Nodavlat maktabgacha yoki maktab ta'lim tashkilotida o`qish pullik hisoblanadi. Endi ota-ona (farzandlikka oluvchi)ning buning uchun har bir farzandga oyiga 3 mln so`m doirasidagi xarajatlari soliq solishdan ozod qilinadi.
Masalan, ota (ona)ga uning ish joyi bo`yicha har oyda 720 ming so`m (6 000 x 12%) JShDS ushlab qolingan holda 6 mln so`m ish haqi hisoblanadi. U buxgalteriyaga o`z farzandining ta'minoti uchun maktabgacha ta'lim tashkilotiga har oyda 2,5 mln so`m o`tkazish haqida ariza taqdim etdi.
2,5 mln so`mga soliq solinmaydi. Buxgalteriya faqat 3,5 mln so`m (6000 – 2500) farqdan soliq ushlab qoladi. Soliq 420 ming so`mni (3500 x 12%) tashkil qiladi. Ota (ona) soliqdan oyiga 300 ming so`m tejaydi.
Imtiyoz qanday qo`llaniladi?
Ota (ona) imtiyozni:
• o`z korxonangizning buxgalteriyasiga mablag`larni nodavlat maktabgacha yoki maktab ta'lim tashkilotiga o`tkazish haqida ariza va to`lovga schyot (shartnoma) taqdim etgan holda ish joyi bo`yicha;
• soliq xizmatiga yil yakunlari bo`yicha daromadlar to`g`risida deklaratsiya va o`qish uchun to`lov amalga oshirilganligi to`g`risida hujjatlarni taqdim etgan holda qo`llashi mumkin.
Imtiyoz qaysi sanadan amal qiladi?
Imtiyoz 2022 yil 1 apreldan amal qiladi.
Norezident jismoniy shaxslarning O`zbekistondagi manbalardan oladigan daromadlari bo`yicha soliq solish stavkasi pasaytirildi
Soliq stavkasi 20%dan 12%gacha pasaytirildi. Masalan, agar norezidentning bir oyda daromadi 1000 shartli birlikni tashkil etgan bo`lsa, budjetga ushbu summadan 200 shartli birlik to`langan. Hozir ushlab qolish summasi 120 shartli birlikni tashkil qiladi.
Eslatib o`tamiz, 12% – rezident jismoniy shaxslar uchun ham JShDS stavkasi.
Soliq stavkasini pasaytirish qaysi paytdan e'tiboran amal qiladi?
O`RQ-785-son Qonunga asosan 12% stavka 2022 yil 1 maydan boshlab hisoblangan daromadlarga qo`llaniladi.
Qaysi daromadlarga 12% stavka qo`llaniladi?
12% stavka mehnat shartnomalari va fuqarolik-huquqiy xususiyatdagi shartnomalar bo`yicha olingan daromadlarga, shuningdek boshqa daromadlarga qo`llaniladi, bundan dividendlar, foizlar va fraxtdan olinadigan daromadlar mustasno.
Oldingi darajada saqlanib qolgan soliq stavkalari:
- dividendlar va foizlar bo`yicha – 10%;
- xalqaro tashishlarda transport xizmatlarini taqdim etishdan olinadigan daromadlar bo`yicha (fraxtdan olinadigan daromadlar) – 6%.
May-iyun' uchun JShDS bo`yicha hisobotni qayta topshirish zarurmi?
Yo`q, qayta topshirmasa bo`ladi. Hisobot yil boshidan o`sib boruvchi yakun bilan taqdim etilishi bois, iyul' hisobotida tuzatishlarni aks ettirish etarli.
Ijtimoiy qo`llab-quvvatlashga muhtoj iqtidorli farzandlarni bepul o`qitish soliq solishdan ozod qilingan
Kim bepul o`qishi mumkin?
Ijtimoiy qo`llab-quvvatlashga muhtoj oilalarning qobiliyatli va iqtidorli farzandlari maktabgacha va umumiy o`rta ta'lim nodavlat tashkilotlarida bepul o`qishga haqli. Ta'lim tashkilotlari ularni tanlov asosida jami o`quvchilar yillik umumiy sonining 10%idan kam bo`lmagan miqdorda bepul o`qishga qabul qilishi shart (Prezidentning 15.09.2017 yildagi PQ-3276-son qarori).
Soliq solishdan ozod qilishning mohiyati nimada?
Ilgari bunday bepul o`qish qiymati o`quvchining ota-onasining moddiy naf tarzidagi daromadi sifatida hisoblangan va 12% stavka bo`yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`i to`lanishi lozim edi.
Soliq kodeksiga yangi norma kiritilishi bilan bepul o`qish soliq solishdan ozod qilindi.
Ushbu imtiyoz yana kimga tatbiq etiladi?
Mazkur imtiyoz davlat–xususiy sheriklik asosida faoliyat ko`rsatadigan maktabgacha ta'lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan (o`qiyotgan) maxsus kontingentdagi tarbiyalanuvchilarni bepul o`qitishga ham tatbiq etiladi.
Davlat talabalarning oliy ta'lim tashkilotlari hududidagi mehnatini rag`batlantiradi
Ushbu norma qaysi vaqtdan boshlab ishlamoqda?
Imtiyoz 26.07.2022 yildagi O`RQ-785-son Qonun bilan Soliq kodeksiga kiritilgan va Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan kuchga kiradi.
Qanday faoliyat turlari rag`batlantiriladi?
Oliy ta'lim tashkilotlari hududida:
• pullik o`quv kurslari;
• sport to`garaklari;
• boshqa ta'lim xizmatlarini tashkil etish.
Rag`batlantirishlarning mohiyati nimada?
Talabalarning ushbu faoliyat turlaridan olingan daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`idan ozod qilinadi.
Masalan, talaba o`zi o`qiydigan universitet hududida sport to`garagi tashkil qildi va 5 mln so`m ishlab topdi. 5 mln so`mning hammasi – bu talabaning daromadi va ushbu summadan soliq to`lanmaydi.
Imtiyozdan foydalanish uchun bunday faoliyatni qanday tashkil qilish kerak?
Buning uchun talaba quyidagi tarzda o`zini o`zi band qilgan shaxs sifatida ro`yxatdan o`tishi kerak:
• maxsus mobil' ilova orqali;
• soliq to`lovchining shaxsiy kabineti orqali;
• soliq xizmatida.
Ro`yxatdan o`tish uchun nimalar kerak bo`ladi?
Quyidagilarni ko`rsatgan holda so`rovnomani to`ldirish:
• JShShIR;
• amalga oshirmoqchi bo`lgan faoliyat turi;
• mehnat faoliyatini amalga oshirish nazarda tutilgan manzil;
• mobil' telefon raqami.
FIO, pasport yoki ID-kartasi ma'lumotlari, yashash joyi DSQ va IIV ma'lumotlar bazasidagi ma'lumotlar asosida avtomatik tarzda shakllantiriladi.
O`zini o`zi band qilgan shaxslar faoliyatni amalga oshirish joyi bo`yicha ro`yxatdan o`tkaziladi.
O`zini o`zi band qilgan shaxs sifatida ro`yxatdan o`tishni qanday hujjat tasdiqlaydi?
Belgilangan shakl bo`yicha QR-kod bergan holda O`zini o`zi band qilgan shaxs sifatida ro`yxatdan o`tganlik to`g`risida ma'lumotnoma. Uni o`zini o`zi band qilgan shaxsning xohishiga ko`ra maxsus mobil' ilova, soliq to`lovchining shaxsiy kabineti orqali yoxud qog`oz shaklida soliq xizmatida olish mumkin.
Tashkilotlar o`z xodimlari va ularning oila a'zolari uchun madaniy tadbirlarga soliqlarsiz haq to`lashlari mumkin.
Tashkilotlar qaysi soliqlardan va qanday miqdorda soliq solishdan ozod qilinadi?
To`lanayotgan soliq turiga qarab, tashkilotlar foyda solig`i yoki aylanmadan olinadigan soliqdan ozod qilinadi.
Imtiyoz summasi tashkilotning tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan olingan daromadining 0,5%ini tashkil qiladi.
Masalan, tadbirkorlik sub'ektining realizatsiya qilishdan olingan daromadlari 1 mlrd so`mni tashkil etsa, ushbu summaning 0,5%i – 5 mln so`m bo`ladi. Agar tashkilot ushbu summa doirasidagi mablag`larni o`z xodimlari va ularning oila a'zolari uchun madaniy tadbirlarga biletlar xarid qilish uchun yo`naltirgan bo`lsa, ushbu mablag`lar summasiga foyda solig`i yoki aylanmadan olinadigan soliqning soliq bazasini kamaytirish orqali soliq solinmaydi.
Harajatlarning qaysi turlari ushbu imtiyoz ostiga tushadi?
Tashkilotlarning o`z xodimlari va ularning oila a'zolari uchun ommaviy-madaniy va kontsert-tomosha tadbirlariga biletlar xarid qilishi bilan bog`liq xarajatlari.