Safarga chiqib mehmonxonada yashaganlar biladi, xonangizni bir kunda bir marta tozalab, ko‘rpa-to‘shagingizni to‘g‘rilab ketishadi. Biz har kuni jamoa bilan ertalabki mashg‘ulotlarga yo‘l olganimizda xonalarimizni tozalashar edi, bugun ertaroq kelishdi. Xonada o‘tirsam ro‘mol o‘ragan, yoshi katta onaxon eshikni taqillatib, "xonani tozalasam bo‘ladimi?", – deb so‘radi. Rosti, o‘zimni juda noqulay his qildim. Chunki biz tengi va bizdan kichikroq yoshdagi farzandlarining xizmatlarini ko‘rib yashashi kerak bo‘lgan onaxon, "xonani tozalasam bo‘ladimi?", – deb so‘rab turishiga doimo to‘qnash kelavermaymiz. Sababi, biz kattalarga xizmat qilib, katta bo‘lganmiz. Xalqimizning qon-qoniga singib ketgan, "o‘zbekchilik" deya nomlanadigan islomiy tarbiya yoshi o‘zimizdan kattalarni, ayniqsa mo‘tabar ayol zotini bizga, kichiklarga xizmat qilishini hazm qila olmaydi. Onaxonga shartmas deb tushuntirishga qancha urinmay, "senga kerak bo‘lmasa ham bu meni vazifam", – deb xonani tozalashga kirishib ketdi. Qisman yordam bergandek bo‘ldim. Ammo baribir asosiy ishni o‘zlari bajardilar.
To‘g‘ri, tirikchilikning aybi yo‘q. Qolaversa, onaxon ro‘molda, ammo baribir hazm qilish qiyin ekan. Qonimizga "o‘zbekchilik" bo‘lib singib ketgan bu islomiy tarbiyadan xursand bo‘ldim. Ilm oling ukalar, ota-onangiz qarigan chog‘ida xizmatda emas, sizni duo qilib, farzandlaringizning, ya’ni nevalarining orasida talash bo‘lib yashasin!
Furqatbek Nishonov