Isroilning G‘azoga nisbatan amalga oshirayotgan harbiy hujumlari tinch aholini tobora qiyin ahvolga solib qo‘ymoqda. Qolaversa, G‘azoga yuborilgan insonparvarlik yordamlari chegaradan o‘tkazilmayotgani sektorda ochlik xavfini oshirmoqda. Buning ta’sirida hududdagi mavjud sanoqli shifoxonalarda ham ahvol yomonlashgan.
G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, so‘nggi bir necha kun ichida 15 dan ortiq bola to‘yib ovqatlanmaslik va suvsizlik oqibatida vafot etdi. Shu bilan bir qatorda, hududda elektr uzilishi, ichki muammolar, tibbiy imkoniyatlar yetishmasligi tufayli sog‘liqni saqlash sohasi og‘ir ahvolga tushib qolmoqda.
“Elektr generatori va kislorod to‘xtatilishi, zarur asbob-uskunalar taqchilligi natijasida kasalxonaning terapiya bo‘limida davolanayotgan 6 nafar bolaning hayotiga xavf solinayotganidan xavotirdamiz”, deb bayonot berdi G‘azo SSV vakili.