Statistik ma'lumotlarga ko`ra, AQSh da 2021 yilning o`zida avtomobilda yolg`iz qoldirilgan 30 nafar bola olamdan o`tgan. 2022 yilda bu raqam bir yarim barobar katta – 44 nafarni tashkil qilgan. 1998 yildan beri esa jami 737 ta bolakay avtomobilda yolg`iz qoldirilishi oqibatida nobud bo`lgan. Ularning 70 foizi hali 2 yoshga to`lmagan go`daklar edi.
Bu birgina davlat miqyosidagi holat. Avtomobilning naqadar xavfga to`la joy ekanligini anglatadi.
Bola bilan rulga o`tirar ekansiz, quyidagi xavfsizlik qoidalariga amal qiling.
- Salonda kichkintoylarni maxsus avtokresloda olib yuring.
- Orqani ko`rsatadigan oyna tashqarini to`liq ko`rsatishi kerak, orqa o`rindiqda o`tirgan bolangizni emas. Siz farzandingizni doim ko`rib turgan holda tashqaridagi ahvolni bilish uchun hadeb orqaga qarayversangiz, bu yomon oqibatga olib kelishi mumkin. Yaxshisi, ikkita orqani ko`rsatadigan oyna o`rnating: birinchisi tashqarini ko`rish uchun, ikkinchisi orqa o`rindiqni.
- Hech qachon, hatto bir daqiqaga bo`lsin bolani avtomobilda yolg`iz qoldirmang. Bu o`rinda qo`llaydigan har qanday ehtiyot choralaringiz oxir-oqibat bolakay uchun katta xavfga aylanishi mumkin. Bolani avtokresloga kamar bilan mahkamlab ketsangiz, asabiy zo`riqishi, tipirchilashi va kamarga o`ralib, bo`g`ilib qolishi mumkin. Eshiklarni qulflasangiz, dimiqadi, ochib ketsangiz, yo katta ko`chaga chiqib ketadi, yoki yuqorida keltirilgan voqeadek, oynani ochib, xavf tug`diradi. Bundan tashqari, tezlik richagini o`ynashi, avtomobilni qo`l tormozidan chiqarib yuborishi, pedallarni tartibsiz bosib avtomobilni harakatga keltirishi ham mumkin.
- Agar yo`l-patrul' xodimi sizni to`xtatsa, bolani mashinada qoldirib, o`zingiz tushmang. Rulda qimirlamay o`tiravering, xodim o`zi kelib, siz bilan gaplashadi. U, shunchaki, hujjatlaringizni tekshirish uchun to`xtatgan bo`lsa, bu ayni muddao. Bordiyu, sizdan mashinadan tushib dalolatnoma tuzish uchun u bilan borishingizni so`rasa, bu bir necha daqiqa davom etadi-ku degan o`y bilan kichkintoyni mashinada qoldirmang, uni ham o`zingiz bilan olib chiqing.
Yuqoridagi oddiy, ammo muhim qoidalarga rioya qilish bilan siz, avvalo, kichkintoyingizning xavfsizligini, qolaversa, o`z xotirjamligingizni taminlaysiz. Bilib bo`lmaydi: bir daqiqada bitadigan ishingiz yarim, hatto, bir soatga ham cho`zilishi mumkin. Bolangiz siz bilan bo`lgani ma'qul. Farzandlaringizni asrang!