x

Meni onam umurtqa bilan bog‘liq kasalliklarni davolaydigan xususiy shifoxonada hamshira bo‘lib ishlaydi. Yaqinda viloyatga borganimda bir masala bilan onamning ishxonasiga yo‘lim tushdi. Onamning oldiga kirishdan oldin tabiiyki, muolaja uchun navbat kutayotgan bemorlarga nazar tashladim va ular orasida taxminan 10-12 yosh atrofida umurtqasi nihoyatda qing‘ir-qiyshiq qizchaga ko‘zim tushdi.

Ming afsuski, ishim muhimligi uchun ular bilan gaplashishga fursat bo‘lmadi. Ammo onamlar uyga kelganlarida bemor qizcha haqida batafsil surishtirdim. Qizchada skoliozning (umurtqa qiyshayishi) og‘ir darajasi mavjud bo‘lib, uning o‘zi bu holatga kelishida onasini aybdor sanarkan. Ya’ni “Oyi, siz meni qiyshiq qilib tuqqansiz, bo‘lmasa nega boshqalar bunday emas” deya ta’na ham qilarmish. Tan olish kerakki, bu yerda onaning ham aybi bor, faqat qizchaning ta’nasi noo‘rin. Chunki ona uni qiyshiq tug‘magan, ammo u bu holatga kelgunicha unga beparvo bo‘lgan.

Qizchaning umurtqasi qiyshayishi sababi nimada? Shifokorlarning ta’kidlashicha, ushbu kasallik og’ir yuk ko‘targanidan va stol-stulda qiyshayib o‘tirganidan.

Bilamizki, bolaning suyaklari qotmagan va egiluvchan bo‘ladi. Katta ehtimol bilan bola maktabdagi partada to‘g‘ri o‘tirmagan, bu – birinchi sabab. Biroq bu uning shu darajada kasallanishi uchun yetarli asos bo‘lolmaydi. U o‘zining tanasi  ko‘tara olmaydigan darajada og‘ir yuk ko‘targan. Hoynahoy, uning ota-onasi dalaga olib chiqib tosh tashishga majburlamagandir! Sababni yaxshilab o‘ylab ko‘raylikchi? Maktab darsliklarining og‘irligi emasmikin-a?

Bolalar ryukzagi o‘rtacha 700-800 gramm chiqsa, bu-ku mayli, ammo qog‘oz yetarlicha og‘ir shunday emasmi? Bitta maktab kundaligi, 4-5 ta daftar, katta hajmdagi maktab darsliklaridan (boshlang‘ich sinf darsliklari bo‘yi — 29 sm, eni — 22 sm)  o‘rtacha 4 ta, bir qancha ruchka va qalamlar, 0,5 yelim idishda (yoki termosda) suv, tushlikda qorin aldash uchun oz bo‘lsa-da yegulik va hokazo. Yuqoridagilar bolalar sumkasi ichiga jamlanganda aytaylik 2-3 kilogramm chiqadi. Bu kabi og‘irlikdagi yukni deyarli har kuni ko‘tarish bolada umurtqa bilan bog‘liq kasalliklarni keltirib chiqarishi tayin.  Shu o‘rinda jurnalist Muazzam Ibrohimovaning Facebook’dagi postiga nazar tashlaymiz:

“6-sinf kitoblari mana shunday katta-katta. Birontayam kichkinasi yo‘q. To‘rttasini daftar-ruchka, qalam-palam, chizg‘ichlar bilan solib tarozida tortib ko‘ruvdim, salkam 3,3 kilo chiqdi.Yanayam men unga har kuni soladiganim 0,5 baklashkadagi suv, tanaffusda yegani buterbrod, haftada 2 kun bo‘ladigan jismoniy tarbiya darsiga forma, krossovkani solib tortmadim. Faqat o‘quv qurollarini o‘zini solib tortdim. Haqiqatda, har kuni sumkani yelkasiga osayotganimda o‘zi ozg‘in va jussasi kichik o‘g‘limga jonim achishayapti. Kitob chiqarganlarni otasiga “mingdan-ming rahmat”. “Barakalar topib ketishsin”. (Qo‘shtirnoqqa e’tibor bering!) Kelasi yil kitob chiqarayotganda darslar bir kunda 5-6 soat bo‘lishini va o‘quvchini bitta kitobi qolib ketsa, o‘qituvchilari “2” qo‘yishini hisobga olib chiqarishsin”.

Tan olishimiz kerakki, boshlang‘ich sinf darsliklari yetarlicha qiziq va puxta ishlab chiqilgan, albatta. Bolalarga har taraflama qulaylik yaratish olimlarning maqsadi. Shunga qaramasdan, uning hajmi bolalar uchun ziyon yetkazar ekan. Ehtimol, ularni qayta ishlab chiqish foydadan holi bo‘lmas.

Mumtozbegim ABDUMO‘MIN,

O‘zJOKU talabasi

To Top ↑
To Top ↑