x

Millatimizning o‘tmishdan saqlanib kelayotgan o‘z qadriyatlari, urf-odatlari bor. Farzand dunyoga kelgach, unga chiroyli ism qo‘yish, go‘zal tarbiya berib, sog‘lom kamolga yetkazish, o‘qitib, kasb-korga yo‘naltirish, uyli-joyli qilish azaldan otaning farzand oldidagi burchi sanalgan.
Biroq  bizning davrimizga kelib, ota-bobolarimiz e’zozlab kelgan ana shu urf-odatlarni chetga surib, arzimagan kelishmovchilik bahonasida ajrashib ketayotgan ota-onalar farzandiga mehr berishdan o‘zini olib qochayotgani, o‘z jigargo‘shasiga aliment pulini ko‘zi qiymayotgani, moddiy yetishmovchilik yoki qarovsizlik oqibatida farzandi yo‘lda adashsa ham unga achinmayotgani beixtiyor kishini o‘yga toldiradi.  

Aslida ajdodlarimiz oila qurgach, jiddiy sabab bo‘lmasa, turmush o‘rtog‘i bilan ajrashishni, nikoh rishtalarini uzsa ham farzandini yolg‘izlatib qo‘yishni o‘ziga or bilgan. Onasi bag‘rida o‘nib-o‘sayotgan bo‘lsa-da, unga e’tibor bergan. Moddiy ta’minotiga qarashgan.  

Bir oilani eslayman: ikki qiz farzandli er-xotin ajrashdi. Ikkovi ham dehqon oilasida ulg‘aygan. O‘zlari ham oddiy ishchilar edi. Qizaloqlar ona qaramog‘ida qoldi. Turmushga chiqmadi. Ota boshqa birovi bilan oila qurib ketdi. Lekin qizlarini tashlab qo‘ygani yo‘q. Ulardan vaqt-bevaqt xabar olib turdi. Moddiy ta’minotiga qarashdi. Ikki qizi ham oila qurayotganida uyiga borib, o‘zi kuzatdi. Turmushlari baxtli, hayotlari totuv bo‘lishini tilab, duo qildi. Bu erkakning ham sobiq turmush o‘rtog‘idan ko‘ngli sovib ketgan bo‘lsa-da, topgan-tutganining bir qismini ikkinchi oilasidan orttirib ikki begunoh farzandining baxtu kamoli uchun sarfladi. Toki qizlari hayot yo‘lini topib olgunicha farishtadek ikki qizining haqqi-hurmati  sobiq oilasidan mutloq yuz o‘girib keta olmadi.  

Bu otani hozir ajrashib ketayotgan oilalarga qonunlarda, dinu diyonatimizda belgilangan burchini bekamu-ko‘st bajargan, otalik vazifasini dildan ado etgan inson sifatida ibrat qilib ko‘rsatsa arziydi. Chunki, bugun ajrashgan oilalar aksariyatining ko‘ngliga quloq tutsangiz, tamomila boshqa manzaraga duch kelasiz. Ota farzandidan yuz o‘girgan. Ona sobiq turmush o‘rtog‘ini ko‘rarga ko‘zi yo‘q. Mundoq har ikkisining ham hayoti bilan qiziqsangiz, ko‘pchiligi oliy ma’lumotli. Afsuski, suhbatlashsangiz, gapida ham, keltirayotgan vajida ham tayin yo‘q. Shu tobda chuqur o‘yga botasiz: nahotki, bo‘y yetayotgan yigit-qizlarimiz hali turmush qurishga, oila, degan muqaddas qo‘rg‘onning eshigidan kirishga, hayot sinovlaridan gavdasini tik tutib o‘tishga tayyor emas? Ular yengil-yelpi turmushni qayerdan o‘rganmoqda? Oiladami, do‘stlar davrasida yoki ko‘cha-kuydami...?

Tahlillarga ko‘ra, ayni paytda ayrim qaynonalarning yosh kelinga juda talabchanligi, yosh-kelin kuyovlarning oila qo‘rg‘oniga yengil-yelpi qarayotgani, o‘z vazifasini, oiladagi mas’uliyatini tushunmasligi, his qilmasligi va besabrlik singari holatlar ham oilalar darz ketishiga olib kelmoqda. Ba’zi kelinlarning yengil o‘ylab, farzandli bo‘lgach, kuyovdan aliment undirish va istagan ishini qilib yurishni ko‘ngliga tugishi oilaviy ajrimlarni keltirib chiqarmoqda.

Mamlakatimizda oilaga jamiyatning eng muhim bir bo‘lagi sifatida qaraladi. Shu maqsadda keyingi yillarda oila institutini mustahkamlash uchun davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va fuqarolarning yaqin hamkorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotir. Institutsional va huquqiy asoslari takomillashtirilayapti. Ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarni yarashtirish choralari ko‘rilmoqda.Oilasiga jiddiy darz ketib, ajrashganlar uchun farzandining moddiy ta’minotiga aliment mablag‘i to‘lash majburiyati yuklanmoqda.

Masalan, hozir MIB Surxondaryo viloyati boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari 24 ming 441 ta aliment bilan bog‘liq ijro hujjatlarini yuritmoqda. Ularning 387 nafarini aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagani uchun Majburiy ijro byurosi Surxondaryo viloyati boshqarmasi qidiruv shu’basi qidiruvga bergan. Shu yilning o‘tgan davrida qidiruvdagi alimentchi otalarning yuzga yaqini topilib, ijro harakatlarini davom ettirish uchun davlat ijrochilariga topshirilgan. Masalan, Termiz tumanida yashovchi Zokir Jovliyev (ism-sharif o‘zgartirildi) aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab xorijga chiqib ketgani uchun davlat ijrochisi unga nisbatan qidiruv e’lon qilgan. Olib borilgan tezkor  qidiruv tadbirlari chog‘ida qarzdor ota topildi. U jigargo‘shasiga 32 million 300 ming so‘m aliment qarzlarini to‘lashdan bosh tortgani uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tuman sudining qarori bilan  unga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.  

Qonunchiligimizga ko‘ra, bu jazo farzandi oldida o‘z burchini bajarishni istamagan otani aliment to‘lovidan ozod etmaydi. Agar belgilangan muddatda jigarbandining moddiy ta’minoti uchun belgilangan mablag‘ni to‘lab bermasa, jinoiy javobgarlikka tortilishi ham hech gap emas.

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda qidiruv e’lon qilingan aliment to‘lovchi qarzdorlarning 107 nafari Rossiya Federatsiyasiga, 14 nafari Qozog‘iston, 5 nafari Turkiya, bir nafardan AQSH va Yevropa davlatlariga chiqib ketgani aniqlanib, ularga nisbatan davlatlararo qidiruvni amalga oshirish yuzasidan xalqaro shartnoma asosida so‘rovnoma yuborilgan.  

—Masalaga chuqurroq yondashsangiz, aliment to‘lashdan bo‘yin tovlashdan otalar or qilishi kerak, –deydi MIB Surxondaryo viloyat boshqarmasi katta inspektori Qobiljon Tursunov. – Lekin davlat ijrochilarimiz aliment to‘lovchi otalarni izlaganida turli joylarga, shu jumladan, uyning yerto‘lasiga yashirinib olgan holatlarga ham duch kelayapti. Xorijga chiqib ketganlarini qo‘yaturing, farzandidan uzoqlashmay, unga moddiy yordam bermayotganlarni qanday tushunish, izohlash mumkin? To‘g‘ri, hamma alimentchilar ham bolasiga e’tiborsiz, deya olmaymiz. Oylik to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirib, farzandi oldida yuzi yorug‘ bo‘lib yurganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ayrim chet elda yurganlari  ham topilgach, tushuntirsangiz, gapingizga quloq tutadi. Farzandiga mehr ko‘rsata boshlaydi Misol uchun, Muzrabot tumanida yashovchi Said Tillayev sudning 2020 yil yanvardagi buyrug‘iga asosan ikki farzandiga aliment to‘lashi belgilangan. Davlat ijrochilari u sud buyrug‘idan bir yil avval chet elga chiqib ketganini aniqlab, qidiruv e’lon qilgan. Xorijda yurgan qarzdor ota bilan bog‘lanib, unga ijro harakatlari yuzasidan tushuntirish berilganida  otalik burchini his etgan qarzdor aliment pulini to‘liq to‘lab berdi.  

Aliment to‘lovi bilan bog‘liq bunday xabarni eshitsangiz, albatta, dilingiz biroz yorishgandek bo‘ladi. Chunki, er-xotinning ajrashishidan voyaga yetmagan farzandlar jabrlanmasligi, moddiy ta’minot yetishmovchiligidan ular ozor chekmasligi kerak.  

Oila va uning muqaddasligi bilan bog‘liq qonunlarimiz, davlatimiz amalga oshirayotgan islohotlar va tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladigan milliy qadriyatlarimizning ham asl negizida farzand tarbiyasi va ta’minotida  ota-onaning mas’ulligi to‘g‘risidagi  ezgu g‘oyalar  yotibdi.

To Top ↑
To Top ↑