Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar tumanlaridan birida yashovchi 12 yoshli O. ismli bola haqida - maktabga bormasligi, oilasining yolg‘iz boquvchisi ekani, ota-onasining rasmiy nikohi yo‘qligi bois otasi ulardan xabar olmasligi haqida material tarqalgan edi. Holat yuzasidan Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi axborot xizmati izoh berdi.
Aytilishicha, holat Uchtepa tumani hokim o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i rahbarligidagi ishchi guruhi tomonidan o‘rganilgan.
“O‘rganishlar jarayonida holatlar o‘z tasdig‘ini topmadi. Jumladan, bolaning otasi J.K. qurilish firmasi rahbari ekani, oilaning moddiy ta’minotida yetishmovchilik yo‘qligi aniqlandi. Shuningdek, bola 5 yil emas, oilaviy sharoiti tufayli 2 oyga yaqin muddatda maktabga bormagan.
Uning otasi va onasi bilan suhbatda keyingi paytlarda bolaning xulqida o‘zgarishlar kuzatilayotgani, ota-onasi kompyuter o‘yinlari uchun pul bermagani sababli bolaning o‘zi shu yo‘l bilan pul topishga uringani, bundan keyin farzandi tarbiyasiga alohida e‘tibor qaratishlari ma’lum qilindi”, — deyiladi rasmiy munosabatda.
Qo‘mita bloger va jurnalistlar, boshqa keng jamoatchilik vakillaridan o‘z axborotini tarqatishda xolis bo‘lishlarini so‘ragan.