Qoʻrqinchli sarlavha, toʻgʻrimi? Axir qanday qilib oʻz farzandlarimizni, ukalarimiz va jiyanlarimizni oʻldirishimiz mumkin? Bugungi maqolamiz shu haqida.
UNICEF bergan maʼlumotlarga koʻra, Yevropa va Markaziy Osiyoning 52 mamlakatida har hafta 90 dan ortiq bola havo ifloslanishi bilan bogʻliq sabablar tufayli vafot etadi. Tirik qolganlari esa nafas olish bilan bogʻliq boʻlgan ogʻir surunkali kasalliklardan aziyat chekmoqda.
Bolalik davridagi sifatsiz havodan nafas olish nafaqat salomatlikka, balki maktabda fanlarni oʻzlashtirish, fikrlar qobiliyatlariga ham taʼsir qilishi mumkin.
Bundan tashqari havo ifloslanishining homilador ayollarga taʼsiri natijasida tugʻilajak farzandlarning salomatligida muammolar boʻlishi, oʻlik tugʻilish, nogironlik holatlari kuzatilishi mumkin. Axir boʻlajak onaning sigareta chekishi yoki zaxarlangan havodan nafas olgani deyarli bir oqibatga olib boradi-ku!
Biz tashlayotgan chiqindilardan chiqadigan zaxarli moddalar, avtomobillardan chiqadigan tutn va hokazolar sabab ifloslangan havodan nafas olgan bolalarga aslida biz javobgarmiz. Ularga nimadir boʻlsa, buning sababchisi biz!
Qayta ishlash mumkin boʻlmagan mahsulotlardan foydalanmasak, chiqindilarni belgilangan joyga tashlasak, yigʻilib qolgan buyumlarni yoki kuzdagi barglarni yoqib, havoni ifloslantirmasak, ertangi kunimiz bugungidan yaxshiroq boʻladi.
Bir daraxt kesishdan oldin uning yoniga 10 tasini ekib qoʻyishni odat qilishimiz va buni bolalarga ham oʻrgatishimiz, namuna koʻrsatishimiz kerak. Zero, biz tashlagan chiqindi zaxridan aziyat chekadigan har bir bola uchun javobgarmiz!
Sherali Soliyev