x

Bolaga darsdan so`ng charchoqni yozish uchun chiroyli o`yinlarga izn berish mumkin. Lekin tinkasi quriydigan darajada o`yin bilan mashg`ul bo`lib qolishi durust emas. Shuningdek, bolani o`yindan butkul mahrum qilib, doimiy ta'limga majburlash ham yaramaydi. Bunday yo`l tutish yosh qalbni o`ldiradi, zakovatni so`ndiradi, hayotdan bezish tuyg`usini paydo qiladi. Fursat bo`ldi deguncha bola bu tang sharoitdan kelib chiqib ketish uchun hiyla axtaradigan bo`lib qoladi.

Bola otasiga, muallimiga, xoh yaqin, xoh begona bo`lsin, o`zidan yoshi katta tarbiyachiga itoat qilshni, ularga hurmat ko`zi bilan qarashni, ularning oldida har qanday o`yinni tark etishni bilishi lozim.

Bola yaxshi yomonning farqiga borgani sayin tahorat va namoz tarkiga uzri yo`qoladi. Ramazonda to`liq bo`lmasada, ba'zi kunlarda ro`za tutishga buyuriladi, ipak kiyimlardan qaytariladi. Umuman bu paytda bolaga shariat doirasida ehtiyoji tushadigan barcha narsalarni o`rgatish zarur.

Bolalarni o`g`rilik, harom, hiyonat, yolg`on, buzuqlik kabi illatlardan qo`rqitib o`stiriladi. Yoshi ulg`aygani sayin bolada bunday ishlarning siriga etish imkoni ko`rina boshlaydi. O`sha paytlarda bolalarga eslatma sifatida aytishim mumkin: «Taomlar doridir. Ularni iste'mol qilishdan maqsad – barchamizni yaratgan Zotning toatiga quvvat olish. Dunyo asl vatan emas, chunki unda boqiylik yo`q. O`lim dunyo ne'matini qirqadi. Dunyo o`tkinchi bir qo`nalg`a, oxirat esa qarorgohdir. O`lim – istalgan soat kelishi mumkin bo`lgan, kutilgan narsa. Bu dunyoda oxirat uchun oziq g`amlagan kishi haqiqiy oqil hisoblanadi. Haq taolo huzurida bunday kishining darajasi baland, jannatdagi nasibasi yanada bisyor.».

Agar boladagi yoshlik mastligining asli tuzuk bo`lsa, ayni voyaga etayotgan paytda aytilgan bu so`zlar unga foydali, shifobaxsh, xuddi toshga o`yilgan naqshdek qalbida chuqur iz qoldiradi. Agar aksi bo`lsa, bola o`yin kulguga beriladi, buzuq behayo ishlarga ulfat tutinadi, taomga ochko`zlik, libos, ziynat, faxru maqtanchoqlik kabi illatlarga muhabbat qo`yadi. Qalbi haqni qabul qilmaydigan bo`lib qoladi.

Bola tarbiyasida e'tibor zarracha susaymasligi lozim, ayniqsa ilk tarbiya davrida. Chunki bola yaxshilikni ham, yomonlikni ham qabul qilishga tayyor xilqatdir. Ota-onasi uni mana shu ikki tomondan biriga mayl etishiga sabab bo`ladi. 

Abu Homid G`azzoliy «Riyozatun nafs» (Nafs tarbiyasi) kitobi. Tarjimon Rashid-Zohid

To Top ↑
To Top ↑