Shu kunlarda boʻlayotgan voqeliklarga nazar tashlab, ikki xil xulosaga kelish mumkin. Yo odamlar shu darajada vahshiylashib ketdi va oʻz farzandini oʻlasi qilib kaltaklash, oʻz qizini zoʻrlash, oʻzi dunyoga keltirgan bolani sotib yuborishgacha boryapti. Yoki bunday holatlar aslida odatiy, shunchaki internet va ommaviy axborot vositalarining rivojlanishi natijasida ular endigina yuzaga chiqmoqda.
Har qanday muammoni yechishda uning oqibati bilan emas, sabablari bilan kurashish kerak boʻladi. Biz eʼtiboringizni qaratmoqchi boʻlganimiz – bolani urib, kaltaklab tarbiyalash “metodi” nima sababdan kelib chiqadi?
Farzand Alloh bergan eng aziz neʼmatlardan biri deb takrorlashdan charchamaymiz. Lekin olamlar Robbisining bizga ato etgan neʼmatini urish, qandaydir pul evaziga sotish qanchalik darajada insoniylikka xos ish boʻladi?
Bu savollarga javob berishdan avval sizga kichik bir voqeani bayon qilmoqchiman.
1988-yil Armanistonning Spitak shahrida dahshatli fojia yuz beradi. 30 soniya ichida butun boshli shahar tom maʼnoda yer bilan bitta boʻlgan. Zilzila oqibatida 30 mingga yaqin aholi halok boʻlgan, 140 ming kishi nogiron boʻlib qolgan.
Aytishlaricha, ana shu zilzilada ona oʻzining 3 yoshli qizchasi bilan vayron boʻlgan binolar ostida qolib ketgan. Imorat vayronalari ostida jon saqlagan ona va bola 12 kundan soʻng topilgan. Oʻshanda ona oʻlim bilan olishayotgan, qizcha esa ancha tetik boʻlgan. Aniqlanishicha, ona oʻz tomirini tishlari bilan kesib, qonini bolasiga ichirgan va shu orqali jon saqlagan.
Bundan hayratlanib, uni qahramonlik deb atagan OAV vakillariga esa “mening oʻrnimda boshqa ayol boʻlganda xam shu ishni qilardi, men onalar qilishi lozim boʻlgan ishni qildim xolos” deya voqeani izohlagan.
Shunga oʻxshash holatlar Yaponiya yoki yaqindagina Turkiyada boʻlgan fojiali zilzila vaqtida ham kuzatilgan.
Endi menga aytingchi, ofat vaqtida oʻz hayoti haqida zarracha oʻylamay turib farzandining jonini saqlab qolgan ona va sogʻ-salomat farzandini urib, tahqirlab, tashlab ketish darajasiga kelgan onani taqqoslab boʻladimi?
Aslida, bu ikki holatni taqqoslab boʻlmas, ehtimol. Bu voqelikni keltirishdan maqsad farzand qanchalik aziz neʼmat ekaniga urgʻu berish edi. Endi esa bolani urish masalasiga toʻxtalsak.
“Bola odobi bilan aziz” va yana bir qator kitoblar muallifi, bolalar murabbiyi, ustoz Ziyovuddin Rahimga ushbu masalada fikr soʻrab murojaat qilganimizda quyidagi fikrlarni aytdilar.
“Umuman olganda, bolani urish tarbiyadagi eng oxirgi va kuchsiz uslub hisoblanadi. Urganda ham mayib qiladigan emas, yengil uriladi, tanasiga shikast yetkazilmaydi. Ammo bungacha bormagan maʼqul. Qurʼonda er-xotin oʻrtasida nizo chiqsa avvalo nasihat qiling, toʻshakdan ajratib qoʻying, juda boʻlmasa uring, deyilgan. Shunda ham ozor bermasdan, yengil urish nazarda tutiladi. Yaʼni tarbiyada ham birinchi kaltakka oʻtib ketilmaydi. Ayrim choralar, nimadandir cheklash va oxirida ilojsizlik holatiga yetganda urish – aziyat bermaydigan darajada urish mumkin boʻladi.
Bu borada bir rivoyat ham bor. “Farzandlaringiz 7 yoshga yetganida namozga buyuringlar, agar 10 yoshga yetganda ham oʻqimasa, uringlar”, deya rivoyat qilinadi. Mana shundan kelib chiqsak ham avval aytiladi, nasihat qilinadi, keyin mabodo shunda ham quloqsizlik qilsa, yengil uriladi. Oʻshanda ham aziyat berib, qattiq urib, doʻpposlab, yuz-koʻzini koʻkartirib, qoʻlini sindiradigan darajada urish hech qachon oqlanadigan ish emas”, – dedi ustoz Ziyovuddin Rahim.
Darhaqiqat, diniy jihatdan qaralsa ham, insoniylik nuqtasidan nazar tashlansa ham bolaga, boʻlib ham oʻz farzandiga shikast yetkazish aslo oqlab boʻlmas ishdir.
Ha, “eskilar” urib tarbiyalagandir. Ha, bolaning oʻzida ham ayb bordir. Lekin bu sizga mehr koʻzi bilan boqib turgan murgʻak goʻdaklarni, qalbi bizning qoʻllarimizdan ming chandon toza boʻlgan bolalarni urishga arziydimi?
“Biz ham odam. Bizda ham asab bor. Bola jonimizdan toʻydirgandirki, urganmiz” deydigan ota-onalar, hovuringizdan biroz tushing. Men kaltaklanishni boshidan oʻtkazmagan bir farzandga misolman. Otam yoki onam meni biror marta yengilroq urib ham qoʻymagan. Balki shungadir, ularning soʻzi men uchun qonun, sal qattiqroq gapirishlarining oʻzi yetarli. Ovoz ohanglari oʻzgarganini sezishim bilan ularning mendan norozi ekanliklari, ayb ish qilganimni anglayman va buni tuzatishga kirishaman. Ota-onam bunga qanday erishganlarini bilmayman. Lekin Allohga shukrki, hozir bizga bosh boʻlib, oz boʻlsada bizdan faxrlanib yashashyapti.
Xoʻsh, bir ota-ona yurgan yoʻldan nega siz yurolmaysiz? Bir ota-ona bolasini biror marta chertmasdan voyaga yetkazib qoʻyganda nega siz asablar dosh bermasligi haqida gapirasiz? Ikki yoki uchta farzandning baqir-chaqiriga chidash bermagan asablaringiz bizning onalarimiz kabi bir uyda 5-10 ta bolani katta qilgan asablardan shunchalik kuchsizmi? Axir ular ham inson, siz ham inson-ku!
Ustozim meni kaltaklardi, onam urardi, lekin hech qachon yomon boʻlsin deb urishmagan. Hozir tushunib yetdim, qaytanga ularga rahmat aytaman, deb oʻzingizni ovuting, mayli. Lekin 10, 20, 30 yil avvalgi davr bilan hozirning farqi bor. Va yana shuni unutmangki, onaningiz koʻzingiz koʻkargunicha urmagan, otangiz sizni zoʻrlamagan, ustozingiz oyogʻingizni sindirmagan. Shunday ekan bu ishlarni qilishni oqlay koʻrmang!
Kuchli inson deb bilagi emas ruhiyati kuchli boʻlganiga aytiladi. Siz aqlingiz, soʻzingiz bilan bolani tarbiyalay olmaganingiz uchun bilagingizdagi kuchingizni bolaga koʻrsatish orqali oʻz kuchsizligingizni isbotlayapsiz.
Bolam katta boʻlib meni tushunadi degan umid bilan oʻzingizni oqlayapsiz. Lekin ishoning, siz kuchli boʻlishga qodirsiz. Bolada ota-onaning tanlash huquqi boʻlmaydi. Lekin siz shunday ota-ona boʻlingki, farzandingiz har qanday holatda ham sizni tanlasin. Bolaningiz tanlagan inson boʻling!
Sherali Soliyev
Sherali Soliyev