x

So’nggi kunlarda voyaga yetmagan bolalarga nisbatan tegajoqlik, jinsiy tajovuz va zo’rlash holatlari soni sezilarli darajada ortib bormoqda. Statistikalar ham insonlar orasida pedofiliyaga chalinganlar miqdori ko’payganini ko’rsatmoqda.

Pedofiliya – psixologik xastalik bo’lib, voyaga yetmagan bolalar bilan jinsiy aloqa qilishga bo’lgan kuchli va doimiy xohish. 

Bolalarga nisbatan sodir etilgan jinsiy zo’ravonlik dunyoning turli nuqtalarida turli ko’rinish va me’yorlarda jazolanadi. Jazo turi – bolaning yoshi, holati, voqea tafsilotlari, ayblanuvchining jinoyat tarixi va boshqa ko’plab omillar bilan bog’liq. Ba’zi davlatlar jinoyatchini o’ldirishgacha borsa, ba’zilari esa oddiy jarima bilan cheklanadi. Quyida, ushbu holat bo’yicha turli mamlakatlar miqyosida jazo turlari bilan tanishamiz.

Odatda, pedofiliya 16 yoki 18 yoshgacha bo’lgan bolalar bilan bog’liq holatlarnigina qamrab oladi. Pedodifiliya va bolaga jinsiy tajovuz qilish ko’plab normalarda bir-biridan ajratilgan va farqli deb qaraladi. Jazo uchun yosh chegarasi davlatning ichki qonunlarida belgilangan moddalarga tayanadi.

Masalan, Amerika Qo’shma Shtatlarida bolaga jinsiy tajovuz qilish jarima, qamash, jinsiy jinoyatchi sifatida ro’yxatga olish, shartli ravishda ozodlikdan mahrum qilish jazolarini o’z ichiga oladi. 16 yoshgacha bo’lgan bolani zo’rlash uchun o’rtacha qamoq jazosi kamida 30 yildan umrbodgacha bo’lgan muddatni tashkil qilishi mumkin, jazolar shtatlarga qarab farqlanadi.

Buyuk Britaniya esa yosh cheklovlarini o’rnatgan bo’lib,  jabrlanuvchi 12 yoshdan kichik bo’lsa – umrbod, 13 yoshgacha bo’lsa minimal 14 yillik qamoqni nazarda tutadi. Rossiya esa yangi qonunga ko’ra pedofillarni bir umrlik qamoq bilan jazolashni amalga oshirmoqda.

Xitoy mazkur holat uchun o’lim jazosini qonunga kiritgan bo’lsa-da, ayblanuvchilar ko’pincha ushbu “jarima”dan omon qolishadi.

Saudiya Arabistoni qonunlariga ko'ra, bolalarga jinsiy tajovuz qilishda aybdor deb topilganlar kamida 2 yildan va 5 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilinadi, bundan tashqari kamida 300 000 Saudiya rialidan va 500 000 rialgacha jarimaga tortiladi. Hindistonda esa bu jazo 20 yildan to umrbod qamoq jazosigacha belgilangan.

Turkiyada bu muddat 8-15 yilni o’z tashkil etadi.  Eron davlatida esa zo’rlovchini maxsus ro’yxatga qo’shish, jarimaga tortish yoki ko’pi bilan 1 yilgacha qamash jazosi amal qiladi.

Yaman qonunlariga ko'ra jinsiy zo'ravonlikda ayblanganlar  o'lim jazosiga hukm qilinishi mumkin.

So'nggi yillarda bolalarni zo'rlash bo’yicha bir qancha erkaklar ommaviy ravishda qatl etildi. O‘zbekiston Respublikasida ushbu jinoyat uchun 480 soatgacha bo‘lgan jamoat ishlari, 3 yilgacha axloq tuzatish kolonniyalarida, 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

Internet manbalari asosida Umidjon Sayfullayev tayyorladi.

To Top ↑
To Top ↑