HAMAS-Isroil qurolli to`qnashuvlari natijasida butun dunyo ko`z o`ngida minglab odamlar halok bo`lmoqda. Eng achinarlisi ularning katta qismini bolalar tashkil qiladi.
Jumladan, JSST rahbari bergan ma'lumotlarga ko`ra, G`azo sektorida shu kunga qadar 10 ming 800 dan ortiq odam o`ldirilgan. Ularning deyarli 70 foizi ayollar va bolalardir. Bu sektorda har 10 daqiqada o`rtacha bitta bola halok bo`lishini anglatadi.
Shuningdek, shu vaqtga qadar Isroilning hujumlari oqibatida G`azoda 26 mingdan ortiq kishi jarohatlangan. Rossiya elchixonasining xabar berishicha, mojaro avj olgan paytda 20 nafar rossiyalik halok bo`lgan, ikki nafari garovga olingan, etti nafari esa bedarak yo`qolgan.
Urush har ikki tomondan ham tinch aholi vakillarini o`z domiga tortmoqda. Jumladan, mahalliy hokimiyat bergan ma'lumotlarga ko`ra, Isroilda 1 ming 400 dan ortiq odam, shu jumladan 300 harbiy xizmatchi halok bo`lgan, 5 mingdan ortiq kishi jarohatlangan.
Shuningdek, turli manbalarga ko`ra, 150 ga yaqin isroillik HAMAS tomonidan asirda bo`lishi mumkin. Harakatning o`zi G`azo sektorida 200-250 ga yaqin mahbus borligini ma'lum qilgan.
Save the Shildren xalqaro xayriya tashkilotining ma'lum qilishicha, G`azo sektorida uch haftalik urush davomida halok bo`lgan bolalar soni 3 ming 195 nafarni tashkil qilgan. Shundan 33 nafar bola G`arbiy Sohilda o`ldirilgan. Isroilda esa 29 nafar bola halok bo`lgan.
Bu 2019-2022 yillar oralig`ida bir yil ichida butun dunyo bo`ylab 20 dan ortiq mamlakatlardagi urushlarda halok bo`lgan bolalar sonidan ham ko`p. Ushbu raqamlar G`azoda mingga yaqin bola bedarak yo`qolganligi sababli ko`payishi kutilmoqda.
G`azoda shu vaqtga qadar vafot etgan bolalarning ko`rsatkichi esa 6 ming 360 kishiga etdi. G`arbiy Sohildagi jarohatlanganlarning umumiy ko`rsatkichi – 180 ta, Isroilda esa 74 taga etgan.
BMT ma'lumotlariga ko`ra, G`azo sektoridagi shifoxonalarning uchdan bir qismi elektr quvvati yo`qligi va Isroil tomonidan to`liq blokadaga olingani sababli ishlamayapti. “Chegara bilmas shifokorlar” tashkiloti yarador bolalarning oyoq-qo`llarini "narkoz" qilmasdan kesishiga to`g`ri kelayotganini bildirgan.
Shifoxonalardagi holatlar gumanitar yordamlarning kiritilmayotgani va resurslarning etishmayotgani sabab og`irlashayotgani etmagandek, Isroil mudofaa kuchlariga tegishli tanklar kecha, 10 noyabr' kuni G`azo sektoridagi Al-Rantisi bolalar kasalxonasini ham qurshab oldi.
Natijada reanimatsiya bo`limidagi bolalarni tibbiyot muassasasidan evakuatsiya qilishga to`g`ri kelgan. Shifoxona direktorining aytishicha, Isroil harbiy-havo kuchlari kasalxonaga tutash hududga zarba berishi oqibatida olti kishi halok bo`lgan, ko`plab bemorlar og`ir jarohatlangan.
Butun dunyo etakchilari va mashhurlar har ikki tomondan sulh tuzishni so`ramoqda. Urush tugamas ekan, ikki davlat aholisi, shu jumladan bolalarning o`limi ham ortib boraverishi aytilmoqda.