x

Sizda ham shundaymi? Bir kun g`aflatda qolib uxlasang yoki tobing qochib jarayondan uzilib qolsang, xayolingda kimdir bachkana loyihasi bilan xalq pullarini o`marib ketayotgandek. Qing`ir manfaati yo`lida “isloh” degan so`zni pesh qilib, o`zidan qahramon yasayotgandek tuyiladi.

Mana bu xabarni qarang!

Bugun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universitetida “Lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosini takomillashtirish masalalariga bag`ishlab o`tkazilgan respublika ilmiy-nazariy konferentsiyasi bo`lib o`tdi. Unda O`, G`, Ch hamda Sh dan iborat 4 ta harf shaklini biroz o`zgartirish taklif etildi (O`zA).

Bunaqa takliflar o`ttiz yildan buyon quloqni qomatga keltirdi. Biz xuddi jonlantirish bo`limidagi “ta'lim”ni unutib, tomog`i og`rigan “harf”lar bilan mashg`ul “shifokor”ga o`xshaymiz.

Masal: Maktabga chiqadigan qizim aytadi-ki, “Dada, mening etigimdan suv o`tyapti, etik olib bering?” deb. Men esa unga etik olib berolmasligimni “Bolajonim, men shu qadar yalqov odamman-ki, bo`ynim hech ishga yor bermaydi. Men faqat bola ko`paytirishni bilaman, biroq ularni boqish, kiyintirish, o`qitish haqida hali o`ylab ko`rmagan ekanman. Og`irning ustidan, engilning ostidan o`tib hayot kechirish uchun, nafaqat bolalarimni, butun millatimni ham qurbon qilib yuboradigan ablah odamman” deb izohlamayman.

Uni tizzamga olib, erkalatamanda, navbatdagi bir pulga qimmat tadbirni aytaman: “Qizalog`im, men senga tuya junidan qilingan paypoq olib beraman, shunda oyog`ing sovqatmaydi!” deyman...

Axir uning etigi teshilgan, undan suv o`tyapti. Unga etikning ichidagi jun paypoqdan nima naf, og`aynilar. Bizga suv o`tkazmaydigan etik kerak, axir!

Yana bir gap, qanday alifboda yozsam ham, yozuvim ma'nili va kimgadir manfaat keltirishi, kimnidir moziydan yoki kelajakda yuz beradigan xavf-xatardan ogoh etishi kerakmasmi?

Mayli, sizningcha boraylik, bizda to`rtta harf muammo ekan. Bu muammo faqat bizdami?

Birinchidan, ingiliz tili, frantsuz tilidan ozgina xabarim bo`lgani bois ularda talaffuz qilinmaydigan yoki ikki-uch harf birikmasidan ibort tovushlar borligi va lekin yozilishi shart ekanini bilaman. Bu kabi holatlar juda ko`p xalqning yozuvida uchraydi. Ular ham har yili bir marta shu vaj bilan ishchi guruh tayinlab, xalqning boshini qotiradimi?

Ikkinchidan, aytishlaricha to`rtta harfni komp'yuter klavishlarida yozish qiyinchilik tug`dirarkan. Kechirasiz, bu muammo bilan shug`ullanadigan soha vakillari adabiyotshunos yoki falsafa fanlari doktori emas. Bunga echim topishni qorako`z dasturchilarimiz zimmasiga yuklang. Dastur ishlab chiqishsin. Masalan, telefonimning o`zbekcha alfbosi bor, bu shunchaki bir dastur, bir marta yuklab, o`rnatib qo`yilsa, shu bilan o`sha telefon yaroqsiz holga kelguncha xizmat qiladi. Dastur yangilansa, so`raydi: “Ho`jayin, yangi dastur bor, unda qulayliklar ham bor, yuklaymizmi yo sizga shu holimiz ma'qulmi?” deb. Ekranga bir chertish bilan hal qilasiz.

Bunday dasturlarni komp'yuterlarimiz uchun ham ishlab chiqish lozim. Masala hal!

Uchinchidan, o`rta ta'limni chetga suraylik. Men o`rta ta'limga faqat savod chiqaradigan maskan deb qaraganman. U akademiya emas-ku, bir bolani fizik yoki ximik qilib tarbiyalasa, chunonchi, oliy ta'limning ahvoliga maymunlar yig`layotgan bir paytda!

Mana, haqiqiy islohga muhtoj nuqtamiz – TA_''LIM!

Men talabaman. Ha, o`ttiz yoshimda talaba bo`lganman. Lekin shu yoshgacha laylak haydab yurmadim, lotin alifbosida ham, kirill alifbosida ham qiziqqan kitoblarimni o`qib chiqdim.

Talabalikka qaytamiz. Hamma talabaning umidi bitta – qanday bo`lsa ham shu maskandan diplom olish! Ba'zi qoni qaynoqlari-da uchrab qoladi. Birinchi bosqichda rosa chiranadi, qulog`ini qimirlatmay darslarni tinglaydi… oxir oqibat taqdirga tan beradi u ham. Chunki bu erda tizim yo`q! Senga kerak bo`lmagan fanlarni shunchalar tiqishtirib tashlashgan-ki, ba'zida dars o`tayotgan muallimga rahming keladi. Huddi, “Bechora nima qilsin endi, shu erdan bir-ikki so`m olib oilasini tebratib tursinda”, deb auditoriyaga kiritib yuborilgandek.Hamma ustozni bir qozonga solmoqchi emasman. Masalan, hech qaysi oliy dargohda o`qimagan paytimda ham jamiyatda o`z o`rni bor, o`z so`zi, o`z fikriga ega ziyolilarning darsini orqa partada o`tirib eshitganman. Ammo bularni barmoq bilan sanasa bo`ladi. Avvalo sen “ustoz” deb etagidan tutadigan odaming, seni hayratga sola olishi, savollaringga kalovlanib qolmay javob bera olishi kerakda!

Aksincha, biz yashayotgan o`zbek jamiyatiga “IELTS-7” kerak, boshqasi bo`laveradi.

Nima uchun kerak, boshqa tillarda yozilgan dissertatsiyalarni tarjima qilib, yoqlash, ilmiy daraja olish uchunmi? Yoqlangan ishlarning bizning hayotimizga foydasi bor-yo`qligi bilan kimdir qiziqib ko`rganmi o`zi?

Qachongacha bu millat artistdan kumir qidirib yashaydi?

Mana sizga ishchi guruh tuzib shug`ullanadigan mavzular. Siz esa tug`ilmagan bolaga choponcha qoviysiz!

Alifboni tinch qo`yaylik, janoblar. Ichimizdagi bitta hiqiqatni tan olaylik, lotin alifbosiga endi – bir-ikki yildan buyon o`ta olyapmiz. Siz kiritgan taklifning ham amaliyotga joriy etilishi uchun yana o`ttiz yil kerak bo`ladi. Vaholanki, siz o`sha taklifingizni ham kirill harflari bilan izohlab chiqqaningizga ko`zim etadi.

Bek ALI

To Top ↑
To Top ↑