x

Yaqinda Rossiyada bir tadqiqot o'tkazildi. Unda farzandlar ota-onalariga moddiy yordam berishlari haqida so'rovnoma o'tkazilgan. Ma'lum bo'lishicha, respondentlarning yarmi o'z ishlagan pulidan ota-onasiga moddiy yordam berishini ma'lum qilgan.

Natijalarga ko'ra, 23 foiz rossiyaliklar ota-onasiga ko'proq yordam berishga intiladi, 16 foizi bu farzand gardanidagi mas'uliyat deb biladi va 11 foizi faqat ota-onasi so'ragandagina ularga yordam ko'rsatadi.

50 foiz qatnashchilar ota-onasiga yordam bermasligini ma'lum qilgan. Ularning 12 foizi yordam berishga imkoniyati yetmasligini, 9 foizi esa aksincha ota-onasidan yordam olishini tan olgan. Respondentlarning 6 foizi alohida oila bo'lib chiqqach, qarindoshlarning bir-biriga moddiy yordam ko'rsatishi odat tusiga kirmaganini ta'kidlagan bo'lsa, 23 foiz ishtirokchi ota-onaga yordam berishga hojat yo'q deb hisoblashini aytgan.

Shuningdek, tadqiqotda ota-onasiga moddiy ko'mak beruvchi farzandlar daromadining qanchasini ularga berishi ham so'ralgan. Respondentlarning 24 foizi o'z daromadining atigi 10 foizini ota-onasiga berishini aytgan. Olti foiz qatnashchi daromadning 25-50 % qismini ota-onasiga bersa, faqatgina 3 foiz farzandlar daromadining yarmidan ham ko'prog'ini ota-onasiga berishini ma'lum qilgan.

Bu rus millatining mentalitetiga mosdir, ehtimol. Lekin bizda vaziyat qanday? Farzandlar ota-onasi qarigan chog'da "ishimga aralashmang", "pulimni hisob-kitob qilib o'tiribsizmi?", "qorningiz to'q bo'lsa yetadida" deb nohaqlik qilib qo'ymayaptimi?

Aslida farzand necha yoshga kirmasin, qay darajaga chiqmasin, ota-ona u uchun ham rahbar, ham ustoz, ham do'st hisoblanadi. Ularni qarib qoldi, qorni to'q, usti but bo'lsa kifoya deyish noto'g'ri. Farzandini mushtdek paytidan inson darajasiga yetkazgan, jamiyatda o'z o'rnini topishini ta'minlagan ota-ona kuchdan qolgan vaqtida ana shu farzandlarining rohatini ko'rishga haqli albatta.

Shunday ekan, farzandlar ota-onasining nafaqat och qolmasligini ta'minlashi, balki sayohatlarga olib borishi, dam olishlariga sharoit yaratishi va odatiy ehtiyojlaridan tashqari ularga moddiy yordam berib turishi ham kerak, nazarimizda. To'g'ri, ularga pul bersak, "buni nima ham qilaman?" deb olmasliklari mumkin. Lekin o'z vaqtida bizning kelajagimiz, yaxshi hayotimiz uchun tinim bilmay ishlagan ota-onalarimiz o'sha paytda o'zlarini unutishgani, o'rni kelganda o'z vatanimizning boshqa shaharlariga ham chiqishmaganini eslatib, ularning ko'nglini olishimiz farzandlik majburiyatimiz desak ham mubolag'a bo'lmaydi.

To Top ↑
To Top ↑