida, bevosita munosabatlarda yoki ijtimoiy tarmoqlarda. Bu nafaqat bolaning diqqatini taʼlimda jamlashiga toʻsqinlik qiladi, balki uzoq muddatli psixologik jarohatlarga ham olib kelishi mumkin. Bulling jarayoni eʼtibordan chetda qolib ketishi kerak emas.

Ekspluatatsiya — bu bolaning sogʻligʻiga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan uning taʼlim olishiga toʻsqinlik qiluvchi har qanday shakldagi mehnatga majburlash;

Gʻamxoʻrlik koʻrsatmaslik — ota-onalar zarur imkoniyatlar, bilim va koʻnikmalar, shuningdek tegishli xizmatlardan foydalanish sharoitiga ega boʻlishiga qaramay qarmogʻidagi bolaning sogʻligʻi, jismoniy, aqliy, maʼnaviy va axloqiy rivojlanishining jiddiy buzilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan jismoniy, moddiy, psixologik, ijtimoiy va boshqa ehtiyojlarini qondirmaslik.

Mazkur qonun loyihasi bilan ilk bor yangi institut joriy qilinyapti. Yaʼni, endilikda bolalarga ham himoya orderi berish taklif etilmoqda. Order vakolatli organ tomonidan zoʻravonlikdan jabrlanuvchining qonuniy vakiliga yoki bolani oʻz qaramogʻiga olgan boshqa shaxsga hamda zoʻravonlikdan jabrlanuvchining oʻziga beriladi.

Bundan tashqari, loyihada bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilishda ota-onalarning ishtiroki va ularning majburiyatlari belgilab qoʻyilmoqda. Jumladan, ota-onalar bolalarning hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilishi, ularga gʻamxoʻrlik koʻrsatishi hamda zararli taʼsir koʻrsatuvchi axborotdan himoya qilishi shartligi, bolalarni tarbiyalashda ularni jismoniy jazolash taqiqlanishi nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasida taʼlim tashkilotlarida bolalarga nisbatan zoʻravonlikka yoʻl qoʻyilmasligi, taʼlim muassasalarida intizomiy jazo chorasi sifatida zoʻravonlikning har qanday shakli, shu jumladan, jismoniy jazo va boshqa shafqatsiz xatti-harakatlarni amalga oshirish yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalani qoʻllashga yoʻl qoʻyilmasligi qatʼiy belgilanmoqda.

Taʼkidlanishicha, zoʻravonlik xavfi ostida boʻlgan bolalar toifalarining (yetim, nazoratsiz, aqliy rivojlanishda nuqsoni bor, fohishalik, tilanchilik bilan shugʻullanayotgan bolalar) qonun loyihasida aniq belgilab berilgani, sohadagi vakolatli organlarga zoʻravonlikdan jabrlangan, zoʻravonlik xavfi ostida boʻlgan bolalarni aniqlash, ularning hisobini yuritish hamda zarur hollarda ularga nisbatan zoʻravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirishiga yordam beradi.

Loyihada, shuningdek, zoʻravonlikdan jabrlangan bolalarning huquqlari hamda ularni zoʻravonlikdan himoya qilishning umumiy va yakka tartibdagi chora-tadbirlari belgilanmoqda. Xususan, zoʻravonlik qurbonining murojaati, jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabarlari, ommaviy axborot vositalari, Internet jahon axborot tarmogʻi, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilishning yakka tartibdagi chora-tadbirlarini qoʻllash uchun asos boʻladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda konseptual jihatdan bir ovozdan qabul qilindi.

To Top ↑
To Top ↑