x

O`zbekistonda istiqomat qiluvchi 15-19 yoshli qizlarning 33 foizi, ya'ni uchdan bir qismi er o`z xotinini kaltaklashga haqli deb hisoblaydi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Adliya vazirligi va YuNISYeF hamkorligidagi davra suhbatida ma'lum qilingan. 

Bugun, 10-oktyabr kuni bo`lib o`tgan davra suhbatida bolalarni zo`ravonlikning barcha turlaridan himoya qilish, O`zbekiston bolalari uchun xavfsizroq va yanada qulay muhitni yaratish masalasi ilgari surilgan. Va buning uchun “Bolalarni zo`ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to`g`risida”gi qonun loyihasini qabul qilishga chaqirilgan. 

Zo`ravonlik nafaqat inson huquqlarini poymol qiladi, u bolaning qolgan hayotiga ham ta'sir o`tkazadi. Biz ushbu o`tkir muammo bo`yicha jimjitlikka chek qo`yib, bu muammo hali ham mavjud bo`lishiga sababchi jamiyatdagi munosabatni o`zgartirmoqchimiz, — dedi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o`rinbosari Shahnoza Mirziyoeva.

Ta'kidlanishicha, zo`ravonlikni to`xtatish bo`yicha maxsus qonunning qabul qilinishi O`zbekiston Jinoyat kodeksiga yaqinda kiritilgan o`zgartishlarga mos keladi, bu esa, o`z navbatida, qizlar, o`g`il bolalar va ayollarni zo`ravonlikdan huquqiy himoya qilishni kuchaytiradi. 

Davra suhbatida qo`shimcha qilinishicha, jahon miqyosida har yili dunyo bo`ylab 1 milliarddan ortiq bola jismoniy, hissiy yoki jinsiy zo`ravonlikka duchor bo`ladi. 

Yaqinda o`tkazilgan Multiindikator klaster kuzatuvi (MICS) shuni ko`rsatdiki, O`zbekistonda 1 yoshdan 14 yoshgacha bo`lgan 3 nafar boladan 2 nafari (62 foiz) zo`ravonlik bilan tarbiyalash usullarini boshdan kechirgan (jismoniy jazo va/yoki psixologik tajovuz), 15-19 yoshli qizlarning 33 foizi er o`z xotinini kaltaklashga haqli deb hisoblaydi. Qonun qabul qilinganidan so`ng, bu qonun oilaviy maslahatlar, ruhiy salomatlik va ruhiy-ijtimoiy qo`llab-quvvatlash, hayotiy ko`nikmalarga o`rgatish hamda xavfsiz uy-joydan foydalanish imkonini berish, farovonlikni ta'minlash va zo`ravonlik, qo`rquv hamda zarardan himoya qilish kabi xavfsizlikni oshirish, huquqiy kafolatlarni kuchaytirish va takomillashtirilgan qo`llab-quvvatlash tizimlari orqali O`zbekiston bo`ylab qizlar va o`g`il bolalar uchun foydali bo`ladi, — deyiladi davra suhbati haqidagi rasmiy axborotda.

To Top ↑
To Top ↑