Hayotning o`z hisob-kitobi bor. Donishmandlarning aytishicha, yaxshilik o`n barobar, yomonlik uch barobar kaytar ekan. Yomon odatlar ham ana shu yomonlik sirasida baholanishi mumkin. Chekishga mukkasidan ketgan yoki komp'yuter kasalligiga o`zini mubtalo kilib, tun bo`yi undan bosh ko`tarmaydigan ota aslida, o`ziga va oilasiga yomonlik qilayotganini inkor etib bo`ladimi?! Shuni unutmasligimiz lozimki, otaning yomon odatlari farzandida aks etar ekan, bu odatlar bolada ikki-uch barobar ortgan holda namoyon bo`ladi. Hayotda bunga misollarni ko`p uchratgansiz. O`zingiz ko`rgan-bilganlaringizning hayotini ko`z oldingizga keltirsangiz, kimlardandir eshitgan va qayerdadir o`qigan vokealarni ham bir o`ylab ko`rsangiz, bunga amin bo`lasiz. Yomon odatlarni tashlashga irodasi, o`ziga kuchi etmagan ayrim otalar boshqalarning oldida biror aybini tan oladi, aslida, shu iqror orkali o`z xatosini yana davom ettirish imkonini saklab qolishga urinadi. Masalan: «O`g`lim katta bo`lganida mening falon yomon odatimni takrorlasa, uni tushunaman», deb o`ziga taskin beradi va boshkalar unga e'tiroz bildirishiga chek qo`yadi. Bunday otalar juda qattiq yanglishadilar. Chunki hayot odamning izmiga bo`ysunmaydi, uning o`z qaytimlari, o`z hisob-kitobi bor. Vaqt o`tganidan so`ng, bir kun kelib: "Men bunchalik emas edim-ku, nega o`g`lim bu qadar yomon axvolga tushib qoldi?" - deb taqdirdan norozi bo`lish o`rinli emas. Donishmandlar va hayotning o`zi insonni doim bunday hisob-kitobdan ogoxlantirib keladi. Erkak kishi irodali bo`lishi, nafsiga aldanmasligi, xalq tili bilan aytganda, shaytonning nog`orasiga o`ynamasligi lozim. "Men erkak kishiman, uyda mening aytganim bo`ladi" deb, aslida u o`z nafsining aytganiga qul bo`lishi oilada tarbiyachilik zimmasiga yuklatilgan erkak kishiga munosib ish emas.
Sardor Nazarov