Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatidagi tug‘uruqxonada homilador ayol 4 nafar egizak chaqalog‘i bilan vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan ma’lumot berdi.
Aniqlanishicha, 13-yanvar soat 21:10 da Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filiali 1-akusherlik bo‘limiga Davlatobod tumani “Nurobod” MFYda yashovchi, 2002-yilda tug‘ilgan fuqaro M.M. kuchli tug‘uruqoldi og‘rig‘i bilan og‘ir ahvolda olib kelingan. Qabul vaqtida unga “1-homiladorlik, 24 hafta 1 kun, ko‘p homilalik (to‘rt egiz homila). Uretrogidronefroz 3-darajasi. Surunkali anemiya o‘rta darajasi” dastlabki tashxisi qo‘yilgan.
Ayolda mazkur homiladorlik tushish xavfi va uretrogidronefroz 2-, 3-daraja bilan kechgan. Shu sababli M.M. uch marta markazning homiladorlarni davolash bo‘limida zarur muolajalar olgan. O‘sha paytda ayolning yaqinlariga 4 egiz homila muddatiga yetib, tug‘ilishi qiyin ekani va buyraklar uretrogidronefrozi 2-, 3-darajasi homilador salomatligida jiddiy asoratlar berishi mumkinligi haqida tushuntirilgan.
Ayol tibbiy nazoratda bo‘lgan vaqtda unga antibakterial terapiya va distress sindrom profilaktikasi o‘tkazilgan. 14-yanvar kuni soat 23:00 da bemorda og‘riq kuchayib, o‘ta qisqa vaqtda homilaning patologik tushishi kuzatilgan. Homilalarning vazni 410 gr, 380 gr, 390 gr va 400 grammdan iborat bo‘lgan.
Shundan keyin ayol bachadoni instrumental tozalanib, ginekologiya bo‘limiga o‘tkazilgan. Biroq 15-yanvar soat 06:50 da bemorning ahvoli keskin yomonlashib, unda klinik o‘lim holati yuz bergan. Ayol darhol sun’iy nafas olish uskunasiga ulanib, birlamchi reanimatsion choralar ko‘rilishiga qaramasdan, shu kuni soat 07:10 da unda biologik o‘lim kuzatilgan.
Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, bemorning o‘limiga o‘pka arteriyalarining massiv tromboyemboliyasi va o‘tkir yurak-qon tomir nafas yetishmovchiligi sabab bo‘lgan. Hozirda mazkur holat bo‘yicha prokuratura xodimlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Ushbu holat sabablariga oydinlik kiritilgach, qo‘shimcha axborot beriladi.