G`azo sektorida Isroilning zarbalari har 10 daqiqada bir bolani o`ldirib, yana ikki nafarini jarohatlaydi. Bu Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharqdagi Falastinlik qochqinlarga yordam berish agentligi (UNRWA)ning hisobotida keltirilgan.
Qayd etilishicha, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish jurnalistlar uchun o`tkazilgan brifingda G`azo bolalar qabristoniga aylanib borayotganini aytgan.
Jahon tashkiloti rahbarining so`zlariga ko`ra, G`azoda har kuni yuzlab qiz va o`g`il bolalar halok bo`ladi va yaralanadi.
BMT va tashkilotning gumanitar sheriklari 2,7 million kishiga – G`azo sektorining butun aholisiga va G`arbiy Sohildagi yarim million falastinliklarga, shu jumladan Sharqiy Quddusga yordam berish uchun 1,2 milliard dollarlik insonparvarlik yordami kerakligi haqida davlatlarga murojaat qilgan.
Eslatib o`tamiz, oldinroq 7 oktyabrdan beri o`nlab yordam xodimlari, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharqdagi Falastinlik qochqinlarga yordam berish agentligi xodimlari bo`lgan 88 kishi halok bo`lgani haqida xabar bergan edik.
Shuningdek, Yaqin Sharqdagi navbatdagi eskalatsiya boshlanganidan so`ng, G`azo sektorida halok bo`lganlar soni 10 ming 22 nafarga etgani ma'lum qilingandi.