x

Ota o`zining voyaga etmagan qizlarini bo`g`ib o`ldirgani haqidagi sovuq va ayanchli xabar ijtimoiy tarmoqlarni «portlatdi». Yig`lamagan dil qolmadi. Bu hayotiy voqea. Ammo qizaloq tilidan aytilgan, bir hikoyacha, deb biling. Balki, bu oddiy hikoya emasdir. Balki, qanchadan-qancha insonlar taqdirini o`zgartirar. Balki ota, farzand dog`iga chiday olmasligini tushunib etar. Balki otalarni qotillikdan qaytarar, to`xtatar...

«Hammasi o`sha tunda sodir bo`ldi. Men va singlim o`yinchoqlarni o`ynab turgandik. Birdan dadam shovqin qilib, oyimni telefonda urishdilar. Biroz vaqt o`tib, xonada sukunat cho`mgandek bo`ldi. Dadam tinchlandilar, deb o`yladik. Afsuski, unday bo`lmagan ekan. Dadam jahl bilan dala hovlimiz devori o`rnida o`ralgan simlardan birini olib, biz tomon yurdi. Biroz o`ylanib, so`ng ichkariga yugurib kirdi. Singlim bilan oyimni eslab qo`g`irchoqlarni o`ynayotgandik. Birdan eshik ochilib, dadamning vajohatli yuzi ko`rindi. U eshik yonida koptogini olayotgan singlimga tashlanib, boyagi sim bilan bo`g`a ketdi. Men qo`rqib ketdim va shkaf ichiga yashirinib oldim. Kecha bog`chada, bog`cha opasini aytganini qilmagani va shu uchun uryaptilar, deb o`yladim. Keyin meni ham urishlari mumkin, degan xayolga bordim. (Men 8 yoshda, singlim esa 6 yoshda.)

Biz uyda faqat bolajon va aqlvoy telekanallarini ko`ramiz, lekin, bu kabi holatni birinchi bor singlimda ko`rishim (ya'ni bo`g`ishlarini). Singlim «dada, dada» deya baqirardi, ammo dadam singlimning baqirishiga va jon talvasasida qo`llarini qimirlatishiga, umuman parvo qilmas edilar. Singlimning «Opa, dadamni to`xtat. Dada, bo`ynim og`riyapti.» – degan gaplarini eshitardim. Men shkaf ichida qizarib, qo`rqqanimdan gapira olmadim ham... Singlim qimir etmay jimib qoldi. Shkaf eshigidan mo`raladim, qo`rquvdan qo`llarim qaltirardi. Nima qilishni bilmay, joyimda o`tirib qoldim. Endi navbat menga keldi, deb o`yladim. Yanglishmagan ekanman. Shkaf eshigi «sharaq» etib ochildi. Dadam menga quturgan hayvon kabi qontalash ko`zlari bilan qaradi. Men hanuz qo`rquv iskanjasida edim. Dadam shkafdan qo`limdan tortib chiqardi va o`sha singlimning «qotili» sim bilan bo`g`a boshladi. Men qimirlash tugul, gapirishga ham tilim kalimaga kelmay qolgandi. Sim bo`ynimni qattiq qisishi bilan o`zimga kela boshladim va og`riq kuchliligidan bo`ynimga tirmashib, simni olib tashlamoqchi bo`ldim. Ammo, sim qattiq va shafqatsiz edi. Dadam menga qaraganida, ko`zidan yosh tomchilagandek bo`ldi. Ko`z oldim xiralashib, nafas olishim qiyinlashdi, zo`rg`a: «Meni o`ldirmang dada!» deya oldim. Bu mening so`ngi iltijoim edi. Bir payt, ha, bir payt ko`zimga oppoq kiyingan, chiroyli farishtalar ko`rina boshladi...

Dadam stress holatdan chiqib, bizga qarab yig`lardi. Endi esa kech, yig`lash ham befoyda. Bizni ortga hech kim qaytara olmaydi.

Bizning o`limimizga sabab otamning rashki. Onam bir yil oldin Turkiyaga ishlagani ketgandi. Dadam onamni rashk qilardi va kuniga telefon orqali urshishardi. Dadamdan juda xafaman. Chunki orzularimni ushaltirishga va'da berib bajarmadilar. Meni eng nufuzli Prezident maktabida, universitetda o`qitmoqchi edilar. Eng zo`r va malakali shifokor bo`lishni orzu qilardim. Sababi amakimning oyog`i yaxshi ishlamasdi, yura olmasdi. Amakimga va'da berganman. Hali katta bo`lsam, sizni o`zim davolayman, deb. Nasib qilmadi. Eh, yovuz dunyo! Shu birgina...

Ha, hech bo`lmasa, amakimning orzusini ushaltirsam edi. Aqalli, bir marta katta bo`lish hissini tuysam edi.

Singlimning ham mendek orzulari bor edi. Biz boshimizga do`ppi kiyib, ro`mol o`rab, bir-birimizga salom berardik. Biz ham kelajakda oq ko`ylak kiyishimiz, malikalarday chiroyli baxtga etishimiz mumkin edi. Oyimning ketgani uchun biz javob berdikmi? Sizning ko`nglingiz taskin topa olarmikan endi? Balki, o`ngingizdamas, tushlaringizga kirib, bezovta qilamizmi?! Sizni bezor qilib, narsa olib bering, deguvchi qizlaringiz yo`q endi. Baribir sizni kechirdim, otajon. Chunki siz bizni shafqatsizlarcha o`ldirguningizcha biron marta xafa qilmagan edingiz, juda yaxshi ko`rardingiz, biz ham sizni yaxshi ko`rardik, hozir ham yaxshi ko`ramiz ota!!!»

Saodat G`aniyeva,
talaba, Buxoro

To Top ↑
To Top ↑