«Dok-1 Maks» ishi bo‘yicha 15 noyabrda bo‘lgan sudda Farmagentlikning sudlanayotgan sobiq rahbari Sardor Kariyev o‘zining sobiq o‘rinbosariga: «Sen iflosni deb shu yerda o‘tiribman!», dedi. Qizi vafot etgan jabrlanuvchilardan biri esa hech kimga da’vosi yo‘qligini va uni ortiq bezovta qilmasliklarini so‘radi.
Toshkent shahar sudida 15 noyabr kuni «Dok-1 Maks» ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tgan edi. Unda guvohlar Ulug‘bek Egamov, Mahfuza Amirova, ekspert Eleonora Pak, sudlanuvchi S.S., shuningdek, jabrlanuvchi Ardashoy No‘monova, Dadaxon Boltayev, Dilshodjon Yo‘ldoshev, Fazliddin Mirshohidov, Javlon Qirjigitov, Munojot Uraimova ko‘rsatmalari tinglandi. Shuningdek, advokatlar bir necha iltimosnomalar bilan sudyaga murojaat qildi.
Majlis avvalida sudya Muso Yusupov jabrlanuvchilarning uzoq hududlardan kelganligini hisobga olib, agar shoshilayotgan bo‘lishsa, dastlab ulardan ko‘rsatma olishini, bo‘lmasa avvaliga guvohlarning ko‘rsatmalarini tinglashni taklif qildi. Jabrlanuvchilar esa dastlab guvohlarning ko‘rsatmalarini tinglashni ma’qul topdi.
Yana advokatlar va ekspert, sudlanuvchilar va ekspert o‘rtasida savol-javob davom etdi. Advokatlar dori vositalari ustidan tekshiruv o‘tkazgan yana bir nechta mutaxassislarni sud zaliga taklif etish uchun iltimosnoma kiritishdi. Sud ularni taklif etish choralarini ko‘rishini aytib o‘tdi.