x

3 ta davlat bog`chasida bir vaqtning o`zida 40 nafar bola zaharlangan. Dastlabki taxminlarga ko`ra, bolalar ovqatdan zaharlangan bo`lishi mumkin. Kun.uz’ning ichki ishlar organlaridagi manbasiga ko`ra Angren shahar IIB holat yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atib, tergov harakatlari olib bormoqda. Buni viloyat prokuraturasi axborot xizmati rahbari Asatilla Fatxullayev tasdiqladi.

 

2023 yil 14 sentyabr kuni Angren shahar IIBga shahar tibbiyot birlashmasidan bolalar zaharlanishi holati bo`yicha xabar kelib tushgan.

Ma'lum bo`lishicha, Angren shahridagi 1, 10, 37-sonli maktabgacha ta'lim tashkilotlarining jami 40 nafar tarbiyalanuvchisi bolalar shifoxonasiga ich ketish, isitma va qayt qilish bilan murojaat qilgan. Bolalarga tibbiy ko`rikdan so`ng oshqozon faoliyatining funktsional buzilishi tashxisi qo`yilgan. Holat yuzasidan hodisa sodir bo`lgan joyga tergov-tezkor guruhi etib borgan. 

Hozirgi vaqtda bolalarning 16 nafari uyida, 4 nafari Angren shahar bolalar shifoxonasining 2-pediatriya bo`limida, 3 nafari shahar tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo`limida, 16 nafari shahar markaziy shifoxonasining infektsion bo`limida hamda 1 nafari bolalar shifoxonasi jonlantirish bo`limida davolanmoqda. Shifoxonalarda davolanayotgan 24 nafar boladan 3 nafari o`rtacha og`ir ahvolda.

O`rganish davomida oxirgi 10 kunlik taomnoma bo`yicha bolalarga tarqatilgan oziq-ovqat mahsulotlardan (sho`rva, shovla, pomidor-bodringli va mevali salatlar, grechkali bo`tqa, tvorogli shirinlik, ichimlik suvi, kompot), shuningdek, tarbiyalanuvchilarning qoni va peshob namunalari olinib, tahlil o`tkazish uchun Toshkent viloyat SEO va JSH boshqarmasi qoshidagi laboratoriyaga yuborilgan. 

Holat yuzasidan Angren shahar IIB huzuridagi tergov bo`limi tomonidan Jinoyat kodeksining 2571-moddasi (sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

To Top ↑
To Top ↑