Maqolaga o‘zim tanigan bir oilaning aqlli, a’lochi, ammo ko‘rimsizgina, odamovi qizini qahramon qilib oldim. Aslida voqeani menga uning o‘zi emas, onasi hikoya qilib berdi. Yosh qizning iztiroblarini tushunishingiz uchun hammasini uning tilidan yozdim.
Mavjuda, 18 yosh:
— Oilada 4 farzandmiz. Ikki akam va bir ukam bor. Atrofimda shuncha ishonganlarim borligidan aslida quvonishim kerak. Lekin buni biror marta ham his qilmaganman. Chunki aka- ukalarimning hammasi o‘zicha meni tarbiyalamoqchi, yo‘rig‘iga solmoqchi bo‘ladi. Hatto dadam ham ularni qo‘llab-quvvatlaydi. Onam esa meni oilamiz erkaklarining vajohatidan himoya qila olmaydi. Yaqinda juda xunuk voqea sodir bo‘ldi. Men akalarimning gapi bilan otamdan kaltak yedim...
Bo‘yi yetgan qiz, kaltak yeyishga sabab bo‘ladigan biror ish qilgandir-da, dersiz. Bu yil kollejni bitirdim, ishonasizmi-yo‘qmi, umrimda biror marta kinoteatrga tushib, film tomosha qilmaganman. Biror dugonamnikiga mehmonga bormaganman, maktab va kollejga o‘qish uchun to‘g‘ri borib, to‘g‘ri kelardim. Chunki dadamdan ham avval akalarim hech qayerga ruxsat berishmaydi. Xullas, kollejni tugatganimizdan so‘ng guruhdoshlarim bitiruv oqshomi o‘tkazish taraddudini ko‘ra boshlashdi. Imtiyozli diplom oldim, lekin hecham xursand emasdim. Meni hech kim kechaga taklif qilmadi, chunki barchaga besh qo‘ldek ayon: baribir menga ruxsat tegmaydi va bormayman. Ichimdan zil ketgan bo‘lsam- da, o‘zimcha onamga dardimni aytib, bayramga borishim uchun uyimizdagilarni ko‘ndirmoqchi bo‘ldim. Onam bechora menga rahmi kelib, kunduz kuni bo‘lganida «Hech kimga aytmay borib kelarding» deb qoldi. Buni guruh sardorimizga aytganimda hamma bir ovozdan qarsak chalib yubordi. O‘zimda yo‘q xursand, ikki hafta davomida tayyorgarlik ko‘rdim. Onam ikkalamiz xolamning qizidan ko‘ylak so‘rab turdik. Sochimni turmaklasam, sezib qolishadi, deb mayda o‘rib yotdim. 11 yoshli ukam bilan bir xonada uxlaymiz. Bitiruv bazmi kuni ertalab ukam boshqacharoq ekanimni sezib qolibdi.
«Qayoqqa ketmoqchisan?» deb so‘rayverdi. Yuz-qo‘limni yuvib kelgunimcha, karovat tagidan ko‘ylakni topib olib, berkitib qo‘yibdi. Rosa yig‘ladim. «Hech kimga aytma, bugun bitiruv bayramim bo‘layapti, bir marta, umrimda bir marta boray» dedim. Ukamning rahmi kelgandek bo‘lib, «Oyimga aytgan bo‘lsang, mayli bor. Faqat 15:00 gacha uyda bo‘l», dedi. Bayramga odmigina, birovning ko‘ylagida, o‘rilgan soch bilan bordim. O‘rtoqlarim «Sochlaring uzun, chiroyli, o‘rimlaringni yechsang, jamalak bo‘ladi», deb qo‘yarda-qo‘ymay kokillarimni yechishdi. Bir dugonam yuz-ko‘zimni bo‘yab qo‘ydi. Aksiga olib, tadbir ham boshqa o‘rtoqlarim kelavermagani uchun boshlana qolmasdi. Soat 15:15 lar chamasi. Umrimda birinchi marta davrada raqs tushayotgan mahalim ikki akam va ukam yetib kelib, siltab olib chiqib ketishdi. Do‘stlarim ortimdan chiqib, akalarimni qolishimga ko‘ndirmoqchi bo‘lishgandi, o‘rtancha akam ikki guruhdoshimni do‘pposlay ketdi. Ularni zo‘rg‘a ajratib oldik. Taksiga o‘tirib, rosa yig‘ladim. Ular sochimni yig‘ib olishimga ham qo‘yishmadi.
Shu holatda dadam ko‘rsin, deb turtkilab uyga olib kelishdi. Oyim uyda bo‘lmagani uchun dadam meni kaltaklaganini ko‘rmadi... «Institutga kirish haqida o‘ylama ham! O‘rtog‘imning o‘g‘liga uzataman, ikki oydan keyin erga tegasan!» dedi otam. Xo‘sh, MUAMMO nimada?
Onaga: Ona — oiladagi iqlimni moʻtadillashtiruvchi, munosabatlarni muvofiqlashtiruvchi shaxs. Bu yerda esa onalikning ushbu funksiyasi umuman bajarilmayotganligini ko‘rish mumkin. Ona himoya qilmasa, akalar o‘ziga tegishli buyumdek muomala qilsa, hurmat qilmasa, uka yon bosmasa, ota bo‘y yetgan qizni kaltaklasa, bir navniholga shuncha muammo og‘irlik qilmasmikan, hayotdan ko‘ngli sovib ketmasmikan? Onasi, siz hayotga kelib nima ko‘rdingiz? Turmush o‘rtog‘ingizning boshqa bir ko‘chada yana bir oilasi borligi bois, 4 bolangiz bilan sizni yolg‘iz tashlab ketmasligi uchun uning hamma zug‘umlariga ko‘nib yashashdan boshqa nima qildingiz? Nimadan bunchalar tilingiz qisiqki, o‘zingiz dunyoga keltirgan o‘g‘illaringizni singlisiga mehrli bo‘lishga o‘rgatolmaysiz, unga qo‘riqlash va kalaka qilish ob’yekti sifatida qaramasdan, hurmat va himoya qilish kerakligini tushuntirolmaysiz?
O‘g‘illaringizga kundoshingizning o‘ziga qarab, har yerda ochilib-sochilib yurishini aytaverib-aytaverib, barcha qoshiga qalam tortgan, kafega borgan ayollar yomon yo‘lga kirib ketadi, degan fikrni singdirgansiz. Ehtimol, qizingizning shuncha yildan beri yuzingizni yerga qaratmagani, a’lo o‘qib imtiyozli diplom olgani, sizlardan faqat bir martagina ruxsat so‘rayotganini otasiga aytganingizda, u ham darrov jazavaga tushmagan, kamarini yechib, uni savalamagan bo‘larmidi?
OTAga: Dunyoni hamma o‘z qarichi bilan o‘lchaydi, deydilar. Sizni butun mahalla uch xotinli boyvachcha, deb biladi. O‘g‘illaringiz bu qadar o‘ziga ishonch bilan harakat qilishida yetarlicha asos bor. Ular sizga qarshi borisholmaydi, chunki katta pul berib, og‘izlarini moylab turasiz. Har biri otamga yoqay, boshqa bolalariga ketib qolmasin, deb o‘zini yaxshi ko‘rsatishga urinadi. Siz otaga uyat, tagingizda mashina, qo‘sha- qo‘sha uy-joyingiz bo‘la turib, erta-indin uyingizdan ketadigan, muvaqqat mehmoningiz — qizingizga alohida bir xona ajratib bermagansiz! Hatto eng qo‘li kalta odam ham qiz bola erkin harakat qilsin, aka- ukalari orasida qisinib yurmasin, deb sharoit yaratib qo‘yadi. 11 yoshli yigitchani qorovul qilib qo‘yishdan nima ma’no? Nimadan buncha qo‘rqasiz? Agar qizingizni yaxshi bilmaganimda, otasining ishonchini yo‘qotgandir-da, deb o‘ylagan bo‘lardim. Bir bayramga beso‘roq borgani uchun uni hatto o‘qishga hujjat topshirishdan, oliy ma’lumot olishdan mosuvo qilishga haqlimikansiz?
AKA-UKALARga: Eh, akalar, singilni urib, qo‘rqitib, baqirib-chaqirib tarbiyalab bo‘lmaydi-ku! Singlingiz o‘zi uchun begona davrada o‘tirgan bo‘lsa ham mayliydi. Nima, siz o‘zingiz o‘tirishlarga bormaysizmi? Sinfdosh, kursdosh qiz bilan gaplashmaysizmi? Ular bilan muloqot asnosida xayolingizda faqat yomon narsalar bo‘ladimi? Nega odamlarga ishonmaysiz? Bittagina singlingiz bor, o‘zingiz tarallabedod yurishni, kechasi 2da uyga kelishni bilasiz-u, uning 3 soatli bayramini ko‘rolmaysizmi? Chindan himoya qilishni istar ekansiz, biror joyga boradigan bo‘lsa, yarim soat vaqt ajratib, uni olib borib qo‘ying, qaytishda olib keling. Axir, bir emas, uch aka-ukasiz! Singlingizni shunchalik rashk qilsangiz, ertaga uni kuyovga qanday uzatasiz? Yoki sizga baribirmi? Eri ham xo‘rlab, otangiz kabi ursa, siz kabi uning erkinligi-yu, istaklarini toptasa, xursand yashaysizmi? Jabrdiyda QIZga: Mavjuda, o‘zingizni ko‘p o‘ksitmang. Ko‘pincha ota uyida qattiq tazyiq ostida o‘sgan qizlar turmushga chiqqach, halovat topadi, ko‘ksiga shamol tegadi. Ko‘cha-kuyda har xil odam bor, buning ustiga, otangiz sizning taqdiringizni o‘ylab bunchalik qayg‘urishi uchun o‘ziga xos sabablar bo‘lishi mumkin.
Mana-man, degan erkakning ham eng nozik va ojiz tomoni — bu qizining sha’ni, or-nomusi. Akalaringiz va siz do‘st deb o‘ylab sir aytgan ukangiz, dadangiz eson-omon egangizga borib olishingizni istashadi. Mavjuda, atrofingizga qarang, qanchadan-qancha o‘rtog‘ingiz oilasidagi erkinlik tufayli turli qiyin vaziyatlarga tushib qolayapti. Akalaru ukalar, dadangiz mana shunday noxush vaziyatlarga to‘siq bo‘lish uchun sizga qattiqqo‘ldirlar. O‘sha kuni yoqavayron qizini o‘g‘illari olib kelib oldiga tashlaganida, otangiz gapning indallosini eshitmay, g‘azabdan nima qilayotganini o‘zi bilmagan bo‘lishi mumkin. Siz o‘zingizga, istaklaringizga boshqalarning hurmat bilan munosabatda bo‘lishini istasangiz, ulardan qo‘rqmang.
Gohida ba’zi narsalarni iltimos qilib turing, ular qiziqayotgan masalalarga o‘z fikringizni bildiring. Sizda ham istak borligini ular tushunishsin. Eng muhimi, oliy o‘quv yurtida o‘qishdek katta maqsadingiz oldida osongina taslim bo‘lmang!
Xulosa:
Bo‘yi yetgan qizlarnig ruhiyati nozik, shaffof shishadek bo‘ladi. Nomini asrayman deb, sizga bo‘lgan mehrini, hayotga bo‘lgan muhabbatini, odamlarga bo‘lgan ishonchini sindirib qo‘ymang!