Bola aqlini tanimasidan, bir yoshidan boshlab ota ham u ovqatlanayotganida o`zini unga tanitib borishi kerak. O`zi ovqatlanib ko`rsatishi, bola ongini tanimay turib buni o`ziga singdira borsa, unda bu ko`nikmaga aylanadi. Keyinchalik dasturxon atrofida bolani urishishga hojat qolmaydi.
"Bolalarni tinchit, keyin men chikib ovkatlanaman", degan erkak qattiq yanglishadi. Chunki bolalarning to`ng`ichi etti-sakkiz yoshga etgach, u ukalari bilan doimgidek birga ovqatlanadi, onasining o`rnini bosa boshlaydi. Ammo ularning dasturxoni atrofida endi «begona», buning ustiga tomdan tarasha tushganday hadeb do`q-po`pisa qilaveradigan ota ortiqcha bo`lib koladi. Ularning dasturxon atrofida o`tirish, ovqatlanish ko`nikmalari to`g`rimi-noto`g`rimi, allaqachon ong ostiga joylashib bo`lgan. Ehtimol, ularning bu ko`nikmalari otasiga ma'kul kelmas. Masalan, kichkintoy oldidagi taomni eyishdan oldin o`tirgan joyida ba'zi beozor qiliqlar qilib, kayfiyatini o`nglash, ya'ni o`z ishtahasini «chaqirishga yoki taom eyish davomida ham shunday qiliqlarni takrorlab sekin ovqatlanishga odatlangan. Bu holni ko`rgan otasi "tez-tez e, o`ynama"- deb uni ogoxlantiradi. Bola injiqlanishga tushadi. Oqibatda erkak farzandlariga dasturxon atrofida aytishga mo`ljallangan boshqa mavzudagi saboqlarni ham berolmaydi, asabiylashadi.
Ota "endi tarbiya beradigan vaqtim keldi" deb o`ylagan, ammo ancha kechikkan bo`ladi. Hatoni to`g`rilash uchun endi u sabr bilan ish tutishi, asta-sekin yaxshi so`zlar va uz ibrati bilan ularga tarbiya berishiga to`g`ri keladi. Dasturxondan yana uzoqlashish esa endi oldingisidan ham jiddiy xato hisoblanadi. Keyinchalik ota va farzandlar bir-birini tushunolmay qolishi, bir uyda yashab, ana shunday yiroklashishlar natijasida paydo bo`ladi.
Bugungi tezkor zamonning bolalarga ta'sir vositalari soni ko`p va tezlik bilan ortib bormokda. Shu bois sal vakt topsangiz, bu damlarni biror marta xam uvol qilmang, farzandingiz bilan yaqinroq bo`ling. Uni o`z do`stingizga aylantiring, shunda bir-biringizni tushunolmay qolish holatlarining oldini olasiz. Farzandingiz go`dakligidayok u bilan birga ovqatlanishdan boshlangan yaqinlik asta-sekin birga o`ynash, birga dars qilish, o`rganish-o`rgatish, kitob do`koniga birga borish, uni uylantirgan mavzuda suhbatlashish, hisob-kitob xarajatlar haqida tushuntirib borish, muammolarni birgalikda xal etish kabi eng oddiy, ammo juda muhim ko`nikmalar orqali shakllanib boradi.
Sardor Nazarov