Faollar Chustda bolalarning ommaviy zaharlanishi yuzasidan fikr bildirmoqda.
Aziza Qurbonova:
Boshlanmasdan tugatilmasin
Chustlik bolalarga shifo tilayman, hali Dok 1 Maks preparati tufayli erga qo`yilgan 65 norasidaning og`rig`i ketmasdan, sudi tugamasdan turib, yana ommaviy zaharlanish dori tufayli bo`lsa, tizimning xulosa qilmaganini ko`rsatadi…
Boshqa tomondan men ham Ilyosga o`xshab xavotirdaman. Chustdagi ommaviy zaharlanish voqeasida yod preparatlari bilan bog`liq muammo tasdiqlansa, aholida ishonchsizlik ortishi, biz uchun eng muhim moddani qabul qilishdan bosh tortish, qo`rquv kuzatilishi mumkin.
Bizda aksariyat ayollarning hayz tsikllari buzilgan, homila tushish holati, ikkilamchi befarzandlik ko`p, ko`pchilikning bo`yi past, yoki semiz yoki juda oriq, aholining katta qismi qon bosimi balandligidan qiynaladi, sochlar sifatlimas, ko`pchilikda erta to`kiladi, asabiymiz, depressiyaga moyilligimiz yuqori va hokazo.
Buning asosiy sabablardan biri — bizga yod etmaydi. Na dengiz, na okeanimiz bor tabiiy yodga to`yinish uchun. Sifatli, qat'iy nazoratga olingan yodlashtirish dasturi juda kerak bizga. Qo`rqamanki, ommaviy zaharlanish ortidan ommaviy bepul dori vositalari tarqatish amaliyoti cheklanmasin. Qat'iy nazorat ostida davom etishi kerak!
Sabablar tezroq ma'lum qilinadi deb kutamiz.
Ilyos Safarov:
Chustda 70 dan ortiq bola zaharlandi. Holat yuzasidan prokuratura tekshiruv boshlagan.
Hozircha zaharlanishga olib kelishi mumkin bo`lgan bir necha taxminlar ko`rib chiqilmoqda. Shulardan biri 20-sentyabrdan amalga kirgan yod bilan ta'minlash dasturidagi e'tiborsizlik oqibati bo`lishi mumkin.
Shu paytgacha qandaydir yirik loyihalarda zaharlanish, o`lim yoki boshqa holatlar kuzatilsa, o`sha dastur tag-tugi bilan yopib tashlanishiga ko`p guvoh bo`lganmiz. Qo`rqyapmanki, bir tumanda yo`l qo`yilgan ehtimoliy e'tiborsizlik bilan bizga juda zarur bo`lgan bu dastur ham to`xtab qolmasa.
Afsuski, ayni taxmin tasdiqlansa, uning oqibatida paydo bo`ladigan qo`rquv va ba'zi ota-onalar tomonidan yodning organizm uchun zarurati tushunib etilmasligi ham zararga ishlashi mumkin.
Shu o`rinda shifokorlarning yod tanqisligi qanday oqibatlarga olib kelishi bo`yicha eslatmalarini yana bir marta takrorlab o`taman:
• Aqliy va aqliy qobiliyatlarning buzilishi;
• Aql-idrokning pasayishi;
• Bo`qoqning rivojlanishi;
• Qalqonsimon bez disfunktsiyasi;
• Bolalarning jismoniy va aqliy rivojlanishining sekinlashishi;
• Kretinizm, ya'ni qalqonsimon bezning etarli darajada ishlamasligi tufayli bolaning rivojlanishidagi kechikish.
O`zbekistonda esa yod tanqisligi jiddiy muammo hisoblanadi. Masalan, ba'zi viloyatlarda organizmdagi yod tanqisligi 80 foiz ko`rsatkichgacha chiqib ketgan.
Sog`liqni saqlash vazirligi zaharlanishga nima sabab bo`lganidan qat'i nazar, dasturni amalga oshirishda nazoratni maksimal darajaga chiqarishi kerak. Toki millat kelajagi bilan bog`liq juda zarur loyiha boshlanmay turib tugatilmasin.
Zaharlangan bolalarga Allohdan komil shifo so`rayman.
Shaxnoza Soatova:
Chust tumanida bolalarning ommaviy zaharlanishi holati bo`yicha biraniga uchta mas'ul tashkilot bayonot berdi. Holat nazoratda ekani, bolalar reanimatsiyaga tushmagani aytildi.
Zaharlanish sababini aniqlash uchun Bosh prokratura bolalarning ichgan suviyu egan ovqatigacha namuna olib o`rganmoqda ekan. Natijalar chiqqunicha xulosa qilishga shoshilmaslik kerak.
Zaharlanishga bog`chalarda tarqatilgan yod preparati sabab bo`lgani haqidagi taxminlar bu hali versiyalardan biri. Biroq boshqa faollar kabi men ham agar bu taxmin tasdiqlansa, jamiyatda "yodofobiya" paydo bo`lishidan xavotirdaman.
Hozir tarqalgan mishmishlarning o`ziyoq ushbu xayrli dasturga soya solishi mumkin.
Shu sababli ota-onalarni avvaldan xulosa chiqarmay yakuniy natijani kutishga chaqiraman.
Har qanday holatda ham, bizda yod etishmovchiligi muammosi o`tkirligini unutmang. Farzandingizni, o`zingizni tekshirtirib, shifokor bilan maslahatlashgan holda bo`lsa ham yod qabul qilish kerakligini nazarda tuting. Yod etishmasligi asabiylik, endokrin kasalliklar va eng yomoni kretinizmga sabab bo`ladi.
Bu sog`liq, etuk avlod, O`zbekiston xalqining genofondi masalasi.