x

7 yoshgacha bo`lgan bolalarda o`zgani moli degan tushuncha deyarli bo`lmaydi. Bolaning atrofidagi hamma narsa uniki hisoblanadi. Shu sababli bola o`rtoqlarining yoki boshqa kishilarning narsalarini o`ylab ham o`tirmasdan o`ziniki qilib oladi. Faqat shu o`rinda aytib o`tish joizki, bola bu ishlarning hech birini o`g`irlik niyati bilan qilmaydi.

7 yoshdan keyingi davrda esa uydan ruxsatsiz olingan narsa yoki pul bolaning o`z ehtiyojini qondirish uchun tanlangan yo`l hisoblanadi. Buni esa noto`g`ri xatti-harakatlar deb baholash mumkin bo`ladi. Agar bola bu ishlarni o`smirlik chog`iga yaqinlashganda qilayotgan bo`lsa, haqiqiy tahlika hisoblanadi. Noto`g`ri harakatlar ichidan joy olgan "o`g`irlash kasalligi"ni bolaning kichik yoshlarida ruxsatsiz o`zgalarning narsasini olish bilan bir xil ko`rib bo`lmaydi. "O`g`irlik" kattalarda uchraydi. Bu ishning noto`g`ri ekanini sezgani holda o`zining moddiy-ma'naviy ehtiyojlarini qondirish uchun qilingan harakat hisoblanadi.

Ota-onalar farzandlari 7 yoshga to`lgandan keyin qanday yo`l tutishlari kerak?

Ota-onalar o`zgalarning narsasini olib kelgan farzandlariga nisbatan “o`g`ri" muomalasi qilmasliklari va ularni ranjitmasliklari shart. "Sen o`g`rilik qildingmi?" deya tanbex berib, butun dunyodagi narsalarni o`ziniki deb bilgan bolaning ufqini toraytirib quyish mumkin. Aks holda "O`g`ri" so`zi bilan o`zini birlashtirib qo`ygan bola kelajakda "o`g`ri" so`zini eshitib o`zini eslaydi va xijolat tortib o`zini o`zi oqlashga urinadi. Buning o`rniga bolaga qo`lidagi o`yinchoqning boshqa kishiniki ekanligini aytib, uning bu o`yinchoqni qidirib xafa bo`layotanini tushuntirish kerak. Bolada narsasi yo`qolgan odamga nisbatan e'tibor uyg`otish lozim.

Bolani o`zganing narsasini olishga undovchi sabab nima?

• 7 yoshdan keyin ijtimoiy muhitga moslasholmagan, atrofidagilar bilan yaqin munosabat o`rnata olmagan bolalarda birovning narsasini olish holatlari kuzatiladi. Shu sababdan tortinchoq, odamovi bolalarning bu borada qo`llab-quvvatlashga ehtiyojlari bor. Turli yo`llar orqali (birgalikda kinoga borish, tug`ilgan kunni birga o`tkazish kabi)bu toifa bolalarni ijtimoiy muhitga tortish, ular bilan samimiy munosabat o`rna- tish juda muhim. Shu zaylda bunday bolalardagi ma'naviy bo`shliq o`rni to`ldiriladi. Atrofini yaxshi tanigani sari bolada o`zganing narsasini olish muammosi bartaraf etiladi.

• O`tkazilgan tadqiqotlar o`zgalarning narsasini olish kasalligi ko`proq sevgidan mahrum qolgan bolalarda kuzatilganini ko`rsatmoqda. Bolaga nisbatan ota-onaning bee'tiborligi, ukalik bo`lish, boshqalar bilan qiyoslashlar unda o`zidagi ma'naviy bo`shliqni qandaydir yo`l bilan to`ldirishga yo`naltiradi. Ko`pchilik bolalarning ota-onalarini shu yo`l orqali o`zlariga qaratishga urinishlari ham kuzatiladi. Hatto ba'zi bola- lar qo`lidagi birovning o`yinchog`ini ko`rgan onasining "Buni qayerdan olding?" deb so`rashi va bahonada u bilan suhbatlashishi uchun ham shu ishni qiladilar.

• Yana bir muhim sababi bolaga tartibli shaklda pul bermaslikdir. Bolaning ehtiyoji bo`lsa-yu, ota-onasidan qo`rqqani uchun pul so`ray olmasa va ota-onasining o`zining ehtiyojini qondirolmasligini o`ylasa, bu masalani o`zi echishga harakat qiladi. Birovning narsasini o`g`irlashga urinadi. Bu holat “o`g`irlash kasalligi" hisoblanmaydi. Faqat bolaning ruhiy bosim ostida qolishi, uni ikkiyuzlamachi qilib qo`yishi nuqtai nazaridan tahlikali vaziyat hisoblanadi.

• Shuningdek bolalar ranjish, dushmanlik, jahl chiqish, kambag`allik, qizg`onish natijasida xam ichki tuyg`ularini shu yo`l bilan tashqariga chiqarishadi.

• Bolalarga boshqalarni kishilik haqlariga hurmat qilishni kichikligidan o`rgatilsa, bolaning ham narsalariga uning ruxsatisiz tegilmasa, uni hurmat qilinsa bolaga o`zganing narsasini olmaslik tabiiy shaklda o`rgatilgan bo`ladi. Aksincha taqdirda, bola o`zining harakat chegaralarini bilmasdan o`zgalarning haqlarini hurmat qilolmaydi va istagan paytda boshqalarning narsalarini o`ziniki qilib olishi mumkin.

• Kuchli bosim va qattiqqo`l oila farzandlarida ham shu holatlar ko`p kuzatiladi.

O`smir bolalarda noto`g`ri guruhlarga qo`shilib qolish natijasida birovning narsasini olish holatlarini ko`rish mumkin. Bu birovning narsasini olish harakatlarining eng xavflisidir. Buning oldi olinmasa bolani jiddiy xatarlar kutadi va bu harakatlar voz kechib bo`lmaydigan odatga aylanib qoladi.

Birovning narsasini ruxsatsiz olish odatga aylanib qolmasligi uchun nimaga e'tibor qilish kerak?

Ota-onalar uchun farzandlarining birovning narsasini olib kelishiga befarq bo`lish juda qiyin. Chunki bu ishni o`g`rilik ya'ni birovning molini o`g`irlash bilan teng ko`riladi. Katta gunoh hisoblangani uchun bola, albatta, jazolanadi. Bolaga nisbatan qo`pollik orqali muammoni hal qilmoqchi bo`lgan ko`p ota-onalar bor. Bolani kaltaklab, unga baqirib, turli jazolar berish orqali uni bu yo`ldan qaytarish mumkin. Fakat keyingi safar bola sizning qarshingizga o`g`irlik bilan emas, balki undanda og`irroq gunox bilan, masalan, hayosizlik bilan chiqishi mumkin. Shu bois bunday vaziyatlarga tushilganda bolaga nisbatan shafqatliroq bo`lish lozim. Agar bola o`zini qadrli deb his qilsa, turli noto`g`ri harakatlarga qo`l urmaydi. Buyniga arqon bog`lasa ham, oyog`iga zanjir taqilsa ham "Men bu ishni o`zimga ep bilmayman, bunday ish qilmayman" deb qarshilik qiladi. Dunyodagi barcha axloq-odob qoidalariga, milliy an'analarga zid, omma tomonidan xush ko`rilmagan odatlar o`zini qadrsiz, kamsitilgandek his qilgan kishilar tomonidan qilinayotgani kuzatiladi.

Bola jahldor ota-onasiga o`zi qilgan noto`g`ri harakatni aytolmaydi. Bolaga javob berolmaydigan savollar berilsa u o`zi tushib qolgan botqoqqa battar chukadi. Shu sababdan:

Bu holatni bolaning yuziga solmang.

• Uning noto`g`ri harakatini aniqlash uchun ko`p harakat qilmang.

Farzandingizdan shubhalanayotganingizni sezdirmang.

Turli pichinglar qilmang.

Bola turli haqoratli so`zlar va jazolar orqali o`zini kamsitilganini his qilsa, har qanday noto`g`ri harakatlarni qilishdan toymaydi. Eng xatarli holat ham aynan shu hisoblanadi. Bu esa bolada o`zganing narsasini ruxsatsiz olishni odatga aylantirishi nuqtasida juda muhimdir. Kishi o`z xatti-harakatlaridan birovni uning ustidan kulishi, uni do`pposlashi tufayli voz kechmaydi. Bunday noto`g`ri harakatlardan voz kechishi uchun uning qalbida ijobiy tushunchalar paydo bo`lishi kerak. Bu tushunchalar ma'naviy, diniy qadriyatlar, axloq-odob qoidalari kabi jamiyat tomonidan qabul qilingan normalar doirasida bo`lsa, kishida qilgan ishlariga nisbatan uyalish, vijdon azobida qolish hislari uyg`onadi. Bunday tushunchalar esa kishining qalbiga o`z vaqtida joylashtirilishi kerak. Aks holda uni uyaltirish yo`li orqali o`g`irlikdan voz kechtirib bo`lmaydi.

To Top ↑
To Top ↑