x

Qonunchilikka ko`ra, etim bolalar va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalar ularga davlat tomonidan ikkilamchi bozordan olib berilgan uy-joylarni mulkka egalik qilish huquqi asosida o`z nomiga rasmiylashtirishda notarius va kadastr xizmatlari uchun (oldi-sotdi shartnomasi va ko`chmas mulk ob'ektlarini davlat ro`yxatidan o`tkazish) davlat boji to`lashdan ozod etilishi belgilangan.

Aholiga ijtimoiy xizmatlar ko`rsatishni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, nogironligi bo`lgan shaxslarning jamiyatga ijtimoiy moslashuvi uchun keng imkoniyatlar yaratish hamda etim bolalar va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarni joylashtirishning oilaviy va boshqa muqobil shakllarini davlat tomonidan yanada qo`llab-quvvatlash maqsadida:

1. Shunday tartib o`rnatilsinki, unga muvofiq 2022 yil 1 iyuldan boshlab:

a) oilaviy bolalar uylariga Davlat byudjetidan mablag` ajratishning quyidagi tartibi joriy etiladi:

oilaviy bolalar uylarining saqlash xarajatlari uchun Davlat byudjetidan mablag` ajratishda bir nafar tarbiyalanuvchiga to`g`ri keladigan xarajatlar miqdori hamda bolalar sonidan kelib chiqib, zarur mablag`lar ota-onalar nomiga ochilgan bank plastik kartalariga o`tkazib beriladi;

oilaviy bolalar uylarida bir nafar tarbiyalanuvchi uchun Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan oylik xarajatlar tarkibiga kommunal xarajatlar ham kiritiladi;

b) oilaviy bolalar uylari tomonidan iste'mol qilingan kommunal xizmatlar uchun to`lovlar jismoniy shaxslar uchun belgilangan narxlarda amalga oshiriladi;

Oldingi tahrirga qarang.

 

v) ko`p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta'lim tashkilotlari, jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo`lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarda hamda nogironligi bo`lgan bolalar kasb-hunar maktablarida ishlovchi mutaxassis, ishlab chiqarish, o`quv yordamchi, texnik va xizmat ko`rsatuvchi xodimlarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz miqdorda ustamalar to`lanadi.

(1-bandning «v» kichik bandi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 26 maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma'lumotlari milliy bazasi, 31.05.2023 y., 06/23/79/0302-son)

2. Quyidagilar:

2021 yilda eshitish qobiliyati zaif bolalarning odatiy hayotga moslashuvini osonlashtirish uchun xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlar bilan birgalikda 4 ming dona zamonaviy eshitish moslamalari ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarida ta'lim olayotgan zaif eshituvchi bolalarga etkazib berilishi natijasida ularning eshitish qobiliyati yaxshilanib, umumta'lim fanlarini o`zlashtirish darajasi oshganligi;

Qoraqalpog`iston Respublikasi, Qashqadaryo, Navoiy va Toshkent viloyatlarida maktabgacha yoshdagi nogironligi bo`lgan bolalarga ta'lim berish bilan birgalikda, reabilitatsiya xizmatlarini ko`rsatish imkoniyatiga ega bo`lgan bittadan «Imkon» ko`p tarmoqli ixtisoslashgan maktabgacha ta'lim tashkilotlari tashkil etilganligi ma'lumot uchun qabul qilinsin.

Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi (A. Inakov), Halq ta'limi vazirligi (B. Saidov), Sog`liqni saqlash vazirligi (B. Musayev) va Moliya vazirligi (T. Ishmetov) zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarini 2022 yil yakuniga qadar zamonaviy eshitish moslamalari bilan to`liq ta'minlasin, 2023 yildan boshlab esa, ehtiyojdan kelib chiqib, zamonaviy eshitish moslamalarini muntazam ravishda xarid qilish amaliyotini joriy qilsin.

Vazirlar Mahkamasi 2023 — 2025 yillarda qolgan 10 ta hududda reabilitatsiya markaziga ega bo`lgan «Imkon» ko`p tarmoqli ixtisoslashgan maktabgacha ta'lim tashkilotlarini tashkil etish va maktabgacha yoshdagi nogironligi bo`lgan bolalarni ushbu muassasalar bilan qamrab olish choralarini ko`rsin.

To Top ↑
To Top ↑