x

Yodingizda boʻlsa “Sen kuchlisan” jamoasi oʻtgan yili oxirida Oʻzbekiston  Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar Vazirligi bilan hamkorlikda bayram oldi xayriya tadbirini uyushtirgan edik.

Oʻshanda tadbirga tashrif buyurgan xasta bolajonlar ichida koʻzlari katta-atta va judayam gamgin Ahmadjon ismli samarqandlik bolakay ham bor edi.

Qorbobo bir-biridan zoʻr sovgalar tarqata boshladi. Qiy-chuv, xursandchilik... Lekin... lekin hamma xursand, faqat Ahmadjon oʻziga berilgan  mashinachani rad etib, kayfiyati tushib, yigʻlab yubordi. Sababini soʻrasak, qorbobo yanglish sovga olib kelganini aytdi.

Kuyunchak, har bir bolaga parvona Marjona Nurmuhamedovaning ham yuzidagi tabassum goyib boʻlib bolaning boshini siladi:
– Oʻzing qorbobodan moshinacha soʻragandingku oʻgʻlim. Nega endi uni olmayapsan?
Ahmadjon onasini quchoqlab izillab yiglab yubordi:
– Men kichkina emas, oʻzim minadigan kattasini soʻragandim.
 
Yelkalari choʻkib, yoshidan ancha qarimsiq koʻrinadigan bechora onaizor tashkilotchilar oldida xijolat boʻlib  oʻglini qattiq quchdi.  Yupata olmagach siniq jilmayib ovozi titragancha  gina qildi:

– Shukur qilsangchi! Oʻzingda ham ayb bor-da bolam! Qorbobodan emas, Alloxdan soʻrashing kerak edi. Allox mehribon, yaxshilab soʻragin. Albatta olib keladi.

Axmadjon badtar yigʻlab yubordi:
– Men Alloxga Qorbobodan berib yuborishini soʻragandim, eshitmabdi...

Bir dunyo oʻyinchoq tarqatgan Qorbobobo ham choʻkkalab Axmadjonning boshini siladi:
– Men esi yoʻq cholni kechirgin bolam. Allox orzuyingni eshitib, menga seni xursand qilishni qattiq tayinlagan edi. Katta mashinani qopimga sigʻdira olmay, kichkinasini olib kelibman. Xafa boʻlmagin, keyingi Yangi yilga eng kattasini olib kelaman.

Ahmadjon chuqur xoʻrsindi va barchani yuragini zirqiratib, oyogʻimiz ostidagi yerni titratib yuborgan gap aytdi:
– Keyingi Yangi yilda men boʻlmasamchi?

Uni qattiq quchoqladim.
– Qanday sovgʻa soʻraganding bolam?
– Kattakon “Mers”. Qizil “Mers”.
– Nega aynan qizil?

Bolakay onasining quchogʻidan chiqib, bizni chetroqqa yetaklab sekin pichirladi:
– Chunki onam qizil ranglisini yaxshi koʻradi-da. Oʻgʻil bola boʻlib, onamni oʻzi yoqtirgan mashinaga mindira olmaymanmi?

Uni bagʻrimga bosib, qulogʻiga pichirladim.

–  Bugun... yoʻq ertaga oʻzing orzu qilganingdek qizil “Mers”ing boʻladi oʻgʻlim. Xoʻpmi?

U ishonmay boshini qimirlatdi.  Mening miyamda  esa  yagona reja bor edi. 

Uyimizda Ahmadjon orzu qilgan mashinadan bor. Aynan oʻzi. Qip-qizil “Mers”. Faqat Temurbek berarmikan? Axir uni yer-u koʻkka ishonmay, bir kunda oʻn marta changini artib qoʻyadi-ku. Tor uyda devorlarga urib pachoq qilmay deb, faqat hovliga chiqqanimizda juda avaylab minardi.

Oʻsha paytda Axmadjonning tahlil natijalari juda yomon chiqqan, shifokorlar qoʻllaridan hech narsa kelmasligini nadomatla tan olishgan, qanday  boʻlmasin  Temurbegimni koʻndirishim shart edi. Chunki yangisiga pulim ham yoʻq edi.

Bexisob shukur,  oʻgʻlim koʻp yalintirmadi.  “Mers” mingisi kelayotgan kasal bola hikoyasidan qattiq taʼsirlanib osongina rozi boʻldi. Faqat bir shart qoʻydi:
– “Mers”imni Ahmadjonga oʻzim ovorib beraman. Maylimi? 

Xursandchiligimdan  koʻz yoshlarimni  toʻxtata olmay bosh silkidim:
– Albatta. Albatta bolam!

U mashinasini obdon tozaladi. Quvvatlagichga qoʻyib quvvatini toʻldirgachgina mamnun jilmaydi.
– Qani, ketdik.  

Oʻsha kuni kasalxonadagi  xursandchilikni bir koʻrsangiz edi. Pult kalitni Temurbegimni qoʻlidan olgan   Ahmadjon koʻzlariga ishonmasdi. Lekin kimnidir qidirardi. Men qorbobo kiyimida edim. Obdon mingach, boshqa bolalarga ham navbat berib yugurib oldimga keldi va “Biz sen bilan doʻst boʻlamiz.  Mashinani yanayam kattarogʻini sovga qilaman. Faqat kasal boʻlma! Katta boʻlishga vaʼda ber!”  degan Temurbek tomon va boshqa bolalarga sovgʻa tarqatayotgan qorqiz-qizlarim tomon ishora qildi va hayajonlangancha dedi: 

– Siz Allohning Qorbobosisiz-a?  Sizlarni Alloh yubordimi? 

Bosh irgʻayabmanu, duv-duv yigʻlardim...

Oʻsha kuni Ahmadjonning onasi bizni kuzatib qoʻyar ekan. Qayta-qayta rahmat aytib, duo qildi.
– Shifokorlar oʻgʻlimning bir oylik umri qolgani, metastaz tez tarqayotganini aytishdi. Hamma narsamizni sotganmiz. Mashina olib beradigan imkonimiz yoʻq. Bolajonimning eng katta, balki soʻnggi orzusi ijobat boʻlmasligidan ich etimni kemirayotgan edim. Behisob shukr! Siz uni ijobat qildingiz. 

– Men, biz emas, Alloh uni ijobat qildi singlim. Alloh mehribon. Hali hammasi yaxshi boʻladi. Koʻrasiz!

Bugun ajoyib xushxabar eshitdim. Bir oylik umri qolgani taxmin qilingan Axmadjonning tahlil natijalari judayam yaxshi chiqib, uch oyga  Kashkadaryoga uyiga ketayotgan ekan. 
Xabarni Turkiyada Istanbul – Ankara  avtobusida  eshitdim. Shunaqa xursand boʻldim. Asti qoʻyaverasiz. Hayolan ular bilan birga Kashkadaryoga ketayotganday edim...

Muazzam Ibrohimova

To Top ↑
To Top ↑