Joriy yilning 1 sentyabr' kuni ijtimoiy tarmoqlarda «MuhammadYusuf bolajonlari» bog`chasidagi tarbiyachilarni kim oladi» sarlavhasi ostidagi video tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Andijon viloyati maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Ma'lumotlarga ko`ra, ushbu holat Marhamat tumanidagi «MuhammadYusuf bolajonlari» Nodavlat tashkilotida sodir bo`lgan. Videoda tarbiyachi bir nechta bolalarni esnab o`tirganlikda ayblab, ularning boshiga urib chiqqan.
«Mazkur holat darhaqiqat Andijon viloyati Marhamat tumanidagi «MuhammadYusuf bolajonlari» Nodavlat ta'lim tashkilotida sodir bo`lib, ushbu holatga yo`l qo`ygan ta'lim tashkiloti tarbiyachisi egallab turgan lavozimidan ozod etildi», – deyiladi rasmiy munosabatda.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo`lib, ta'lim tizimi imijiga salbiy ta'sir o`tkazuvchi holatni yuzaga keltirgani uchun maktabgacha ta'lim tashkiloti rahbariyatiga belgilangan tartibda intizomiy chora qo`llanilgan.
Dilmurod TILOVOV tayyorladi