...Oppoq kombinezon, qo`lqop va paypoqchalar kiyintirilgan chaqaloq Malayziya jaziramasida jimgina yotardi.
“Men uni ko`tarib oldim. U kulib turardi”, – deydi Hartini Zaynuddin, hayotini o`zgartirib yuborgan o`sha issiq yakshanba tongi haqida gapirar ekan.
Hartini tashlab ketilgan chaqaloqlarni asrab qolish, bolalar huquqlarini himoya qilish bilan shug`ullanuvchi huquqbon sifatida mashhur.
Unga chaqaloqni 3 ming dollar evaziga farzandlikka berishlarini aytishdi. Aks holda, go`dakni Tailandga jo`natishlarini ma'lum qilishdi. Ayol bolalarni Tailandga tilanchilik uchun jo`natishdan avval mayib qilishlaridan xabardor edi. O`ylab o`tirmasdan qizchani sotib oldi.
Malayziyada chaqaloq biznesi serdaromad sohalardan. Kontrabandachilar va shifokorlardan iborat murakkab jinoiy to`dalar yosh va himoyasiz go`daklardan katta foyda olish maqsadida buyum kabi savdoga qo`yadilar.
Mazkur mamlakatda bola asrab olish murakkab jarayon bo`lib, hujjatlashtirish ishlari bir necha yillarga cho`ziladi. Shu sababli odamlar farzandlikka olish uchun bir necha ming dollarni “tadbirkor”lar qo`liga tutqazish va sotib olingan bolalar uchun qalbaki hujjat tayyorlab beradigan davlat xizmatchilariga pora berishni afzal ko`rishadi.
Chaqaloqlar millati, irqi, jinsi va vazniga qarab 400 dollardan 7 500 dollargacha baholanishi mumkin. Go`daklarini sotuvga qo`ygan ayollar har xil bo`ladi. Ayrimlari kambag`al mehnat migrantlari bo`lib, ularga Malayziyada farzand ko`rish qonunan taqiqlangan. Ba'zan esa nikohsiz farzand ko`rgan va isnodga qolishni istamagani uchun farzandidan voz kechgan malayziyalik ayollar ham uchrab turadi.
Haridorlar asosan farzandsiz oilalar bo`lib, mamlakatning farzand asrab olishga oid murakkab qonunchiligidan hafsalasi pir bo`lganlar. Huquq faollarining aytishicha, ayrim go`daklar mudhish maqsadda – pedofillar uchun o`lja tayyorlash bilan shug`ullanadigan jinoiy guruhlar tomonidan ham sotib olinadi.
“Al Jazira” ijodkorlari to`rt oylik yopiq tekshiruvlari davomida Malayziyada sotuvga qo`yilgan chaqaloqlarni topish va ularni boshqa nom bilan ro`yxatdan o`tkazish naqadar osonligiga guvoh bo`lishdi.
Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi maxsus sahifalar ko`plab “uyga muhtoj” bolalarni taklif qilishadi. E'lonlarda chaqaloqning tug`ilajak vaqti, kutilayotgan tibbiy xarajatlar va go`dakni dunyoga keltiradigan onasiga to`lanadigan “sut puli” miqdori ma'lum qilinadi.
“O`zingizga ma'qul variantni onlayn tarzda tanlashingiz mumkin. Millatlar bo`yicha alohida kataloglar sizga muntazir. Huddi supermarketda savdo qilishdek gap”, – deydi Hartini.
Internet tarmog`ida chaqaloqlarni taklif qilayotganlarning ba'zilari bu ishni o`ziga kasb qilib olganlar. Jurnalistlar ana shunday sotuvchilardan biri bilan aloqaga chiqib uchrashishdi. U o`zini Bonda (malay tilida “ona” degani) deb tanishtirdi. U Malayziyaning turli burchaklarida 78 nafar homilador indoneziyaliklar borligini ma'lum qilgan.
Bonda taqdim qilgan katalogda ayollarning ismlari, kasbi va homiladorlik davri ko`rsatilgan. U chaqaloqlarning onalari ularni sotgandan keyin topishga urinmasliklariga kafolat berishini aytgan.
U, shuningdek, chaqaloqni sotib olish va soxta hujjat tayyorlash ishlari uchun 2 500 dollar ketishini ma'lum qilgan. Ammo narx qat'iy bo`lmasdan, 1 500 dollargacha kamaytirib berishi mumkinligini ham istisno qilmagan.
Shariat qonunlariga rioya qilinadigan Malayziyada zino uchun 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, qamchilash va 5 000 ringgitgacha (taxminan 1 155 dollar) jarima solinishi mumkin. Shu tufayli zinodan bola orttirib olgan ayollar farzandlarini sotishni ma'qul ko`rishadi.
Tadqiqot davomida jurnalistlar farzandini 2 ming dollarga pullashga rozi bo`lgan filippinlik ayol bilan muloqotda bo`lishdi. U Malayziyaga mehnat muhojiri sifatida kelgan. Ushbu mamlakatda mehnat muhojirlariga farzand ko`rish taqiqlanadi. Agar bolani Malayziyada dunyoga keltirsa, u fuqaroligi yo`q shaxsga aylanishi mumkin. Shuning uchun chaqaloqni sotishni afzal ko`radi.
Malayziyada chaqaloqni xaridor ota-onaning biologik farzandi sifatida rasmiylashtirib beradigan shifoxonalarni topish unchalik mushkul ish emas. Hususiy klinikada xizmat qiladigan Pannir ismli doktor chaqaloqni etkazib berish va qalbaki hujjat tayyorlash haqi 5 ming dollar bo`lishini ma'lum qilgan.
Uning aytishicha, Malayziyada xitoylik onalar dunyoga keltirgan chaqaloqlar eng qimmat hisoblanadi. Ularning narxi 7 500 dollargacha baholanishi mumkin.
Malayziyada chaqaloqlarni pullash bilan shug`ullanuvchi fohishalarni ham uchratish mumkin. Chaqaloqlar savdosi va kontrabandasiga qarshi kurashuvchi Fernandesning aytishicha, kontrabandachilar fohishalarni farzand ko`rishga va chaqaloqni sotishga majburlashadi.
Aldov yo`li bilan Malayziyaga ishga taklif qilingan ayollar islovotxonalarda qullikda saqlanadi. Nomusidan ayrilgan va homilador bo`lgan ayollarning farzandlari keyinchalik qora bozorda sotuvga qo`yiladi.
Malayziyalik oilalar tomonidan sotib olingan bolalar kelajakda yaxshi turmush kechirishidan xavotir olmasa ham bo`ladi. Ammo ayrim sindikatlar ularni yovuz maqsad uchun sotib olishadi. 8 yoshga etgan bolalar pedofillarning nafsini qondirish uchun ishlatiladi.
Malayziyada asrab olingan bolalarga hujjat olish juda qiyin ish. Tug`ilganlik haqida guvohnoma ololmagan noqonuniy bolalar maktabga borolmaydi va tibbiy xizmatdan foydalana olmaydi. Voyaga etganlarida esa pasport berilmagani uchun turmush ham qurolmaydi. Huquq faoli Hartini asrab olgan farzandi Zaraga fuqarolik olish uchun uzoq yillardan beri kurashib keladi. Qahramonimiz 8 yildan beri maqsadiga erisha olmayapti.