Qozog'istonning Ulitau viloyatida bolalarni qullikda ushlab turgan ayol qo'lga olinib, tergov hibsxonasida saqlanayotgani xabar qilindi.
Qozog'istonning bola huquqlari bo'yicha vakili Dinara Zakiyeva bolalarning 5 yil davomida qullikda saqlanganini qayd etgan. Uning aytishicha, bolalar tijorat fermasida ekspluatatsiya qilingan yoki oddiyroq aytganda qul kabi ishlatilgan.
Zakiyeva fermaga borgan komissiya a'zolari bolalarning sharoitlarini ko'rib dahshatga tushganini hikoya qilib bergan.
"Ular ozib ketgan, tanasidagi yaralari qotib ketgan, charchagan, och holatda edilar. Bolalarni 2018-yilda mehribonlik uyidan asrab olgan vasiy shu paytgacha ularni tahqirlab, kaltaklagan va qiynoqqa solgan. Bolalarni qul qilib ishlatish barobarida ularni "tarbiyalagani" uchun bolalar nafaqasini ham qurutdek sanab olgan.
Katta qiz kollejni bitirgan, ikkinchi qiz kollejda o'qiydi. Ammo amalda ular fermada ishlagan. Rasmiylar ta'lim muassasasida tekshiruv olib borishi natijasida shu ma'lum bo'ldiki, vasiylar kollejga doimiy tarzda bolalarning kasal ekani haqida ma'lumotnoma taqdim etib kelgan.
Bularning barchasi yetmaganidek, ular yaqinda yana vasiylikka olish mumkin bo'lgan bolalar bor yoki yo'qligini so'rab mehribonlik uyiga murojaat qilishgan", – deydi Zakiyeva.
Hozirda bolalarning ahvoli yaxshi ekani va ularga yetarli oziq-ovqat, kiyimlar taqdim etilib, psixologik yordam ko'rsatilayotgani aytildi.