Bolalar o`limi, hatto bir nafar bola vafot etgan bo`lsa ham, nafaqat alohida bir oila, balki butun mamlakat uchun ulkan fojiadir. Tinch zamonda yuz bergan kamida 65 nafar bolaning bir xil sababli o`limini esa biror so`z bilan izohlab, tushuntirib bo`lmaydi.
O`tgan yil oxirida kamida 20 nafar bola Hindistonda ishlab chiqarilgan yo`talga qarshi sirop («Dok-1 Maks» va boshqa)larni ichish oqibatida halok bo`lgani haqidagi xabarlar butun O`zbekistonni larzaga solgandi. O`shanda faqat sobiq sog`liqni saqlash vaziri Behzod Musayev bayonot bilan chiqib, shifokorlar bolalarning hayotini saqlab qola olmagani uchun farzandini yo`qotgan ota-onalar va ularning yaqinlaridan uzr so`ragan edi. U bolalarning o`limi holatlari Sog`liqni saqlash vazirligidan yashirilganini aytgandi. Shuning o`ziyoq savollar keltirib chiqaradi: nega davlat tizimi qaltis holatlar haqida darhol xabar bermaydi, nega noxush holatlar ovoza bo`lishidan va bu haqda rahbariyatni boxabar qilishdan qo`rqishadi va hokazo.
Davlat telekanallari bu fojiani yoritmadi. Bolalarning ommaviy o`limi haqida birinchi bo`lib 15 dekabr' kuni Samarqand viloyat bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazi direktori Mamatqul Azizov ma'lum qildi. U viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi boshlig`i Davronbek Jumaniyozovga yozgan xatida «Dok-1 Maks»ning o`limga sabab bo`luvchi asoratlaridan ogohlantirgan edi, shunda ham bu siropning savdosini to`xtatish haqidagi qaror oradan bir hafta o`tib — 22 dekabrda chiqdi.
Sog`liqni saqlash vazirligining bu siropni sotib olmaslikka chorlovchi xabarnomasi esa yana bir hafta o`tib tarqatila boshladi, ya'ni aholini ogohlantirish bo`yicha tashviqot ishlari juda kech yo`lga qo`yildi.
Bolalarning o`limi haqida xabar bergan bosh shifokor ishdan haydaldi, viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi boshlig`i esa ishlashda davom etmoqda.
Mamlakatda vafot etgan bolalar uchun motam e'lon qilingani yo`q. Jinoyat ishining borishi oshkor qilinmaganidek, qurbonlar soni karrasiga ko`proq ekaniga ham biror ishora ham berilmadi. Jabrlangan bolalarning umumiy soni aytilmadi. Ularning qanchasi nogiron bo`lib qolgani ham noma'lum.
Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan dori vositalari, xususan, «Dok-1 Maks»ni iste'mol qilish oqibatida O`zbekistonda 65 nafar bola halok bo`lgani oradan qariyb sakkiz oy o`tib, 10 avgust kuni ma'lum bo`ldi. Ushbu farmkompaniya dorilari keng tarqalgani va taqiqlanganiga qaramay, ayrim dorixonalar hatto fevralda ham bu dori vositalarini sotishda davom etgani inobatga olinsa, qurbonlar soniga doir bu raqam yakuniy bo`lmasligi mumkin.
Qurbonlar soni kattaligidan tashqari, yana ko`plab bolalar nogironlik orttirib olgan. Sudda qatnashayotgan otalardan biri farzandi birinchi guruh nogironi bo`lib qolgani, u endi na gapira, na yura olayotganini aytdi. U shunday ahvolga tushgan yagona bola emas.
Kuchli davlat his-tuyg`ularni namoyon etishdan qo`rqmaydi
«Gazeta.uz» vafot etgan bolalar xotirasiga hurmat bajo keltirish hamda ularning o`rnini to`ldirib bo`lmas yo`qotishni boshdan kechirgan ota-onalari va qarindoshlarini qo`llab-quvvatlash maqsadida O`zbekistonda umummilliy motam e'lon qilinishi kerak, deb hisoblaydi.
Davlat shu tariqa o`zining berahm, befarq, begona emasligini, bu mamlakatda inson hayoti haqiqatan ham eng oliy qadriyat ekanini namoyish etgan bo`lur edi.
Bu fojia haqidagi xotira xalq salomatligi va xavfsizligi uchun mas'ul rahbarlarga kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi uchun saboq bo`lib qolishi kerak.
Odamlar davlat ularning dard va iztiroblarini his qilayotganini ko`rishi va bunga ishonishi kerak. Umummilliy motam vafot etgan bolalarning yaqinlariga bu yo`qotishni engib o`tishga yordam beradi va ular bu fojia bilan yakka o`zlari yolg`iz qolib ketmaganliklarini ko`rsatadi.
Odamlar farzandlarini O`zbekistonda voyaga etkazishdan qo`rqmasligi va kelajaklarini shu erda ko`rishi uchun ham rasmiylar fuqarolar ishonchini qozonishi kerak. Odamlar har qanday fojiani o`zi va yaqinlari misolida qayta ko`rib chiqadi, davlat tomonidan g`amxo`rlik hissining yo`qligi va xavfsizlikning ta'minlanmaganligi esa unga bo`lgan ishonchni kamaytiradi.
Umummilliy motamning e'lon qilinishi kuchsizlik namoyishi bo`lmaydi. Bu kuchli, adolatli, g`amxo`r, Konstitutsiyada yozilganidek ijtimoiy davlatning bir belgisidir. Bu o`z farzandini yo`qotgan oilalarga hamdardlik bildirish, qolgan fuqarolarga esa shu hamdardlikka sherik bo`lish imkoniyati hamdir.
Bu masala mamlakatda motam e'lon qilinishi zarur bo`lgan yana boshqa ko`plab hodisalar: rasmiy ma'lumotlarga ko`ra salkam 200 kishi halok bo`lgan Andijon voqealari, Qozog`istondagi avtobus yong`ini oqibatida 50 dan ortiq o`zbekistonlikning halok bo`lishi, Nukus voqealari vaqtidagi 20 dan ortiq odamning o`limi, har yili YTHlarda halok bo`ladigan minglab odamlar (jumladan, yuzlab bolalar), koronavirus pandemiyasi davridagi o`limlar va boshqa fojialarga ham daxldordir.
O`zbekistonda, qo`shni mamlakatlarda va SSSRda motamlar
SSSRda davlat darajasidagi motam faqat mamlakat rahbarlari — Lenin, Stalin, Brejnev, Andropov va Chernenkoning o`limi munosabati bilan e'lon qilingan. Faqat bir istisno bor — samolyotdagi mashg`ulot parvozi vaqtida qulab, birgalikda halok bo`lgan birinchi kosmonavt Yuriy Gagarin va instruktor Vladimir Seryogin vafoti munosabati bilan 1968 yilda e'lon qilingan motam.
Ittifoq parchalanishi arafasidagina sovetlar mamlakatida fojiali voqea-hodisalar qurbonlari xotirasiga motam e'lon qilina boshlagan. Hususan, 1988 yili Armanistonda kamida 25 ming kishining umriga zomin bo`lgan Spitak zilzilasidan so`ng va 1989 yili Boshqirdistonda salkam 600 kishining o`limiga sabab bo`lgan temiryo`l halokatidan so`ng SSSR miqyosida motam e'lon qilingan.
O`zbekistonda motam e'lon qilishning qonunchilikda belgilab qo`yilgan aniq tartibi yo`q. Motam odatda prezident farmoni bilan e'lon qilinadi. Qonunchilik hujjatlari bazasida «motam» so`zi faqat bir marta — prezidentning 1999 yil 17 fevraldagi farmonida uchraydi (va u Toshkentdagi 16 fevral' teraktlari munosabati bilan e'lon qilingan).
Bundan tashqari, mustaqillik yillari O`zbekistonda 2004 yil 15 yanvar' kuni Toshkent aeroportida Yak-40 samolyoti qulashi munosabati bilan ham motam e'lon qilingan. O`shanda, 13 yanvar' kuni Termizdan uchib kelayotgan samolyot noqulay ob-havo sharoitida qo`nishga urinib, halokatga uchragan, hodisa oqibatida 37 kishi, jumladan, BMTning O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Richard Konroy ham vafot etgan edi.
O`zbekistonda oxirgi marta 2016 yil sentyabrida, mamlakat birinchi prezidenti Islom Karimov vafot etganida uch kunlik motam e'lon qilingan.
O`zbekiston mustaqillik e'lon qilgunicha esa, jumladan, 1989 yilning may-iyun' oylarida Farg`onada yuz bergan voqealar qurbonlari xotirasi uchun motam e'lon qilingan. Motam e'lon qilingan vaqtda o`zbeklar va mesxeti turklar o`rtasidagi millatlararo to`qnashuvlarda 90 ga yaqin odam halok bo`lgandi.
Manba: O`zbekiston Milliy kutubxonasi arxivi
Shuningdek, er ko`chishi oqibatida Angren yaqinidagi Jigariston qishlog`ini tuproq ostida qolib, 56 kishi halok bo`lgani munosabati bilan 1991 yil 6 may kuni ham motam e'lon qilingan.
Manba: O`zbekiston Milliy kutubxonasining arxivi
Qo`shni Qirg`izistonda 2020 yil iyulida COVID-19 qurbonlari uchun umummilliy motam e'lon qilingandi. O`sha vaqtda mamlakatda koronavirus bilan bog`liq 1200 dan ortiq o`lim holati ro`yxatga olingandi. 2022 yilning 21 avgust kuni Rossiyada YTH oqibatida 14 qirg`izistonlik halok bo`ldi. Prezident Sadir Japarov esa 23 avgustni umummilliy motam kuni deb e'lon qildi.
2023 yilning 12 iyun' kuni Qozog`istonda Abay viloyatidagi o`rmon yong`inlarida o`rmonchilik xo`jaligining 14 xodimi halok bo`lgani munosabati bilan motam e'lon qilindi. Mamlakatda 2022 yilgi Yanvar' voqealari, 2020 yilgi koronavirus pandemiyasi va boshqa turli voqea-hodisalarning qurbonlari xotirasi uchun ham motamlar e'lon qilingan.
Qozog`istonda amaldagi tartibga ko`ra umummilliy motam e'lon qilish haqidagi qaror prezident tomonidan qabul qilinadi. «Kazinform»ning yozishicha, motam davlat arboblari va milliy qahramonlarning o`limi yoki dafn etilishi munosabati bilan, shuningdek, ko`plab insonlarning o`limiga sabab bo`lgan hodisalar sabab e'lon qilinishi mumkin. Motam kunlari OAV ko`ngilochar axborot berishdan tiyiladi va oq-qora tusga kiradi.
Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o`tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a'zo bo`ling.
Odamlar o`limi bilan bog`liq holatlar, ularning ko`lami qanday bo`lishidan qat'i nazar, sir saqlanishi kerak emas. Ular faqat ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinishi emas, balki butun mamlakat miqyosidagi bosh mavzularidan biri bo`lishi lozim. O`zbekistonda halok bo`lgan bolalar xotirasi uchun umummilliy motam e'lon qilinishi zarur. Shunday qilinsa, to`g`ri bo`ladi.
Gazeta.uz