Voyaga etmagan bolalariga ta'minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota yoki onadan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug`iga asosan ma'lum miqdordagi moddiy mablag` ya'ni aliment undiriladi.
Voyaga etmagan bolalariga aliment to`lash va ularga ta'minot berishda ota-onaning majburiyatlari tengdir. Ya'ni aliment faqatgina otadan emas, onadan ham undirilishi mumkin.
Ota-ona voyaga etmagan bolalariga ta'minot berish uchun aliment to`lash tartibini o`zaro kelishgan holda belgilashga haqlidirlar.
Agar voyaga etmagan bolalariga ta'minot berish haqida ota-ona o`rtasida kelishuv bo`lmasa, ularning ta'minoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining bir bola uchun 4/1 qismi, ikki bola uchun 3/1 qismi, uch va undan ortiq bola uchun 2/1 miqdorida undiriladi.
Aliment miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e'tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko`paytirilishi mumkin.
Ota yoki onadan har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonun hujjatlari bilan belgilangan mehnatga haq to`lash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo`lmasligi kerak.
Nafaqat ota-ona balki, voyaga etgan, mehnatga layoqatli bolalar mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj o`z ota-onasiga ta'minot berishlari va ular to`g`risida g`amxo`rlik qilishlari shart.
Agar aliment to`lashi shart bo`lgan shaxs shu davrda ishlamagan bo`lsa yoki uning ish haqi va (yoki) daromadini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinmagan bo`lsa, aliment qarzi undirilayotgan vaqtda aliment O`zbekiston Respublikasidagi o`rtacha oylik ish haqi miqdori bo`yicha hisoblab chiqiladi.
Agarda shaxs aliment to`lamaganlik uchun ma'muriy javobgarlikka tortilgandan keyin 2 oydan ortiq vaqt mobaynida alimentni to`lamasa, Jinoyat kodeksining 122-moddasida ko`rsatilgan javobgarlikka tortilishi mumkin.