x

Yaqinda dugonam Mahfuzanikiga mehmonga bordim. O`rtog`imning uyida oz fursat bo`lgan bo`lsam-da ammo bu mehmondorchilik menga juda katta saboq bo`ldi.

Hullas, shu kuni dugonamning turmush o`rtog`i tushga yaqin uyga keldi. U mashinasidan tushishi bilanoq hovlida o`ynab yurgan o`g`ilchasini chunonam so`zlar bilan haqoratlay boshladiki, bu so`zlarni eshitish men uchun og`ir edi. Ajablanarlisi, Mahfuza bu so`zlarini odatdagidek qabul qildi.

Nahotki, oila boshlig`ining bolalariga munosabati shu bo`lsa?! Unda bu xonadonda ulg`ayayotgan o`g`il-qizlar odob va tarbiyani kimdan o`rganadi? Bunday otalar yaqinlariga qanday o`rnak bo`la oladi? Kelajakda o`g`il (bo`lajak ota) sevikli ayoli va bolalariga qanday munosabat ko`rsatadi?

Erkak – oila boshlig`i, xonadon ustuni. Bu e'tirozsiz qabul qilingan me'yordir. Ana shu me'yorni ushlab turish, ota rolini munosib bajarish, uni maromiga etakazish, har bir erkakdan katta ma'suliyatni talab etadi. Chunki uning har bir xatti-harakati bolalarning diqqat markazida bo`ladi. Farzandlar, ayniqsa, o`g`il bolalar istaysizmi-yo`qmi, otaga, uning yurish-turishi, odob-axloqiga taqlid qiladi.

Ota tinmay mehnat qiladi, elib-yugurib, ro`zg`origa rizq va baraka keltiradi. U oilani boshqarishni o`z burchi deb biladi. Honadonda tarbiya topayotgan o`g`il farzandlar o`zlarini ota qiyofasida ko`rishga va ulardan nusxa olishga harakat qilishadi. Ro`zg`or yuritish, farzandlar tarbiyasi esa sevimli va mehribon onalar zimmasidagi vazifadir. Ota hurmatini joyiga qo`yish, er-xotin munosabatlarini farzandlariga namuna qilib ko`rsatish ayolning mahoratiga bog`liq.

Ota, eng avvalo, farzandlar tarbiyasiga ijobiy ta'sir etishini anglagan holda oiladagi munosabatlarni to`g`ri tashkil etishi lozim. Lekin buning aksi bo`lsa, u otalik mas'uliyatini chuqur his qilmasa, o`z mavqei haqida o`ylamasa, demakki, bunday oilada muvozanat buziladi. Bolalarda padari buzrukvoriga nisbatan ishonch, g`ururlanish hissi so`nib boradi. Bu holat ayniqsa, o`g`il bolalar ruhiyatiga salbiy ta'sir ko`rsatadi. Chunki, ular uchun otasidan kuchli va aqlli inson yo`q, dunyoda. O`smir yoshiga etgan o`g`il-qizlarda bu holat ayniqsa, kuchli seziladi.

Do`stona munosabat o`rnatish

O`smir yoshdagi o`g`il farzand otalari bilan muloqot qilish va ular bilan turli mavzularda suhbat qurishni qalban xohlaydilar va shunga ehtiyoj sezadilar. Bu vaqtda ota o`z dilbandi bilan do`st-suhbatdosh sifatida munosabatga kirishsa, farzand ham padarini eng yaqin inson sifatida qabul qiladi. O`z orzu-istaklarini otasiga ochiq bayon eta oladi, hatto, uni qiynayotgan muammolarni ham aytishga jur'at topadi. Ota bolani tinglash va uning yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda munosabatni tashkil etish va har bir farzandining his-tuyg`ularini tushuna olish qobiliyatiga ega bo`lishi kerak.

Qushuyasida ko`rganini qilad(mi?)

Oilada ota-ona asosiy tarbiyachi hisoblanadi. Tarbiyaning esa uslublari ko`p. O`rgatish, tushuntirish, taqiqlash va hokazo. Lekin tarbiyaning eng samarali usuli – namuna ko`rsatishdir. Shuning uchun xonadonda o`g`il-qizlarga qanday namuna ko`rsatilsa, ana shu fazilatlar ularda aks etadi. Masalan, ota cheksa, ichsa, haqoratli so`zlar aytsa, voyaga etayotgan farzandlarning tarbiyasiga juda katta ta'sir etadi. Bu munosabatlarni ko`rgan o`g`il-qizlar oddiy jarayondek qabul qiladi. Oqibatda farzandlar ulardan nusxa oladi. Bundan ko`rinadi-ki, ayrim otalarning axloqi, uyida o`zini tutishi, ichkilikbozligi va boshqa salbiy holatlari bolalariga yomon ibrat bo`ladi, albatta. “Qush uyasida ko`rganini qiladi” – deydi, dono xalqimiz. Shu sababli farzand andozani, eng avvalo, ota-onasidan oladi.

Namuna ko`rsatish

Otaning onaga bo`lgan munosabatiga qarab, qizlar odatda o`zini kelajakda turmush o`rtog`iga nisbatan qanday munosabatda bo`lishini o`rganib boradi. O`g`il bolalar tarbiyasida ham shunga o`xshash tamoyil ustuvor bo`ladi. Ya'ni, ular ham ota-onalarning o`zaro munosabatlariga mos tarzda o`zini kelajakda oila boshlig`i, er roliga hamda onasining yurish-turishi va farzandlarga munosabatiga qarab, onalik roliga ruhan tayyorlab boradi. Va xuddi shunday oila qurishga harakat qiladi.

Shunday ekan oilada sog`lom munosabatning shakllanishida qolaversa, farzandlarni etuk va komil inson bo`lib voyaga etishilarida otalarning roli va o`rni juda ham beqiyos. Har bir insonning hayotidagi eng katta boyligi bu uning farzandlaridir. Har bir ota-ona farzandini yaxshi tarbiyalash, ularning orzularini amalga oshirishni va yuksak cho`qqilarga erishishini istaydi. Bu orzu-istaklar o`z-o`zidan bo`lmaydi. Bunday vaziyatlarda ota-onalardan tarbiyada o`ta noziklik va hushyorlikni talab etadi, albatta. Ular burchlarini sidqidildan bajarsagina o`ylagan maqsadlariga erisha oladi.

 

ZamiraBILOLOVA,

psixolog

 

 

 

To Top ↑
To Top ↑