Mamlakat siyosiy hayotida va jamiyat turmush tarzida ayollarning rolini oshirish, ayollar orasida tadbirkorlikni rivojlantirish haqida ko`p gapirilmoqda, ayollarni qo`llab-quvvatlash Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan moliyalashtirilmoqda, Respublika ayollari jamoat kengashi kabi turli tuzilmalar tashkil etilmoqda. Biroq quyidagilarni anglab etmas ekanmiz, bu sa'y-harakatlar natija bermaydi: har qanday ayol, asosan o`z farzandlari hayotini yaxshilash va ularni baxtli qilish uchun siyosat yoki tadbirkorlik bilan shug`ullanadi. Davlat tomonidan asosan otalarga onasining o`z farzandiga ana shu baxtni yaratib berishi va kelajagini lozim darajada ta'minlashini (respublikadan tashqarida dam olish, xalqaro musobaqalarda va olimpiadalarda ishtirok etish, xorijda istiqomat qiladigan qarindoshlarni ko`rgani borish va h.k.) cheklash huquqi berilmoqda.
O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibi to`g`risidagi nizom (keyingi o`rinlarda – Nizom) ko`pchilik yolg`iz ota-onalarga bosh og`rig`i bo`lmoqda. Ushbu hujjatning 18-bandiga muvofiq xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish chog`ida voyaga etmagan fuqaroning xorijga chiqishi uchun ota-onalar, vasiylar (homiylar)ning notarial tasdiqlangan roziligi taqdim etilishi lozim.
Ilgari amal qilgan O`zR fuqarosi biometrik pasportini hamda 16 yoshga to`lmagan shaxslar uchun fuqaroligi bo`lmagan shaxsning harakatlanish hujjatini berish tartibi to`g`risidagi nizomda nazarda tutilgan tartib 5.12.2019 yildagi 970-son VMQga muvofiq o`z kuchini yo`qotgan. Unda xorijga vaqtinchalik chiqish uchun stikerni rasmiylashtirishda boshqa hujjatlar bilan birga quyidagilarni ham notarial tasdiqlangan holda taqdim etish nazarda tutilgan edi:
- fuqaro yoki fuqaroligi bo`lmagan shaxs bilan O`zbekiston Respublikasi hududida birga yashaydigan ota-onalar, vasiylar (homiylar)ning uning xorijga chiqishiga roziligi;
-
Bolaning xorijga chiqishiga norozilik sababi ob'ektiv bo`lganda
Ota-onalarga so`zsiz ravishda, jiddiy va ob'ektiv sabablarga ko`ra bolaning O`zbekistondan tashqariga chiqishini cheklash huquqi berilishi shart. Bunday holatlar uchun ota-onalarda shunday huquqning yuzaga kelishi va tegishli vakolatli idoralar orqali amalga oshirilishi reglamentini ishlab chiqish zarur.
Shuni hisobga olish muhimki, mazkur reglamentda birinchi navbatda bolaning, shuningdek ota-onaning huquqlari teng darajada ko`rib chiqilishi lozim.
Shuningdek normativ-huquqiy hujjatlarga o`zgartirishlar kiritilishi nazarda tutilishi lozim, ushbu o`zgartirishlar muayyan sabablar ko`rsatilgan holda bolaning xorijga chiqishini cheklashga oid huquqlarni amalga oshirishni sud tartibida nizolashishga imkon berishi kerak, bunda bolaning xorijga chiqishiga to`sqinlik qilmaydigan ota-onadan biri yoki 14 yoshga to`lgan bolaning o`zi da'vogar bo`ladi. Sud tomonidan bolaning xorijga chiqishiga to`sqinlik qilmaydigan ota-onadan biriga yoki bolaning o`ziga nisbatan ijobiy qaror chiqarilgan taqdirda, ushbu sabab (sabablar) ko`rsatilgan da'vo arizasi keyingi 3 yil mobaynida berilishi mumkin emas.