Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida ehtiyotsizlik oqibatida “uksus” ichirib qo`yilgan 8 oylik chaqaloqqa Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filiali xodimlari sovuqqonlik bilan qarayotgani haqida xabar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan viloyat Sog`liqni saqlash boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Ma'lum qilinishicha, joriy yilning 9 sentyabr' kuni soat 15:32 da shu yilning 7 fevralida tug`ilgan I.H. ota-onasi tomonidan RShTYoIM Qashqadaryo filiali reanimatsiya bo`limiga og`ir ahvolda olib kelingan. Ularning so`zlariga ko`ra, shu kuni soat 12 lar atrofida nazoratsizlik va ehtiyotsizlik oqibatida go`dakka suvda eritilmagan yuqori kontsentratsiyali sirka kislotasi ichirilgan.
Oqibatda ahvoli og`irlashgan go`dak dastlab Shahrisabz tumani tibbiyot birlashmasi bolalar shifoxonasiga, so`ng filialiga yuborilgan.
“Bemorga “Sirka kislotasidan o`tkir zaharlanish. Og`iz bo`shlig`i, lablari, halqum, hiqildoq va qizilo`ngach shilliq qavatlarining 1-2 darajali kimyoviy kuyishi, toksik nefrit, toksik miokardit, toksik pnevmoniya” tashxisi qo`yilib, jonlantirish bo`limiga yotqizilgan va standart bo`yicha intensiv davo muolajalari bajarilmoqda”, deyiladi viloyat SSB munosabatida.
Kasallikning 2-sutkasida yuqori nafas yo`llari kuyishi oqibatida yuqori nafas yo`llari stenozi va shishi rivojlanib, bemorda nafas etishmovchiligi 3-darajasi va yurak qon-tomir etishmovchiligi oqibatida to`satdan yurak to`xtashi kuzatilgan. Intensiv reanimatsion choralar ko`rilganidan so`ng yurak urishi tiklangan va chaqaloq sun'iy nafas apparatiga o`tkazilgan.
“Murojaatda bemorga tibbiy xizmat ko`rsatgan shifokorlar sha'niga (masalan, “super-kontraktda o`qigan”, qabilida) asossiz gaplar aytilgan. Vaholanki, ular ko`p yillik tajribaga ega bo`lgan, oliy toifali vrachlar hisoblanadi. LOR shifokor sanitar aviatsiya yo`nalishi orqali olib kelingan, go`dakning ahvoli og`irligi sababli u to`g`ridan-to`g`ri reanimatsiya bo`limiga kelib, formasiz bo`lsa ham shoshilinch yordam ko`rsatishni lozim deb topgan”, deyiladi xabarda.
Shundan so`ng toksikolog, reanimatolog, kombustiolog, bolalar xirurgi va boshqa mutaxassislar ishtirokida konsilium o`tkazilgan. Ayni paytda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi mutaxassislaridan telemeditsina orqali tegishli tavsiyalar olinmoqda.
Aytish joiz, 7 oylik chaqaloq uchun ushbu holat o`ta og`ir hisoblanadi. Bola organizmi hali bunday jarohatni ko`tarishi qiyin. Hozirda vaziyat viloyat Sog`liqni saqlash boshqarmasi nazoratiga olingan, go`dakning ahvoli kasallik kechishi, yuzaga kelgan asoratlar sababli og`irligicha qolmoqda.
“Ijtimoiy tarmoqlarda videomurojaat bilan chiqayotgan bemorning yaqinlaridan vaziyat nechog`lik murakkab bo`lmasin, ehtirosga berilmasdan holatni to`g`ri baholashi va qonun doirasida ish tutishlarini so`raymiz”, deyiladi SSB xabarida.