“Juda kichik bolalar, ko`rsatmalar va taqiqlarni hali tushunmaydi, xavf borligini sezmagani uchun ham hech narsadan tap tortmaydi. Doimiy ravishda qo`rqitishni qurol qilib olsak, biz bolalarimizni qo`rqoq, ishonchsiz yoki emotsiyaga beriluvchan qilib tarbiyalaymiz. Agar biz farzandimizda, o`ziga ishonchi past inson paydo bo`lishini istamasak, balansni ushlashni bilishimiz kerak”, – deydi psixolog.
“Tez uxla, yo`qsa “bo`ji” seni opketib qoladi”, “ovqatingni emasang doktor kelib ukol qiladi”, “quloqsiz bolalarni “baba” “ham” qiladi”... Yosh bolali uylarda shunday “tahdidlar” tez-tez yangrab turadi. Hali dunyoni anglab ulgurmagan mitti vujudga qo`rquv hissi singdiriladi. Bu orqali kattalar bolani osongina yo`rig`iga yurg`izishni istashadi. Qo`rqitish metodidan haddan ortiq foydalanish bola ruhiyatiga qanday ta'sir qilishi haqida o`ylab ham ko`rilmaydi. Psixolog Shahnoza Jumaqulova bilan shu xususda suhbatlashdik.
“Qo`rquv – bizni xavfli signal bilan ta'minlaydigan hissiyotdir. Bunda biz darhol o`zimizni ehtiyot qilish rejimini yoqamiz. Shu sabab hissiy intellekt normal rivojlanishi uchun tarbiya nuqtai nazaridan, qo`rquvni butunlay istisno qilish kerak emas. Qo`rquvni to`g`ri yo`naltirishni o`rganish kerak.
Agar ota-ona bolani qo`rqitsa, itoatkorlikka erishish kafolatlanadi. Ammo bola psixologiyasida jarohat qoladi.
Har bir bola juda ko`p qo`rquvni boshdan kechiradi, ularning aksariyati asossiz. Ba'zi qo`rquvlar vaqtinchalik, boshqalari instinktiv, asosan tug`ma, masalan, qorong`ilik, balandlikdan qo`rqish va hokazo. Ammo ota-onalar tomonidan qo`rqitish jarayonida paydo bo`ladigan qo`rquvning bir qancha toifasi mavjud.
Ba'zi vaziyatlarda, gapirish imkoni bo`lmaganda, juda tez harakat qilish kerak bo`ladi. Bunda qo`rquv yordam beradigan yagona narsa deb o`ylaymiz. Misol uchun, agar bola mashina yo`liga chiqsa, xavfliligini ta'kidlab, bu qo`rqinchli oqibatlarga olib kelishini aytish kerak.
Nega biz bolalarimizni qo`rqitamiz?
Ota-onalarimiz va oldingi avlodlarimizdan meros bo`lib qolgan odat bu. Bolalar bezorilik qilishi agressiyasi ortida ma'lum psixologik sabablar ham bor. Qo`rqitishdan oldin boladagi injiqlik sabablarini o`rganish kerak. Qo`rquv yordamida biz bola e'tiborini ma'lum bir narsaga qaratishga harakat qilamiz.
Mavjud bo`lmagan qo`rqinchli qahramonlarni o`ylab topib, o`zimizdagi tarbiya mas'uliyatini yovuz ajina, jahldor amaki, maxluq va boshqalarga o`tkazgan bo`lamiz.
Ayniqsa, bolani yo`rig`iga sololmagan ota-onalar muayyan kasb egalari bilan qo`rqitishga harakat qilishadi. Jumladan, shifokorlar, militsiya xodimlari, oiladagi kattalar, otasi, bobo, buvi va boshqalardan foydalanishadi.
Juda kichik bolalar, ko`rsatma va taqiqlarni hali tushunmaydi, xavf borligini sezmagani uchun ham hech narsadan tap tortmaydi. Doimiy ravishda qo`rqitishni qurol qilib olsak, biz bolalarimizni qo`rqoq, ishonchsiz, emotsiyaga beriluvchan qilib tarbiyalaymiz. Agar biz farzandimizdan o`ziga ishonchi past inson paydo bo`lishini istamasak, muvozanatni ushlashni bilishimiz kerak.
Maktab yoshigacha bo`lgan davrda bola kattalar aytganiga ishonadi. Tahdidlar asosli emasligiga ishonch hosil qilgandan keyin ham, bola hali ham ulardan qo`rqaveradi. Chunki ong ostida bu negativ hissiyotlar muhrlanib qoladi. Erta bolalikda, bolalarda tajriba va tanqidiy fikrlash yo`q bo`ladi, shuning uchun bola kattalarga butkul ishonadi.
Shuning uchun bola ajina va “ujas”lar borligiga ishonadi va undan qo`rqadi. Biroq kattalar qo`rquv bolaga biron bir nojo`ya ta'sir qilishiga imkon bermaydi, chegarada ushlaydi deb o`ylashadi. Lekin aslida, ular bolada bu “maxluqlar” qandaydir tarzda yomon ish qilinganida darhol paydo bo`ladigan, jazolovchi tasvirini yaratadi. Har gal xato qilib qo`ysa, ular kelib qolishidan cho`chib turadi. Qarabsizki, eng kuchli stress bilan bu “maxluqlarni” kutishni boshlaydi.
Agar bola bu qo`rquvni vaqtida ota-onasi bilan bo`lishsa, ruhiy jarohatlarning oldini olsa bo`ladi. Aks holda, ulg`ayganida bir ish boshlashida xato qilsa, kimdir jazolaydigandek xavotirga tushadigan insonga aylanadi. Kichiklikda esa bu holat uyqu buzilishi, ovqatlanish, tushkun kayfiyatga sababchi bo`ladi.
Qo`rquv va keskin chegaralash bolalar bog`chasi va maktabda har xil nizo va ruhiy zarbalarga sababchi bo`lishi mumkin. Kattalar nima bo`layotganini tushuna olmaydi. Keyin, bola ulg`ayavergach, allaqachon qo`rquvlaridagi kattalar tomonidan aytilgan jonzotlar kelmasligini tushunadi. Bunday holda, kattalar bola uchun yolg`onchilar toifasiga kiradi. Keyinchalik ularning barcha so`zlariga shubha bilan ishonmay ulg`ayishadi. Bu esa bola tarbiyasi uchun juda achinarli holatdir.
Chunki ertami-kechmi bola onasi va dadasi uni aldaganini tushunadi. Hafagarchilikdan tashqari, bola hammani aldash mumkinligini anglaydi. Hatto kattalarni ham.
Bolani yomon odamlar bilan qo`rqitish to`g`rimi?
Afsuski, yomon odamlar haqiqatan ham mavjud. Bolalar yomon niyatli bola o`g`rilari qurboni bo`lishadi. Bunday “amaki va xolalar” haqiqatda topilishi mumkin bo`lgan tahdidli shaxs bo`lishini tushuntiring! Bu juda muhim.
O`yin maydonchasida sen notanish odamga yaqinlashmasliging kerak, begonaga eshikni ochmaslik kerak, deya bolani ogohlantirish lozim. Ya'ni bola o`zini himoyalashga o`rgatiladi. Agar bu qo`rqitishlarni kattalar o`z manfaatlari yo`lida ishlataverishsa, bola hech kimga ishonmaydigan, odamovi bo`lib voyaga etadi.
Yana bir qo`rqinchli amaki bu — militsioner amaki
Qo`rqitishdan foydalanish bolada jiddiy qo`rquv rivojlanishiga, xavotir kuchayishiga olib keladi. Bolalar qorong`ilikdan, uyda yolg`iz qolishdan qo`rqishadi. Militsiya nozirini eslatib qo`rqitish bolaning kelajakdagi fuqarolik pozitsiyasiga zarar etkazadi.
Ma'lum bo`lishicha, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi qo`rquvga sabab bo`ladigan xarakter ekan. Bola uchun u yovuz odamlar bilan bir qatordagi yomon toifalarga aylanadi. Agar huquq-tartibot xodimi yomon odam bo`lsa, unda yaxshi odam kim? Militsionerlar va shifokorlardan qo`rqib ketadigan bolalarning ushbu kasb egalariga ishonmasliklari, og`ir vaziyatda salbiy ta'sir ko`rsatishi haqida gapirmasa ham bo`ladi.
Bola qo`rqitilayotganida nimani his qiladi?
Avvalo shuni ta'kidlash kerakki, qo`rqitishning asosiy maqsadi deyarli hech qachon amalga oshirilmaydi: ya'ni bola o`zi anglagan holda o`zining axloqini tuzatib, yomon xulq-atvorini to`g`rilab qo`ymaydi. Ayni bunday qo`rqitilgan paytda bola his qilayotgan narsa — bu qo`rquv girdobi bo`ladi.
Bu qo`rquv nafaqat biror narsaga e'tibor qaratishga to`sqinlik qiladi, balki yashirin xavflarni ham olib keladi. Ota-onalarning yana bir keng tarqalgan noto`g`ri tushunchasi: qo`rquv bolani o`zini o`zi boshqarishga o`rgatadi, deb o`ylashadi. Aslida esa, qo`rquv holatida bola amalda hech narsani o`rgana olmaydi. U shunchaki qo`rqqani uchungina gapga ko`nadi. Mohiyatan vaziyatni anglamaydi.
Qo`rquv o`z ichiga psixologik travmadan tashqari, bola bir qator yashirin kasallik komplekslarini oladi. Bu uning keyingi rivojlanishini sezilarli darajada murakkablashtiradi. Hatto balog`at yoshida ham o`qish va ishdagi muvaffaqiyatiga ta'sir qiladi.
Qo`shimcha tarzda atrofdagilarga ishonchsizlik hissi ortadi: birinchi navbatda ota-onalarga, keyin esa butun dunyoga. Qo`rquv natijasida enurez, duduqlanish, asab tiklari yoki tirnoq tishlash kabi reaktsiyalar (kasalliklar) paydo bo`ladi. Bular esa tabiiyki shunday “tarbiya” metodlari natijasidir.
Qo`rquvni tarbiyaviy vosita sifatida muntazam ravishda qo`llash bolaning kattalar bilan suhbatdan qochishi va jur'at etishmasligiga olib keladi. Endi o`ylab ko`ring, nega hozirgi davrda muloqot, notiqlik kurslari va motivatorlarga ehtiyoj ko`p? Bular bir paytdagi qo`rquv bergan ruhiy jarohatning asorati.
Qo`rqinchli hikoyalardagi qahramonlarni qanday almashtirish mumkin?
Birinchidan, bolani faqat uning hayotiga haqiqatan ham zarar etkazadigan narsalar bilan ogohlantirish, qo`rqinchli voqea sodir bo`lishi mumkinligini tushuntirish kerak. Misol uchun, elektr toki, issiq temir, mashina yo`li va boshqalar.
Ikkinchidan, haqiqatan ham xavfli bo`lishi mumkin bo`lgan yuqorida keltirib o`tganimizdek, begona, niyati yomon bo`lgan (bola o`g`rilari, pedofil) odamlar borligi bilan qo`rqitish, adekvat va normada kerak. Buning oldini olish uchun bola bilan gaplashing, uni ogohlantiring, lekin buni agressiv holatda emas, balki xotirjam holatda bo`lganingizda tushuntiring. Agar biron bir “xola” yoki “amaki”, hatto notanish bola unga shirinlik berishni xohlasa va uni uyiga taklif qilsa, rozi bo`lmasligini uqtirish kerak.
Uchinchidan: bolaning shaxsiyatiga tegmasdan xavfdan ogohlantirish kerak. Ota-onalar ikkita usuldagina bolani qo`rqitishsiz, ma'lum kutilayotgan axloqiy natijalarga erishishlari mumkin:
1. O`zi yaxshi namuna bo`lish.
2. Oilada oqilona qoidalarni o`rnatish.
Avvalo, ota-onalar barcha holatlarda – ertalab yuvinishdan tortib, turli odamlar bilan muloqot qilishgacha bo`lgan xatti-harakatlarning to`g`ri asoslarini misol qilib ko`rsatishlari kerak. Bolalar ongsiz ravishda ma'lumotni o`zlashtirishadi. Hamma narsada ota-onasiga taqlid qiladi. Shuning uchun tarbiyada, shubhali, dahshatli hikoya va ertaklardan foydalanmang”, deydi psixolog.
Charos Mannonova suhbatlashdi