x

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi 255-maktabgacha taʼlim muassasasida tarbiyachi bolaga shippak otgani va oqibatda unda qonli gematoma paydo boʻlgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani munosabat bildirdi.

“Soʻnggi paytlarda turli taʼlim muassasalarida bolalarga qoʻpol muomala yoki ozor berilishi oqibatida ularga turli darajadagi jarohat yoki emotsional-psixologik taʼsir koʻrsatish faktlari uchramoqda. Bolalar ombudsmani bola manfaatlarining bunday tarzda buzilishi holatlariga mutlaqo murosasiz boʻlib, tarbiyachi va pedagoglar oʻzining birlamchi vazifasi, yaʼni bolaga taʼlim va tarbiya berishga zid ravishda bolaning jismoniy va ruhiy sogʻligʻiga zarar yetkazishi – yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan holat, deb hisoblaydi”, deyiladi munosabatda.

Bolalar ombudsmaniga koʻra, aynan shuning uchun ham maktabgacha taʼlim va maktab muassasalarida bolalarga nisbatan jismoniy zoʻravonlik, nomunosib muomalaga yoʻl qoʻyayotgan shaxslar nafaqat lavozimidan yoki vazifasidan ozod etilishi, balki har qanday holatda qonun doirasidagi tegishli javobgarlikka tortilishi shart. 

Qoʻshimcha qilinishicha, yuqoridagi holat boʻyicha voyaga yetmagan A .S. ga nisbatan boʻlgan holat bolaning onasi bilan bogʻlangan holda Bolalar ombudsmani va Ichki ishlar organlari tomonidan oʻrganilmoqda. Bu haqida qoʻshimcha maʼlumot beriladi.

To Top ↑
To Top ↑