Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) UNICEF bilan birgalikda Oʻzbekistondagi bolalarning monetar kambagʻalligi darajasi, shuningdek, ijtimoiy himoya tizimining kambagʻallik darajasiga taʼsirini tahlil qildi, deya xabar bermoqda markaz matbuot xizmati.
Mazkur tahlil ijtimoiy himoya tizimining samaradorligi va maqsadga muvofiqligini baholash, uning afzalliklari va kamchiliklarini aniqlash, shuningdek, ijtimoiy imtiyozlardan teng foydalanishni taʼminlash va jamiyatdagi kambagʻallik darajasini pasaytirish uchun uni takomillashtirish choralarini taklif qilish imkonini beradi, deyiladi hisobotda.
Hisob-kitoblarga koʻra, ijtimoiy nafaqalar boʻlmasa, mamlakatda bolalar kambagʻalligi darajasi 1,6 baravar oshadi. Bu Statistika agentligi tomonidan Jahon banki bilan hamkorlikda oʻtkazilgan uy xoʻjaliklari byudjeti oʻrganish maʼlumotlari asosida hisoblab chiqilgan.
2021-yilda oʻtkazilgan soʻrovda 10 ming xonadon ishtirok etgan boʻlsa, 2023-yilda mamlakat boʻylab 16 mingdan ortiq oila oʻrganilgan.
Uch yil ichida Oʻzbekistonda bolalar kambagʻalligi 7,8 foizga — 2021-yildagi 21,5 foizdan 2023-yilda 13,7 foizga kamaygan. Kambagʻallikni kamaytirish tendensiyalari shahar va qishloq joylari oʻrtasida sezilarli darajada farq qiladi. Xususan, qishloq joylarda bolalarning kambagʻallik darajasi 24,6 foizdan 14,5 foizgacha, shaharlarda esa 18 foizdan 13 foizgacha kamaygan.
Tadqiqot shuni koʻrsatdiki, bolalar kambagʻalligi darajasi eng past boʻlgan hududlar Navoiy viloyati va Toshkent shahri boʻlsa, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida esa bolalar kambagʻalligining nisbatan yuqori ekanligi qayd etilgan.
Ijtimoiy toʻlovlarni tahlil qilish
Ijtimoiy himoya milliy agentligi maʼlumotlariga koʻra, 2023-yilda Oʻzbekistonda ijtimoiy nafaqalarning umumiy qamrovi 10,8 mln kishini tashkil etgan.
Kam taʼminlangan oilalarni bolalar nafaqalari va moddiy yordam bilan qamrab olish — 2,1 millionta kam taʼminlangan oiladan 9 mln nafar kishini va 72,5 ming benefitsiar oilani tashkil etadi, umumiy toʻlovlar miqdori 12,3 trlnga teng.
ITIM, shuningdek, uy xoʻjaliklari guruhlari oʻrtasida ijtimoiy toʻlovlarning taqsimlanishini tahlil qildi. Ijtimoiy himoya tizimining samaradorligi va maqsadliligi ijtimoiy nafaqalarning taqsimlanishi, qamrovi va yetarliligi hamda ularning kambagʻallik darajasiga taʼsirini tahlil qilish orqali baholandi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, mavjud ijtimoiy himoya tizimi resurslarning salmoqli qismini aholining eng kam taʼminlangan qatlamlariga yoʻnaltiradi.
Xususan, hisob-kitoblarga koʻra, aholining 20 foizini tashkil etadigan eng badavlat oilalar guruhi umumiy ijtimoiy nafaqalarning deyarli 6 foizini, shu jumladan, bolalar nafaqasi oladigan uy-xoʻjaliklarining 4 foiziga toʻgʻri keladi. Aksincha, keksa yoshdagi pensiyalar aholining barcha guruhlari oʻrtasida nisbatan teng taqsimlanadi, bu keksa aholini taʼminlashga universal yondashuvni aks ettiradi.
Ijtimoiy yordamning kambagʻallik darajasiga taʼsiri
Tadqiqotda ijtimoiy himoya tizimining kambagʻallik darajasiga taʼsiri ham tahlil qilindi.
Daromad yetarli boʻlmagan taqdirda, daromadlar kambagʻallik chegarasidan past boʻlsa, ijtimoiy oʻtkazmalarning yetishmasligi kambagʻallik darajasini 11 foizdan 20,8 foizgacha, bolalar kambagʻalligini 13,7 foizdan 21,8 foizgacha va kambagʻal pensionerlar ulushini — 7,3 foizdan 31,4 foizgacha oshiradi, degan xulosaga keldi tadqiqotchilar.
Xabarda qayd etilishicha, Oʻzbekiston barqaror rivojlanishning birinchi maqsadi — 2030-yilgacha kambagʻallikni barcha shakllarda bartaraf etishga sodiqligini namoyish etmoqda.