Qashqadaryoda 7-sinf qiz unashtirilgani haqida xabar tarqalgandan so`ng ijtimoiy tarmoqlarda keskin muhokamalar boshlandi. Bolalar ombudsmani o`rganishi ortidan videotasvirdagi marosim unashtirish yoki to`y emas, balki tug`ilgan kun ekani aytildi.
Ho`sh, nikoh yoshi qachon kamaytiriladi? Qachon davlat nikoh tuzishga yo`l qo`ymaydi? Bolalarni unashtirish qay darajada qonuniy? Nikoh tuzish tartibini buzish uchun qanday javobgarlik bor? Quyida.uz shu singari masalalar xususida so`z yuritamiz.
1. Diniy rasm-rusum, boshqa udum va marosimlar tan olinadimi?
Barcha xalq va dindagi urf-odat va marosimlarning aksariyati, shubhasiz, nikoh bilan bog`liq bo`lib kelgan va kelmoqda. Ibtidoiy davrda paydo bo`lgan bu udumlar asrlar davomida o`zgarishlarga uchrab, hanuzgacha insonlar hayotiga ta'sir o`tkazib kelmoqda.
Shunday udumlardan biri – unashtiruv. Unashtiruv bu – nikoh to`yidan oldin yigit va qiz tomonning roziligini rasmiylashtirish uchun o`tkaziladigan marosim. Bunday rozilik, qadimdan, yigit va qizning o`zidan ko`ra ularning ota-onasiga tegishli bo`lgan.
O`rta Osiyo xalqlari orasida unashtiruvning asosan ikki turi uchraydi. Birinchisi, belquda – yaqin do`st-birodarlar o`z ayollari homiladorligi paytida, hali tug`ilmagan bolalarni bir-biriga atashtirib qo`yishgan. Go`dak tug`ilib ulg`aygach, turmush qurishlari mumkin bo`lgan. Ikkinchisi, beshikquda (beshik-kerti) – beshikda unashtirish.
Hususan, o`tmishda bir-biriga yaqin oilalarning birida o`g`il, ikkinchisida qiz tug`ilsa, ular voyaga etganlarida birga turmush qurishlari belgilab qo`yilardi. Ota-onalar kelishib, qizning boshini bog`lab qo`yish uchun beshik dastasiga pichoq bilan kertib – belgi qilib qo`yganlar. Beshik kerti urug`-qabilachilik davrining qoldig`i. Qo`shni, urug`, qabilalar o`zaro do`stlikni mustahkamlashda beshik-kertidan foydalanganlar. Beshik-kerti qilingan bolalar voyaga etganlarida turmush qurishlari shart bo`lgan.
Bunday unashtirish odatlari hozirgi kunda kamdan-kam uchraydi. Balog`atga etgan yigit va qiz ikki oila xohish-istagi bilan unashtiriladi. Bunda ma'lum diniy rasm-rusumlar, masalan, “fotiha to`yi” qilinadi.
Shu singari unashtiruv va nikoh marosimlari millatning asrlar davomida saqlanib kelayotgan qadriyati, shuningdek, diniy qarashlaridan kelib chiqsa-da, qonun bunday udumlari nikoh sifatida tan olmaydi, unga rasmiy tus bermaydi.
Hususan, nikoh FHDYo organlarida qayd etilgandan so`nggina rasmiy tus oladi. Diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikoh huquqiy ahamiyatga ega emas.
2. Nikoh yoshi qachon kamaytiriladi?
Oila kodeksiga asosan nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun 18 yosh. Ammo ayrim holatlarda ushbu chegarani aylanib o`tishga harakat qilishadi. Sabablar esa turlicha – “bobo-buvisining kasalligi”, “homiladorlik”, kimlarningdir “bolalar to`yini ko`rish”ga bo`lgan qattiq istagi va hokazo.
Qonun bunday holatlarni hisobga olib, bolalarning nikohga kirishiga ruxsat beradi. Ammo har doim ham emas, hammaga ham emas. Quyidagi hollarda nikohga kirishni xohlovchilar nikoh yoshini kamaytirishni so`rab, tuman, shahar hokimiga iltimos qilishi mumkin:
- homiladorlik;
- bola tug`ilishi,
- voyaga etmagan shaxsning to`la muomalaga layoqatli deb e'lon qilinishi (emansipatsiya).
Hokim nikoh yoshini ko`pi bilan bir yilga kamaytirishi mumkin. Ammo aytish kerakki, kamaytirish hokimning vakolati, istasa kamaytiradi, istamasa yo`q. Shunday qilib, “bolalar to`yini ko`rishga mushtoq” oila a'zosi, hattoki, o`lim to`shagida yotgan bo`lsa ham, qonun uning uchun istisno qilmaydi, bolaning huquqlarini himoya qiladi.
Agarda nikoh yoshiga etmagan shaxs bilan nikoh tuzilsa-chi? Aytaylik, hujjatlarni soxtalashtirish yoki boshqa yo`llar bilan. Bo`lar ish bo`lgandan keyin davlat barchasiga ko`nadimi yoki nikohni bekor qiladimi?
Qonunga asosan agar hali nikoh yoshiga etmay nikohga kirgan bolaning manfaatlari talab qilsa, shu bolaning o`zi, uning ona-otasi yoki homiysi, vasiylik va homiylik organi, shuningdek, prokuror talabi bilan nikoh haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Ammo har qanday holatda ham yakuniy nuqtani sud qo`yadi.
Aytaylik, sud oilani saqlab qolishni lozim topdi. Shunda ham masala tugamaydi. Nikoh tuzish tartibini buzganligi uchun aybdor har bir ma'muriy javobgarlikka tortiladi. Agarda bola hali 16 yoshga to`lmagan bo`lsa va u bilan jinsiy aloqaga kirishilgan bo`lsa, jinoiy javobgarlik ham kutadi.
3. Qachon davlat nikoh tuzishga yo`l qo`ymaydi?
Konstitutsiyaga asosan oila jamiyatning asosiy bo`g`ini hamda u jamiyat va davlat muhofazasida. Ammo nikohlanuvchilar, shuningdek, tug`ilajak bolalarning huquqlarini himoya qilish maqsadida ayrim holatlarda nikoh tuzishga yo`l qo`yilmasligi mumkin.
Jumladan, Oila kodeksiga asosan quyidagi hollarda nikoh tuzishga yo`l qo`yilmaydi:
- nikohlanuvchilarning loaqal bittasi boshqa kishi bilan nikohda turganligi;
- nasl-nasab shajarasi bo`yicha to`g`ri tutashgan qarindoshlar o`rtasida, tug`ishgan va o`gay aka-ukalar bilan opa-singillar o`rtasida, shuningdek farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar o`rtasida;
- nikohlanuvchilarning loaqal bittasi ruhiyat buzilishi sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo`lsa.
Ammo ular o`rtasida nikoh qayd etilsa-chi? Oila kodeksiga ko`ra, bunday hollarda tuzilgan nikoh haqiqiy emas deb topiladi. Ammo istisnolar bilan – agar sud qarori chiqquncha nikohni tuzishga monelik qiladigan holatlar tugagan bo`lsa, sud nikohni o`sha holatlar tugagan paytdan boshlab haqiqiy deb topishga haqli. Masalan, shaxs qayta muomalaga layoqatli deb topilsa.
4. Bolalarni unashtirish qay darajada qonuniy?
Aytaylik, 18 yoshga kirmagan qizning ota-onasi uni birovga unashtirib qo`ydi. Ota-ona bolasini unashtirish – “birovga va'da qilib qo`yish”ga qay darajada haqli? Quyidagi tahlilda buni ko`rib chiqamiz.
Birinchidan, qonunchilikda faqat nikoh tuzish tartibini buzish uchun ma'muriy va jinoiy javobgarlik bor. Unashtiruv esa nikoh hisoblanmaydi. O`z-o`zidan ayonki, unashtirish qonunga zid emas, shu bilan birga, hech bir qonun hujjatida eslanmagan.
Qonun insonning har bir qadamini tartibga solmaydi (tartibga solishi ham kerak emas). Bu holatda urf-odat, an'ana va udumlarga murojaat qilinadi. Ho`p, bolalar rozi va ota-onalar ularning baxtini o`ylasa, buning nimasi yomon? Bir qarashda hammasini tushunarli va tabiiy.
Ammo bola bu yoshda (18 yoshga etgunga qadar) bo`lajak turmush o`rtog`ini mustaqil tanlay oladigan layoqatga ega bo`ladimi? O`z qarorlarining oqibatini anglay oladimi? (Taqqoslash uchun: fuqarolik qonunchiligi voyaga etmaganlarni to`laqonli shartnoma sub'ekti sifatida tan olmaydi, ular mustaqil tuza oladigan shartnoma turlari cheklangan).
Aksariyat holatda bolalarni unashtirish ularning istagiga qaraganda uzoq yillar jamiyatdagi hukmron mafkuralardan biri bo`lib kelgan “to`y kul'ti”ga borib taqaladi. Hususan, qiz bola tug`ilgandan boshlab, uni uzatishga tayyorgarlik ko`rishgan. Jumladan, yillar davomida unga sarpo-sep to`plangan ayollar “qizni eson-omon egasiga topshirish”ni o`ziga missiya qilib olgan. Va bunday harakatlar ko`p holatda erta turmush bilan yakunlangan. Albatta, bugungi kunga kelib qarashlar jiddiy o`zgardi, 18 yoshga kirmagan bolalarni unashtirib qo`yish, erta uylantirish (turmushga berish) ko`rsatkichi keskin kamaydi. Ammo shunga qaramay, hali hanuz bunday holatlar uchrab turmoqda.
Aytish kerakki, hali mustaqil fikri shakllanib ulgurmagan bolani “birovga va'da qilish” axloqiy tomonlama noto`g`ri bo`lishi mumkin, ammo huquqiy jihatdan noqonuniy emas. Chunki qonun unashtiruvni tan olmaydi. Shu bois, bolaga uning uchun ota-onasi bergan va'dalarga amal qilish majburiyati yuklanmaydi. Ammo konservativ g`oyalar kuchli odamlar guruhidagi “unashtiruvi buzilgan” qizlarga munosabat – alohida masala.
Shunga qaramay, bolalarni unashtirib qo`yish har doim ham qonuniy bo`lavermaydi, agarda unashtiruv masalasida bolaga ruhiy, jismoniy ta'sir o`tkazilsa, irodasi sindirilsa.
Hususan, “Bola huquqlarining kafolatlari to`g`risida”gi qonunga ko`ra, oilada har qanday masala hal qilinayotganda bola o`z fikrini ifoda etishga haqli. Katta kishilar singari bolalarga ham shaxsiy daxlsizlik, shu jumladan, shaxsiy hayotiga g`ayriqonuniy aralashuvlardan himoyalanish huquqi berilgan.
Oila kodeksiga asosan ota-onalik huquqi bolalar manfaatlariga zid tarzda amalga oshirilishi mumkin emas. Bu huquqni amalga oshirishda ota-ona bolalarining jismoniy va ruhiy sog`lig`iga zarar etkazishga haqli emas. Ya'ni bolalar “ota-onasining mulki” emas. MJTK esa bolalarni tarbiyalash borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik uchun javobgarlik belgilaydi (Albatta, har bir holatda javobgarlik masalasi ota-ona xatti-harakatlarining bola huquqlariga ta'siriga qarab hal qilinadi).
5. Nikoh tartibini buzsa, nima bo`ladi?
Nikoh yoshi va oila qurishga bo`lgan talablar bolalarning ruhiy va jismoniy holati hamda ularning manfaatlarini himoya qilish uchun o`rnatilgan. Ularning buzilishi esa nikohlanuvchi hayoti yoki sog`ligiga xavf solishi mumkin (Masalan, voyaga etmagan qizning oila qurishi natijasida uning ruhiyatida yuzaga kelishi mumkin bo`lgan muammolar, homiladorlikning og`ir o`tishi, oila qurishga ruhiy jihatdan tayyor emaslik va boshqalar).
Shu sababdan nikoh tartibini buzish ham ma'muriy, ham jinoiy javobgarlikka sabab bo`ladi. Hususan, MJTKning 473-moddasiga ko`ra, quyidagi nikoh tuzish tartibini buzish hisoblanadi:
- nikoh yoshiga etmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishish;
- ota-ona yoki ularning o`rnini bosuvchi shaxslar tomonidan nikoh yoshiga etmagan shaxsni erga berish (uylantirish);
- qonuniy nikohdan o`tmagan shaxslar o`rtasida, shu jumladan, nikoh yoshiga etmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish.
Ushbu harakatlar ma'muriy javobgarlik qo`llanilgandan keyin bir yil ichida qayta sodir etilsa, jinoiy javobgarlikka tortiladi. Ammo bu hali hammasi emas, ayollarni erga tegish yoki nikohni davom ettirishga majburlash, erga tegishiga to`sqinlik qilish uchun ham alohida javobgarlik belgilangan.
Hulosa qilib aytganda, katta kishilar singari bolalarga ham shaxsiy daxlsizlik, shu jumladan, shaxsiy hayotiga g`ayriqonuniy aralashuvlardan himoyalanish huquqi berilgan. Ularni unashtiruv yoki nikohdan o`tishga majburlash bola huquqlarini qo`pol ravishda buzish hisoblanadi va javobgarlikka sabab bo`ladi.
Murodjon Najmiddinov,
Hudu24.uz