Ta'lim olish har bir insonning huquqi. Ammo dunyo statistikasi ayollarning ta'lim borasida erkaklardan ancha orqada qolayotganini ko`rsatadi.
Internet ma'lumotlariga ko`ra, dunyo bo`yicha yoshi katta avlodning 700 mlndan ortig`i savodsiz deb tan olingan bo`lsa, shundan 2/3 ayollar ekan.
O`qishni va yozishni bilmaydigan 120 mlndan ortiq yoshlarning 70 mlndan ortig`i ayol-qizlarni tashkil etadi.
Eng qizig`i, so`nggi 20 yil ichida ilm olish metodlari, usullari takomillashib, internet hayotimizga kirib kelgani hamda insonlarning yashash turmush-tarzi rivojlanganiga qaramasdan ayollarning ilm olishi bo`yicha statistikada ijobiy o`zgarish bo`lmagan.
Afsuski, bugungi kunda 30 mlndan ortiq (balki undan ham ko`p) qiz farzandlar maktabga borishdan, harf tanishdan, yozishni o`rganishdan mahrum.
Bunga asosiy sabab aksariyat davlatlarda qiz va o`g`il bola ta'limiga birdek qaralmayotganidir.
O`zbekiston umumiy o`rta ta'limga o`g`il va qizlarni teng jalb qilayotgan, majburiy maktab ta'limini berayotgan kam sonli davlatlardan biri hisoblanadi.
Ammo oliy ta'limga qamrov borasida statistikamiz quvonarli emas. O`tgan yilgi statistik ma'lumotlarga ko`ra, oliy ta'limdagi qizlarning soni oshgan. Ularning ulushi 40 foizni tashkil etdi. 2011 yil deyarli 9 yildagi ko`rsatkich taqqoslaganda atigi 4 foizga ortgan.
Ma'lumotlarga ko`ra, ayni vaqtda o`rta ta'lim olgan xotin-qizlarning 35 foizi ishlaydi, oliy ma'lumotli xotin-qizlarning esa 68 foizigina ish bilan ta'minlangan.
Ayol oliy ma'lumotli yoki biror kasb-korli bo`lmas ekan, jamiyatda o`z so`zini ayta olmaydi. Shu bilan birga qo`lida kasbi borlarni ish bilan ta'minlash ham bugungi kunning og`riqli dardlaridan biridir.
Zero, har bir qizga ta'lim berar ekanmiz, ularga bo`lajak ona sifatida qarashimiz kerak. Qizlar — butun jamiyat tarbiyachilaridir.